Orzularga qanot bo‘lgan javob maktublari

    Bolalarning davlatimiz rahbariga yo‘llagan maktubi javobsiz qolmadi. Javob xatlari o‘z manzillariga yetib bordi.

    Bolalar ertangi kun umidi, avlod davomchilari, kelajagimiz vorislari. Ularga mehr, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish xalqimizga xos ezgu fazilat. Ayniqsa, betob bolalar holidan xabar olish, ota-onalariga umid bag‘ishlash, shifo topib, sog‘lom hayotga qaytishi uchun zarur barcha shart-sharoitni yaratishga bugun davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimizning poytaxtimizdagi Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida muolaja olayotgan bolalar bilan bir necha bor uchrashuvi, ularning orzuistaklari ro‘yobi yo‘lida bor imkoniyatni safarbar etishi kabi ezgu amallarda ham bu namoyon bo‘lmoqda.

    Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan va markazdagi “Mehrli maktab”da ta’lim olayotgan bolalar Prezidentimizga maktub yo‘llagan, unda o‘zlarining qiziqishlari, orzu-intilishlari haqida yozgandi. Davlatimiz rahbari shu yilning 17 iyun kuni ushbu markazga tashrif buyurganida u yerda davolanayotgan bolalarning maktublarini olgan, “Hammasini o‘qib, albatta, javob yozaman”, degan edi.

    Bolalarning davlatimiz rahbariga yo‘llagan maktubi javobsiz qolmadi. Javob xatlari o‘z manzillariga yetib bordi.

    Har bir bolaga alohida umid, har birining orzu-istaklari qo‘llab-quvvatlangan, ularga dalda berilgan bu javob nomalari xastalik horitgan ko‘ngillarga quvonch, mamnunlik bag‘ishladi. Orzular ushaldi, niyatlar ro‘yobga chiqdi. Sog‘ayishga, yashashga ishonch ortdi.

    Markazda O‘zbekiston Respublikasi P rezidentining maslahatchisi A. Abduvohidov bolalarga davlatimiz rahbarining javob maktublarini hamda sovg‘a-salomlarini topshirdi.

    — “Mehrli maktab”da o‘qituvchimiz Prezidentimizga maktub yozishim mumkinligini aytganida hayron bo‘ldim. Prezidentga xat yozish mumkinmi? Ha, mumkin. Men Prezidentimizga barcha orzularim haqida aytaman, deya xat yozdim. Unda katta bo‘lganimda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi bo‘lishni istashimni, yo‘llarda tartibni saqlash, falokatlarning oldini olish, yo‘l harakati qoidalariga amal qilinishiga hissa qo‘shishimni bitdim, — deydi Diyorbek Abduqosimov. — Yo‘lda ketayotganimda bu soha xodimini ko‘rib, juda havas qilganman. Ularga o‘xshash orzuim ekanini yozib, yo‘l harakati xizmati xodimining rasmini ham chizdim. Prezidentimiz maktubimni olishini bilardim. U kishi bugun menga javob xatida tezroq sog‘ayishimni istashini aytibdi. Menga elektr samokat, futbol bilan shug‘ullanishim uchun koptok va boshqa sport anjomlari yuboribdi. Futbol koptogiga chempion akalarim dastxat qo‘yib berdi. Menga yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi kiyimi va guvohnomasi berildi. Men endi shu soha xodimiman, ishga qabul qilindim.

    Chindan ham Diyorbek O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining faxriy a’zoligiga qabul qilindi hamda unga “Yo‘l posboni” guvohnomasi topshirildi.

    Gematologik va onkologik kasalliklar bilan uzoq muddat davomida stasionar sharoitda davolanayotgan bolalarga kafolatlangan maktabgacha ta’lim-tarbiya hamda umumiy o‘rta ta’lim berish maqsadida “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasi tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Shu yil 16 may kunidan boshlab faoliyat yuritayotgan “Mehrli maktab”ning asosiy vazifalaridan biri — bolalarni hayotga ijtimoiy moslashishiga, ularning maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablarida ta’limni davom ettirishiga ko‘maklashish. Muassasadagi “Mehrli maktab pochtasi”da bolalar yaqinlariga maktub yo‘llashi, orzu-umidlari, ko‘ngil kechinmalari haqida bayon qilishi mumkin. Bolalarning aksariyati Prezidentga xat yozishni istaydi. Nomalarda ko‘plab murg‘ak yuraklarning orzu-umidlari bayon etiladi. Bu ko‘ngillarga tasalli beradi.

    — Prezidentimizga yozgan xatimda velosipedim bo‘lishini orzu qilishim haqida yozgandim, — deydi Saidakbar Hamidullayev. — U kishi maktubimni o‘qib, menga javob yozibdi va hatto velosiped ham yuboribdi. Bu meni juda quvontirdi, ruhimni ko‘tardi. Endi sog‘ayib ketishimga ishonchim yanada oshdi.

    E’tibor va g‘amxo‘rlik inson qalbiga tayanchdir. Ayniqsa, bemor bolalar, farzandining ertasidan xavotir va hadik bilan yashayotgan ota-onalar ko‘ngliga quvvat bag‘ishlash, ularning dardiga malham bo‘lish, muammosiga chora topishga ko‘maklashish — insoniylikning oliy ko‘rinishi. Mamlakatimizda bu yo‘nalishda olib borilayotgan sa’y-harakatlar ham inson qadrini ulug‘lashga asoslangan. Buni shifoxonadagi har bir bola va ota-ona minnatdorligida ko‘rish mumkin.

    — O‘g‘lim Xushnudbek 12 yoshda, — deydi Mohira Tursunova. — Qon kasalligining og‘ir turiga chalingan. Bu yerga kelganimizda juda tushkun kayfiyatda edik. Bolam salkam ikki oydan buyon davolanyapti. Shifoxonada barcha shart-sharoit yaratilgan, shifokorlar mas’uliyat bilan qarayapti, dori-darmon bepul, yetarli. O‘g‘limning hozir ahvoli yaxshi. “Mehrli maktab”ga qatnayapti. U yerda o‘qish elektronlashtirilgan. Bolam juda mamnun bo‘lib Prezidentimizga xat yozdi. Unda tezroq sog‘ayishni istashini, katta bo‘lganida shifokor bo‘lib, hamma bemorlarni davolashini, hozir dars qilishi uchun planshet kerakligini bitdi. Prezidentimiz yaqinda shifoxonaga tashrif buyurib, barcha bolalar qatori o‘g‘limga ham planshet sovg‘a qilganida boshi osmonga yetdi. Yozgan xatiga javob maktubi va boshqa sovg‘a-salomlar bugun qaddimizni yanayam ko‘tardi. Barchasi uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz.

    Prezidentimizning maktublarini topshirishga bag‘ishlangan tadbirda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutiga 2023/2024 - o‘quv yilidan e’tiboran davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi xushxabari yetkazilganida bemor Dilzoda Saidxo‘jayevaning ko‘zida quvonch yoshlari porladi. Chunki u bolaligidan dizayner bo‘lishni orzu qilgan, doim liboslarning yangidanyangi nusxalarini yaratish bo‘yicha izlanayotgan edi. To‘satdan yo‘liqqan bu xastalik orzulari osmon qizni gangitib qo‘ydi. Avvaliga hayotga qiziqishini yo‘qotib qo‘ygan Dilzodaga “Mehrli maktab”ning malakali psixolog va o‘qituvchilari ko‘mak bera boshladi. Barcha orzulariga erishish mumkinligi tushuntirildi. Asta-sekin unda ertangi kunga umid uyg‘ondi. Salomatligi ham tiklana bordi. Hozir ahvoli yaxshi. Prezidentimizga maktubida tezroq tuzalib, shifoxonadan chiqish, dizayner bo‘lish eng katta orzusi ekani, shu yo‘nalishda ta’lim olishni istashini yozdi. Unga shu orzusi ro‘yobi taqdim etildi. Dilzoda endi talaba!

    Bugun yurtimizda bolalar salomatligi va kamoli uchun barcha imkoniyat safarbar etilgan. Ayniqsa, og‘ir xastalikka chalingan o‘g‘il-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik ularning shifo topib, sog‘lom hayotga, oilasi, yaqinlari bag‘riga qaytishi, ertaga yurt koriga yaraydigan farzandlar bo‘lib voyaga yetishida muhim omildir.

    — “Mehrli maktab” bolalarimiz hayotida yangilik bo‘ldi, — deydi ta’lim muassasasi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Dilfuza Tursunova. — Bu dargoh xasta bolalarga davlatimiz ko‘rsatayotgan mehr, e’tibor va g‘amxo‘rlikning yaqqol ifodasi. “Mehrli maktab” orqali bolalarimizning orzu-havasi ro‘yobga chiqyapti. Ularning davlatimiz rahbariga yozgan birorta maktubi e’tiborsiz qoldirilmadi. Bugun nomalarga javob maktublari keldi. Bolalarning orzulari ushalmoqda. Farzandlarimiz kelgusi hayoti uchun o‘z oldiga katta-katta maqsadlar qo‘ymoqda. Tadbirda o‘quvchilarning quvonchi va ota-onalar minnatdorligi bizning qalbimizni ham qalqitdi. Chunki bu bolalar bizning ham farzandimiz.

    Joylarda ham muolajaning muayyan bosqichini o‘tab, uyiga qaytgan bolalarga davlatimiz rahbarining maktubi hamda sovg‘a-salomlari tantanali topshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar zamirida ertangi kunimiz davomchilari bo‘lgan bolalarning shifo topib, to‘laqonli hayot tarziga qaytishidek olijanob maqsad mujassam.

    Risolat MADIYEVA,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri