Xalqimiz azaldan tabiatni asrab-avaylagan. Tuproq, suv, havo va ostonasini pok saqlashga intilgan. “Birni kessang, oʻnni ek”, degan maqol ham bejizga aytilmagan. Oilada yangi farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan. Afsuski, mana shu ezgu odatlar bugun biroz unutilayotgandek. Aslida avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun tabiatga mehr va eʼtibor berishimiz, u bilan uygʻun boʻlib yashashimiz shart.

Joriy yilning 2-fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida tabiatga nisabatan boʻlayotgan ayovsiz munosabat va u keltirib chiqarayotgan ekologik vaziyat atroflicha tahlil qilindi. Shu bilan birga, chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha 2022-yildagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Xususan, 1-martdan boshlab butun mamlakat boʻylab “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanishi eʼlon qilindi.

Darhaqiqat, shahar va tumanlarimiz markazi faqatgina baland imoratlari bilan emas, oʻziga xos yashil tabiati, manzarasi bilan ham goʻzal boʻlishi kerak. Ekayotgan daraxtlarimiz ham ertangi avlodga qoldiradigan meroslarimizdan biridir. Namanganliklar azaldan bogʻu gulzorlar yaratish ishtiyoqi bilan yashaydi. Gullar shahri deya atalmish bu diyorda toʻrt faslda ham yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlganlar yoʻl boʻylarini, boʻsh maydonlarni, turizm obyektlarini, koʻp qavatli uylar atrofini, tomorqalaru istirohat maskanlarini alvon chechaklarga burkash, gul urugʻlarini sochish, mevali va manzarali daraxtlarni koʻpaytirish bilan band. Ular bunday ishlarning hadisini olishgan. Shuning uchunmi, koʻp yillik tajribalariga tayanib, “Yashil makon” loyihasining birinchi bosqichini jadallik bilan sifatli amalga oshirishdi.

Viloyatimiz koʻrkiga koʻrk qoʻshadigan umummilliy loyihaga muvofiq, Namangan hududida 2021-yil kuz va 2022-yil bahor mavsumida 15 million 397 tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlari va qalamchalari ekish, bundan 2021-yil yakuniga qadar 5 million 774 ming tup, 2022-yil bahor oyida esa 9 million 623 ming tup oʻtqazilishi koʻzda tutilgandi. Viloyat boʻylab “Dolzarb qirq kunlik”da jami 7 million 140 ming tup daraxt koʻchati ekildi. Demak, Namangan 7 million daraxtga boyidi. Unga koʻklamda yana 9 milliondan ziyod darxt qoʻshiladi.

Koʻchadagi koʻchatlarga hovlimizdagidek mehr bilan qarab, parvarish qilsak, osmonga boʻy choʻzadi. Kelgusida soyasida oʻtirib, dam olamiz. Uyimiz va ekinlarimizni shamoldan himoyalaydi, chang-toʻzonni yutadi. Xalqimizda otalarning farzandiga atab daraxt ekishdek ajoyib anʼanasi qadriyat darajasiga koʻtarilib, avloddan-avlodga oʻtadi.

Muqaddas kitobimiz – Qurʼoni karimning ikki yuz ellik oyatida tabiat, uni asrab-avaylash mavzulari zikr etilgani islomda bu masalaga qanchalik katta eʼtibor qaratilganini anglatadi. Butun yer yuzini Alloh taolo insonlar uchun maskan qilib berganiga shukur qilishimiz kerak. Dehqonchilik va bogʻdorchilik ishlariga targʻib qiluvchi muborak hadisi shariflar ham mavjud. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmon bir koʻchat eksa yoki biror-bir ziroat qilsa, undan qushmi, insonmi, hayvonmi yesa, albatta, uning uchun bundan sadaqa hosil boʻladi”, deganlar. Demak, barchamiz oʻzimiz yashab turgan hovlilarimizga, mahallalarimizga daraxt va gul koʻchatlarini eksak, undan kimdir manfaat olsa, bundan bizga savob yetishini, beqiyos fazilatini tushunib saʼy-harakat qilishimiz lozim.

Yana bir hadisi sharifda yozilishicha: “Ekilgan har bir daraxtning aytayotgan tasbehi oʻsha daraxtni ekkan kishining nomai aʼmoliga yoziladi”. Boshqa muqaddas manbada oʻtqazilgan koʻchatlar egasi nafaqat tirikligida, balki vafotidan keyin ham unga muttasil manfaat yetkazib turishi, mabodo oʻsha daraxt boshqaning mulkiga aylangan taqdirda ham sohibining haqqiga savob yozilaverishi qayd etilgan.

Rivoyat qilinishicha, bir odam yoshi ulugʻ sahobiy Abu Dardo roziyallohu anhu yongʻoq daraxti koʻchatini ekayotganliklarini koʻrib: “Ey muhtaram zot, qarib, ulugʻ yoshga kirgan boʻlsangiz ham koʻchat ekasizmi, axir bu yongʻoq falon yildan soʻng mevaga kiradi-ku?” debdi. Abu Dardo roziyallohu anhu bunga javoban: “Menga savobi yetsa boʻldi. Mevasini boshqalar isteʼmol qilaversin”, degan ekanlar.

Ha, dov-daraxtlarning foydali jihatlari bisyor. Havodagi karbonat angidrid gazini kislorodga aylantirib beradi. Oftobdan panalaydi. Shamol yoʻliga toʻsiq boʻlib, yer osti suvlarini ildizi bilan tortib olib, barglari orqali moʻtadil havo muhitini taʼminlaydi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda keng quloch yozgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining ilk bosqichida Namangan tumanining “Yetti buloq” istirohat bogʻida viloyatdagi diniy soha vakillari, ulamolar, nuroniylar hamda “Hidoya” oʻrta maxsus islom bilim yurti talabalari ishtirokida manzarali va mevali daraxtlar koʻchati ekilib, “Maʼrifat bogʻi” tashkil etildi. Bogʻning bardavom boʻlishini Yaratgandan soʻrab, jonliq soʻyilib, ulamolar tomonidan duo-fotihalar oʻqildi. “Maʼrifat bogʻi”ga 2 ming tup mevali hamda manzarali nihol oʻtqazildi. Bu xayrli ishlarga bosh boʻlish uchun nuroniylar, “Keksalar maslahati” guruhlari aʼzolari jalb etilgan. Ularning tashabbus va duolari esa yurtimizga baraka yogʻdirsa, ajab emas.

Tanqidiy-tahliliy ruhda kechgan yuqoridagi videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari “Bugun koʻchaga yoki istalgan joyga qarang. Hamma joyda odamlar tashlab ketgan chiqindilarni koʻrasiz. Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Agar shu yurt, shu tuproq biz uchun muqaddas boʻlsa, nima uchun uni toza-ozoda saqlamaymiz? Albatta, bunday muammolarni faqat maʼmuriy yoʻl bilan hal etib boʻlmaydi. Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. Mahallada, koʻchalarda chiqindi tashlagan kishini koʻrganda “Bu ishingiz notoʻgʻri boʻldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarimizni bunga oʻrgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir” deya asosiy eʼtiborni shaxsiy masʼuliyatga qaratdi.

Zero, suvi va tuprogʻi zar yurtimizga yashillik, bogʻ-rogʻ va oʻrmonlar yarashadi. Ajdodlarimiz “tayoq qadasa koʻkaradigan” ona yerimizda daraxtzorlarni koʻpaytirishdek savobli amallarga jiddiy ahamiyat berishgan. Azmu shijoati yuqori namanganliklar xayrli ishning birinchi bosqichini muvaffaqiyatli uddaladilar. Yaratilajak bogʻlar va “yashil maydon”larning oldi yaqin ikki-uch yil ichida boʻy koʻrsatadi. Chunki niyat xolis, amal ezgu, ishtiyoq baland.

Abdulhay TURSUNOV,

Oʻzbekiston Musulmonlari idorasining

Namangandagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi.