Qaygʻu va shodlik orasidagi masofa

    Jurnalist xalqi xohlasa, bir sahifalik maqolani bir soatda koʻngildagidek yozib tashlashi, baʼzan uch qogʻozlik maqolani haftalab ham yoza olmasligi mumkin. Fargʻonalik Hamidaxon bilan suhbatimizdan soʻng menda ham shunday holat yuz berdi.

    Hamidaxon Abdullayeva endigina 31 yoshda. Uning turmushga chiqqanidan keyingi yoshligi va baxtini oʻgʻirlagan ayanchli taqdir, ijara uylarda kechgan mashaqqatli yillari, turmush oʻrtogʻining ogʻir xastalik tufayli erta vafoti, boshpanasizlikdan xorijga ish izlab ketishi, yoʻliga koʻz tikib qolgan farzandlarining mungli nigohiyu hech kutilmaganda hayotiga kirib kelgan yangi zamon nafasi qurshovidagi keng imkoniyat va yorugʻ kunlar quvonchi haqida yozishning salmogʻi men uchun ogʻir boʻldi. Murakkab taqdir va achchiq qismatni qogʻozda aks ettirish anchayin qiyin kechdi.

    “Bolam, uyga qayt, sen uchun yangi uy qurilyapti”

    — Oʻz boshpanam boʻlishini va u yerda ­oilam bilan bahamjihat yashashni orzu qilganman. Hayotimning deyarli 10-yili ijara uylarda oʻtdi. 2023-yil oxirida Qoʻshtepa tuman hokimligi tashabbusi va yordami bilan chogʻroqqina hovli qurib berildi. Men bu vaqtda xorijda ogʻir mehnat qilib yurgandim. Onam qoʻngʻiroq qilib, “Bolam, uyga qayt, sen va bolalaring uchun yangi uy qurilyapti”, deganida, toʻgʻrisi, ishonmadim. Yurtimga qaytib, yangi va shinam hovliga kirib kelar ekanman, boʻgʻzimga nimadir tiqilib, yigʻlab yubordim. Axir sira kutmagandim, ishonmagandim-da. Yangi yilni ilk bora farzandlarim va yaqinlarim bilan oʻz uyimda kutib oldim. Bu tushimmi, oʻngimmi, haliyam ishongim kelmaydi. Turmushda va ishda men kabi qiynalib qolgan ayollar uchun beminnat yordam berayotgan, roʻshnolik ulashayotgan, jamiki ezguliklar boshida turgan Prezidentimizning bu gʻamxoʻrligi hayotga boʻlgan muhabbatimni oshirdi, jamiyatda oʻrnim borligini eslatdi, demak, men baxtliman.

    Farovon yashash kafolati

    Har bir koʻrgulikning ajri bor, degan soʻzlar bejiz aytilmagan. Chindan ham oʻz uyiga ega boʻlgan inson xotirjam yashaydi, ishida unum, roʻzgʻorida baraka boʻladi. “Oʻz uying — oʻlan toʻshaging” degan xalq maqoli ham bejiz aytilmagan. Chogʻroqqina boʻlsa-da, oʻz uyida erkin yashab, halol rizqini oilasi davrasida huzur bilan baham koʻrayotganlar, aslida, dunyodagi eng baxtiyor odamlardir. Boshpanasi yoʻq, ijarada yashayotgan kishilarning esa yeganida huzur, uyqusida halovat boʻlmaydi, ichki bezovtalikda yuradi.

    — Mamlakatimizda davlat tomonidan xotin-qizlarning yashash sharoitini yaxshilash, uy-joy bilan taʼminlash, ishsizlarni kasb-hunarga oʻqitish, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasida qator imkoniyatlar berilmoqdaki, bu ularning tinch va farovon yashashiga muhim bir kafolatdir, — deydi Qoʻshtepa tumani hokimi oʻrinbosari, oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Maryamxon Yoʻldosheva. — Prezidentimiz tashabbusi bilan “Ayollar daftari” tashkil etilgani esa, aslida, Hamidaxon kabi ishsiz, boshpanasiz, himoyaga muhtoj ayollarga nurli va yorqin bir yoʻl boʻladi. Mahallaning oʻrganishlari va tuman hokimligining saʼy-harakati bilan Hamida Abdullayeva 2023-yilning boshida “Ayollar daftari”ga kiritildi. Ammo mazkur daftarning mablagʻi sarflanmagan holda, 4-sektor va homiylar yordamida otasi tomorqasidan ajratilgan bir sotixli yerda 65 million soʻmlik mablagʻ evaziga hovli-joy qurilib, Hamidaxon va ikki nafar voyaga yetmagan farzandi uchun topshirildi. Aslida, bu yurtimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitu imkoniyatlarning bir koʻrinishi, xolos.

    Hamidaxonning oʻzga yurtlarda tortgan azobiyu nam, yomgʻirli kunlarda kartoshka-sabzi terganlari, ayol boshi bilan 40 kilolik qoplarni koʻtarib, ulkan mashinalarga ortgani, uy olish niyatida bir soʻm boʻlsa ham jamgʻarib, och-nahor yurganlari haqidagi hikoyalarini tinglar ekanman, baʼzi bir xorijda ishlayman, deb yengil hayotni kasb qilib olgan qizlarga Hamidaning achchiq qismatini uning tilidan, bir soʻz qoʻshmay bayon qilishni ixtiyor etdim...

    “Baxtga choʻmdim, ammo toʻymadim”

    — Bolaligim boshqa bolalarnikidek shoʻx-shodon, oʻyin-kulgu bilan oʻtmagan, — deydi Hamidaxon. — Oilada uch farzandmiz. Dadam ertalabdan kechgacha dalada ishlasa-da, juda kam maosh olardi. Onam esa yarim tungacha, baʼzan tonggacha xira chiroq yogʻdusida kuymalanib, kir-chirlarimizni yuvar va yamardi. Kunduz kunlari roʻzgʻor yumushlarini saranjomlab, odamlarning uyiga borib xizmat qilardi. Bolaligimda ham, ulgʻayib katta boʻlganimda ham hech qachon ortiqcha pulimiz boʻlmagan. Oʻzimga, ukam va singlimga xohlagan narsani sotib olib berishga qurbimiz yetmagan. Oʻtgan kunlarimni eslasam, yuragim oʻrtanib, bagʻrim ezilib ketaveradi. Nolishni yoqtirmayman, lekin boy boʻlmasak-da, toʻkin yashashni istardim. Maktabni tugatganimdan soʻng oʻqishni davom ettira olmadim, turmushga chiqsam, baxtli boʻlib, toʻkin yasharman, degan umidda ota-onamning izmi bilan oila qurdim. Yana moddiy qiyinchiliklar ichida oʻralashib qoldim. Oʻgʻillarim tugʻilganidan soʻng oilamizda quyosh charaqlab, baxtga choʻmgandek boʻldim, lekin bu baxtga toʻymadim. Ishlay desak ish, alohida hovli qurib chiqib ketishga mablagʻimiz yoʻq edi. Kattalarning xohishi bilan uydan chiqib ketdik. Na tayinli ishimiz, na boshpanamiz bor. Ijara pulini toʻlashga qurbimiz yetmay qolgani bois, noilojlikdan dalada chayla qurib yashagan kunlarimiz ham koʻp boʻldi. Turmush oʻrtogʻim yozning jaziramasiyu qishning ayozli kunlarida birovlarning uyida ishlardi. 2018-yili ogʻir mehnat tufaylimi yoki iztirobli oʻylar iskanjasidanmi jigar sirrozi degan ogʻir dardga chalindi, umri qisqa ekan, hayotdan erta ketdi. Men esa 2 bolam bilan chirqillab qolaverdim. Erimning maʼrakalari oʻtgach, qaynota-qaynonamning darvozasi biz uchun mahkam yopildi. Farzandlarimni bagʻrimga bosgancha ota uyimga qaytib keldim.

    Xalqimiz “Chiqqan qiz chigʻiriqdan nari”, degan gapni bejiz aytmagan. Ahvolimni koʻrib, shunday ham zoʻrgʻa kun koʻrayotgan kasalmand ota-onamning bir dardi oʻnta boʻladi. Men esa gunohkorday boshimni egib jim yuraverdim. Odamlarning uyida, oshxonalarda idish-tovoq yuvdim, ammo birim ikki boʻlmas, buning ustiga ninaning ustida yashaganday qoʻrqib yashardim. Menga qarab, bechora onam toʻkilib ketayotganday ­tuyulardi. Yillarim shu zayilda oʻtdi. 2023-yilning boshida Xalqobod mahallasidan kelgan faollar meni “Ayollar daftari”ga roʻyxatga oldi, uy-joyga muhtoj, deya qayd etdi. Hammasi soxta, koʻzboʻyamachilik, deb oʻyladim va hatto Rossiyaga yoʻlkirani ham qarz olib, ishlash uchun ketdim...

    Ha, Hamida koʻzini yumdiyu koʻksiga bir parcha muzni bosib, ishlash uchun oʻzga yurtlarga bosh olib ketdi. Oʻzini ota-onasi va farzandlari oldida qanchalik bardam koʻrsatmasin, vaqt oʻtgan sari yurt sogʻinchi, onasining gʻamgin nigohi, oʻgʻillarining mungli chehrasi bir zum boʻlsa ham xayolidan ketmadi. Aslida, hayotining deyarli oʻn yilida u yordam soʻrab bormagan idora yo tashkilot qolmagandi...

    Chetda pul topaman, uy olaman, degan xomxayollar uning yoshgina boshiga koʻp savdolar soldi. Biroq bugun uning tolei yorugʻ, oʻziga ishonchi baland. Murgʻak goʻdaklarining “Ayajon, qachon bizning oʻz uyimiz boʻladi, qachon yangi uyda yashaymiz?”, degan savollari ortda qoldi. Mamlakatimizda kechayotgan yangilanish va oʻzgarishlarning erkin shabadasi uning ham peshanasiga fayzli boshpana nasib qilgani rost.

    Chumolining ham ini buzilmasin

    Buvim rahmatli bu maqolni koʻp eslardi. Men esa bola tasavvurim bilan buning magʻzini koʻp ham tushunavermasdim. Aynan shu maqolani yozish jarayonida noilojlik va imkonsizlik soʻzlarining maʼnosini chuqur anglaganday boʻldim. Buni boshidan oʻtkazgan odamgina yaxshi biladi va tushunadi. Hamidaxonning ota-onasi ham taqdir hukmi oldida birday ilojsiz va imkonsiz edi. Xorijga ishlashga “ketma” deyishsa qoʻllarining kaltaligi, roʻzgʻorda oʻgʻli, kelini va yana boshqa nevaralari ham borligi, “boraver” deyishga koʻngillari yoʻl bermasdi. “Qizim, turmushga chiqsa, baxti butun boʻladi, bagʻrimizga bir oz boʻlsa-da, shamol tegadi”, deya ming bitta umid bilan turmushga uzatgan ota-onaning, aslida, bir olam ezgu niyatlari bor edi. Roʻzgʻorning gʻorini toʻldirish va uch farzandni kamolga yetkazish uchun ular yillar davomida yelkama-yelka mehnat qilgan. Ammo soʻnggi yillarda Hamidaning onasi ham, ukasi ham surunkali kasallik orttirib olgach, oilaning tashvishi yanada koʻpayadi. 2023-yil ular uchun omadli keldi. Negaki, “Ayollar daftari”ning uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar toifasiga kiritilgan qizlari boshpanali boʻlgach, ota-ona qaddi bir oz koʻtarildi.

    Qissadan hissa

    Ha, davlatimiz siyosati Hamida kabi koʻplab xotin-qizlarning hayotiga yorugʻlik olib kirdi va ertangi kuniga ishonchni mustahkamladi. Bugungi Hamida kechagi jabrdiyda emas. Baxtiyor, hayotidan mamnun. Mahalla faoli Shohista opaning aytishicha, yaqinda katta bir tikuvchilik sexining mohir tikuvchisiga aylanishiga koʻmak beriladi. Eng asosiysi, u endi oʻz uyiga ega. Farzandlarining kamolini koʻrib, diydoriga toʻyib, kuch olib yashash oʻzbek ayoli uchun eng oliy baxt.

    Maqolamizni Prezidentimizning “Agar xalqimiz bizdan rozi boʻlishini xohlasak, avvalo, moʻtabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratishimiz kerak. Ona rozi boʻlsa, oila rozi boʻladi, oila rozi boʻlsa, jamiyat rozi boʻladi”, degan hayotbaxsh soʻzlari bilan muxtasar qilishni maʼqul koʻrdik.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri