Niqob bizni infeksiyadan qanchalik himoya qila olishi haqidagi savollarga SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Sevara Ubaydullayeva javob berdi.
— Niqob taqish insonni infeksiya yuqtirishdan necha foiz saqlab qola oladi?
— Niqob taqib yurish karantin qoidalarining birinchi talabidir. Agar koronavirusga chalingan va uning tashuvchisi boʻlgan inson niqob taqmasa, u bilan muloqotda boʻlgan inson niqobda boʻlsa infeksiya yuqish ehtimoli 70 foizni tashkil qiladi. Agar koronavirusga chalingan va uning tashuvchisi niqob taqqan boʻlsayu, muloqotda boʻlgan inson niqobsiz boʻlsa, unda virus yuqish ehtimoli 5 foiz hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, avvalo, kasallikka chalingan insonlar niqob taqib yurishlari shart.
Siz men kasal emasman, niqob taqmasam ham boʻladi, deyishga shoshilmang. Boisi kasallikning yashirin davrida alomatlarni sezmasligingiz va uni tarqatuvchi boʻlishingiz mumkin. Shuningdek, sogʻlom odamning niqob taqishi ham virus yuqishi oldini olishini ham unutmang. Sababi agar har ikkala shaxs niqob taqib turgan boʻlsa, virus yuqish ehtimoli atigi 1,5 foizni tashkil etadi. Bu ilmiy jihatdan isbotlangan.
— Koʻpchilik niqobni iyak ustiga tushirib yurishmoqda. Buning qanday zararli tomonlari bor?
— Agar siz ovqatlanayotgan yoki niqobni yechib qoʻyishni taqozo etadigan boshqa amaliyotni bajarayotgan boʻlsangiz uni iyagingizga tushirib qoʻyishdan koʻra, butkul yechib qoʻyganingiz maʼqul. Sababi iyak usti kishining ochiq aʼzosi boʻlib, turli virus va infeksiyalar yopishgan boʻlishi mumkin. Niqobni iyagingizga tushirsangiz, uning ichki qismiga viruslar oʻrnashib oladi. Uni ogʻiz burningizga olib borganda esa, zararlanishingiz ehtimoli ortadi. Shu bois, niqobni bunday hollarda yechib qoʻyish tavsiya etiladi.
Savol -javobni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib borgan.