Niyatlarim ro'yobga chiqqan kun

    Buxoro viloyatining eng chekka hududi hisoblangan Qorakoʻl tumanida dunyoga kelganman. Dargʻali qishlogʻining yozda chang, qishda loy koʻchalarida oʻtgan bolaligimni eslasam, koʻz oʻngimga bobom keladi. U kishi bir umr qishlogʻimizga ichimlik suv kelishini, koʻchalarimiz obod boʻlishini orzu qilardi. Men esa hali katta boʻlsam, oʻqimishli odam boʻlaman, derdim.

    Oʻshanda men qishlogʻimizga gaz, suv keltiraman, chiroqsiz yoʻllarga simyogʻochlar oʻrnatib, hamma yoqni yorugʻ qilsam, bobom va qishloq odamlari xursand boʻladi, meni maqtaydi, deb xayol surardim. Onam bolalik xayollarimni buzib, “Agar hozirdanoq oʻqimasang, hech kim boʻlmaysan. Oʻqi, tezroq odam boʻl”, derdi.

    Prezidentimizning saʼy-harakati bilan mening bolalik orzularimga qoʻshilib, butun qorakoʻlliklarning ham asriy niyati amalga oshdi. Tumanimizga ichimlik suv keldi. Koʻchalarimiz yorugʻ va obod boʻldi. Nega men kuni kecha olgan mukofotim haqida emas, qishlogʻim va uning odamlari haqida aytyapman? Chunki bolalikdagi orzularim, yuragimdagi niyatlarim ham Prezidentimiz tufayli roʻyobga chiqdi.

    Hozir hayajondan soʻzlarim ­chalka­sh­­­ya­pti. Axir men “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandim. Buning qanchalar zavqli, shavqli ekanini taʼriflashga ojizman. Yutuqlar shunchaki qoʻlga kiritilmaydi. Buning uchun koʻp oʻrganish, oʻqish kerak. Bolaligimdan matematika faniga qiziqishim kuchli edi. 2016-yili Qorakoʻl tumanidagi xalqaro matematika maktabiga qabul qilindim. U yerda ustozlarim mendan bilimini ayamadi. Ular bergan taʼlim-tarbiya sabab ongu shuurim yanada yorishib, bilimim ortdi.

    Oʻqish davomida matematika fanidan respublika va xalqaro miqyosdagi olimpiadalarda ishtirok etdim. Oʻtgan yili juda koʻplab yutuqlarga erishdim. Jumladan, 8-12-yanvar kunlari Qozogʻistonda oʻtkazilgan Jautikov xalqaro onlayn olimpiadasida qatnashib, bronza medalni, Indoneziyada boʻlib oʻtgan xalqaro olimpiadada yakka tartibda va jamoaviy kumush medallarni qoʻlga kiritdim. Shuningdek, Eronda tashkil etilgan geometriya onlayn olimpiadasida kumush medal sohibi boʻldim. Bu yil fevralda Jautikov xalqaro onlayn olimpiadasida kumush medalga sazovor boʻlgandim. Endigi maqsadim — shu yilning 8-16-iyul kunlari Norvegiyada matematika fanidan oʻtkaziladigan xalqaro olimpiadada bayrogʻimizni baland koʻtarib, yurtimiz yoshlari hech kimdan kam emasligini butun dunyoga yana bir bor namoyon etish!

    Arzimas yutuqlarim yuksak baholanib, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotiga munosib koʻrilganim hayotimdagi xursandliklarning ajoyib debochasi boʻldi. Bu mukofot menga ishonch bagʻishladi. Zimmamga masʼuliyat yukladi. Yoshlar kunida men kabi mukofotlangan, qalbi shodlikka, quchogʻi gulga toʻlgan baxtiyor tengqurlarim nomidan davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Mukofotning zalvorini yurakdan his qilgan holda, yurtimiz sharafini oʻz bilimim, kuch-gʻayratim bilan yanada oshirishga harakat qilaman.

    Lazizbek RAJABBOYEV,

    Qorakoʻl tumanidagi xalqaro matematika maktabi oʻquvchisi,

    “Mard gʻlon” davlat mukofoti sohibi