Taqdirimdan xavotir oladigan mehribon Prezidentim bor!

    Gazetamizning 2021-yil 29-iyundagi sonida Baxtli qizning hikoyasi: “Prezident menga umid berdi, yangi hayot, buyuk baxt ulashdi" sarlavhali maqola chop etilgandi. Maqolada toshkentlik qiz Aziza Samigʻovaga Prezidentimiz yangi uy sovgʻa qilgani va bu uyga koʻchib oʻtish lavhalari, koʻmakka muhtoj oilaning baxtiyor kunlari manzarasi, minnatdorlik soʻzlari oʻrin olgan edi.

    Katta islohotlar jarayonidamiz. Tahririyatda ham har kuni ish qaynaydi. Chopa-chop, yugur-yugur. Baʼzan jamiyatdagi voqea-hodisalar, yangilanishlar surʼati jurnalistlarni ham shoshirib qoʻyayotgani bor gap. Yangi Oʻzbekistonda, har bir yurtdoshimiz hayotida boʻlayotgan yaxshiliklarni esa hammamiz koʻrib, his qilib turibmiz. Shunday kunlarning birida tahririyatimizga Aziza ismli qiz telefon qildi. “men oʻsha, oʻtgan yili Prezidentimiz uy sovgʻa qilgan qiz — Azizaman. mana shu uyda onam bilan baxtiyor yashayotganimizga ham bir yil boʻldi. Bugun hayotimiz tubdan oʻzgargan. Katta ishlarni boshlaganmiz. Lekin Prezidentdan uy va maktub olganim bir zum boʻlsa-da, yodimdan chiqqani yoʻq. Shundan buyon oʻtgan bir yilda erishgan yutuqlarimiz va hozir ham soʻnmagan hayajonimni sizlar bilan boʻlishmoqchi edim”, dedi. U bizni uyiga, davlat rahbarining qoʻllab-quvvatlovi bilan tashkil etilgan ishxonasiga mehmonga chaqirdi. Albatta, biz bu taklifdan xursand boʻldik va belgilangan kunda Azizaning uyida edik...

    Hayotiy hikoya

    — “Taqdirning har bir sinovida, albatta, hikmat bor. Hayot qiyinchiliklari insonni yanada kuchli qiladi. Shubhasiz, bu sinovli kunlar ham oʻtmishga aylanadi. Shuni bilingki, siz hech qachon yolgʻiz emassiz. Sizning timsolingizda barcha shijoatli oʻgʻil-qizlarimizning maqsadlari amalga oshishi uchun doimo yordam qoʻlini choʻzamiz. Prezidentimizning bu soʻzlari, mana, bir yildirki, nafaqat quloqlarim ostida jaranglab menga kuch, shijoat va ragʻbat beradi, balki orzularimga qanot, ishimga unum, koʻnglimga halovat va taskin bagʻishlaydi. Ilgari “Otasiz oʻsdim, suyanchim yoʻq, shuning uchun hayot zarbalariga uchrayapman”, deya oʻkinardim. Endi “Myening mehribon, jonkuyar, taqdirimdan xavotir oladigan Prezidentim bor. Nafaqat mening, barcha Oʻzbekiston yoshlarining suyanchi, ishonchi boʻlgan davlatimiz rahbari va uning oqil, odil siyosati bor”, deb suyunaman. Boshpanasiz edim, uyli boʻldim, jamiyatda oʻz oʻrnimni topdim. Buni bir soʻz bilan aytib berishim ancha qiyin...

    Maqolamiz qahramoni Aziza Samigʻovaning soʻzlarini tinglar ekanmiz, Prezidentimizning “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosidagi islohoti hayotimiz va faoliyatimiz mezoniga aylanganiga yana bir bor amin boʻlamiz. Yangi Oʻzbekistonimizda soʻnggi yillarda yuritilayotgan insonparvarlik siyosatining dunyo hamjamiyatida eʼtirof etilayotgani nafaqat Aziza singari yoshlarimizni, balki barchamizni birday quvontirib, yashashga ragʻbat beradi.

    Yangihayot tumanida onasi bilan yashayotgan Azizaning bolaligidan boshlab boshpanasiz, ilojsiz, imkonsiz oʻtgan yillari hikoyasini jon qulogʻimiz bilan berilib eshitar ekanmiz, yoshgina qizning mushtdekkina yuragida katta jasorat borligini, hayotning zalvorli va mashaqqatli yukini oʻz yelkasiga ogʻrinmay yuklab yashab kelgani gʻamgin hikoyaga oʻxshardi. Ammo bu hayotiy hikoya edi.

    Yoshgina qizning Sergeli tumanida 12 yil onasi bilan ijarama ijara sarson boʻlib yashagani ham, baʼzan yeyishga non, yotishga joy topa olmagani ham ayni haqiqat. Zulmatli tunlarda, ilonlar, kalamushlar makon qilgan zax va qorongʻu joylarda yuragini hovuchlab, qoʻrquvdan diydirab tong ottirgan kunlari ham boʻrttirma yoki lof emas.

    Kimlardir nonni isrof qilib axlat idishlariga tashlayotgan, dabdabali toʻylarda pullarni odamlar boshi uzra ogʻrinmay sochayotgan bir paytda Aziza va uning onasi bir tishlam non topish ilinjida ne mashaqqatlarni boshidan oʻtkazmagan deysiz. Shunday boʻlsa-da, hayotdan nolimagan. Ona-bola halol mehnat mashaqqatlarida qiynalib yashasa-da, shukronalikni tilidan qoʻymagan.

    Eng asosiysi, Adolatning qoʻlidan kelmaydigan ishning oʻzi boʻlmagan. Toʻquvchilikmi, tikuvchilikmi, pishiriqlar pishirish, dehqonchilik qilishmi - hammasini uddalagan va bu xislat Azizaga ham oʻtgan.

    Aziza bolaligidayoq onasi koʻrgan sitamli kunlarni oʻz koʻzi bilan koʻrib, hayot qiyinchiliklari oldida bosh egmay voyaga yetdi, Shu bois, kattalarday uzoqni oʻylab fikr yuritadi. U onasi bilan maslahatlashib, buvisining chogʻroqqina tomorqasi bir burchagida tirikchilik qilish, roʻzgʻor gʻorini toʻldirish uchun kichik sex tashkil qiladi. Ammo yetarli mablagʻi yoʻqligi sababli ishlari oʻnglanib ketavermaydi. Shunda ham boriga qanoat qilib, arzon garovga tikish-bichish ishlarini boshlab yuboradi.

    Ana shunday ezgʻin va gʻamgin kunlarning birida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yoshlar daftari” haqidagi xabarni eshitib qoladi va oʻzlari yashaydigan mahalla idorasiga umid bilan boradi. Ularning yashash sharoitini, turmush tarzini yaxshi bilgan mahalla oqsoqoli Azizani “Yoshlar daftari”ga, onasini “Ayollar daftari”ga kiritadi. Shundan soʻng ular oʻzlariga ajratilgan imtiyozli kredit evaziga uchta zamonaviy tikuv mashinasi sotib oldi. Ishlari yurishib, buyurtmalar olib, ish boshladi.

    Umid uchqunlari miltillab yonayotgan farahbaxsh kunlarning birida Azizaning orzu-oʻylari va fikrlari haqidagi videolavha Prezidentimizning eʼtiboriga tushadi. Hammasi shundan soʻng boshlandi: Azizaning hayoti bir kunda oʻzgarib ketdi...

    Davlat rahbarining otalarcha gʻamxoʻrligi va mehri bilan Azizaga Yangihayot tumani “Yangi Choshtepa” mahallasida bunyod etilgan zamonaviy turar joydan Prezident sovgʻasi — 3 xonali uy berildi. Ana shundan soʻng ona-bola hayotida quvonchga toʻla fayzli va mazmunli hayot boshlandi. Goʻyo ertakdagi afsona koʻz oldida sodir boʻlayotgandek. Azizaning hayotiga shodliklar guldastasi poyandoz boʻlib toʻshalayotganday tuyuladi. Koʻzlarida quvonch uchqunlari porlab, dunyolarga sigʻmay ketganday boʻladi. Axir bunday bunday baxt hammaga nasib etavermaydi-da.

    Vaqtning tez oʻtishini qarang, shunga ham rosa bir yil boʻlibdi...

    – Xuddi kechagiday yodimda, menga uy kalitini Prezidentimiz jamoasidan bir guruh masʼul kishilar eng iliq tilaklarni izhor etgan holda topshirgan.

    Bu voqea koʻnglimni yoritib, yuragimga quvvat bergan chogʻ yana bir moʻjiza roʻy berdi va bu men uchun hayotimdagi eng katta va qadrli sovgʻa boʻlib qoldi. Bu – Prezidentimizning menga yoʻllagan maktubi edi.

    Bu maktubni va yangi uy kalitini olgach, dunyo koʻzimga shunchalar chiroyli koʻringandiki, osmonda uchayotganday tasavvurda edim, hayajondan tillarim kalimaga kelmadi, — deydi Aziza gʻurur va faxr bilan.

    Oʻsha kundan boshlab Azizaning hayotida tub burilish yasaldi. Sokin oʻylari tarqab, yuzida mayin tabassum va hayotga ishonch paydo boʻldi.

    Aslida bolaligidan boshlab uning dilini oʻrtar azobli kunlari koʻp va xoʻp boʻlgan. Darslardan chiqa solib onasiga yordam berish uchun shoshib keladigan qizchaning koʻpincha och yurishi, baʼzida guruch va makaron qaynatib yeyishi hozir afsonaga aylangan. Bugungi saodatli va yorugʻ kunlarida oʻzini emas, oʻzi singari qiynalgan yoshlarga oz boʻlsa ham koʻmak berish uchun harakat qilmoqda.

    Davlatimiz rahbari topshirigʻi bilan berilgan kredit evaziga zamonaviy tikuv mashinalari sotib olingan. Bugun buvisining hovlisidagi eski sex zamonaviy jihozlanib, yangi qiyofa kasb etgan. Hozir bu joy yoshlar bilan gavjum. Oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻygan Aziza onasi bilan maxsus kiyim-kechak va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Kelgusida sex faoliyatini yanada kengaytirib, shu orqali “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni ish bilan taʼminlash, yosh qizlarga tikuvchilik sir-asrorlarini oʻrgatishni maqsad qilgan.

    — Bilasizmi, baʼzan koʻzlarimni yumib, oʻtib ketgan yillarim mashaqqati va azobini koʻz oldimga keltirib, “Nahotki mendek oddiygina bir qizga Prezidentimiz uy sovgʻa qildi. Kamiga yana menga maktub ham yoʻlladi”, deya qayta-qayta gʻururlanaman. Toʻgʻrisi, boshimga qoʻngan baxt qushi har bir oʻzbek qiziga nasib qilishini chin dildan istayman. Men eng baxtli qizman! Shu muqaddas ona Vatanimizga kerakli farzandman. Bugun esa qoʻllarimni koʻksimga qoʻyib mehribon Prezidentim Shavkat Mirziyoyevga yana bir bor rahmat aytaman. Onam koʻrgan zulmatli tunlarga yorugʻlik olib kirgani, mening hayotimga farahbaxsh goʻzal kunlarni hadya etgani uchun bir umr duo qilaman.

    — Ha, chindan ham soʻnggi yillarda davlatimiz tomonidan yoshlarga katta eʼtibor berilyapti, — deydi Azizaning onasi Adolatxon mayin tabassum bilan. — Men va qizim singari qanchadan qancha yoshlar uyli, ishli, hunarli boʻldi. Jamiyatga foydasi tegyapti. Men ilgari tadbirkorlik qilaman deb koʻp eshiklarda sargʻaydim, hokimlarning oldiga qogʻoz-qalam bilan qatnadim. Hammasi otangga bor, onangga bor qabilida ish koʻrgan. Ular ming bir bahona va sababni roʻkach qilib, menga odamday muomala ham qilmagan. Bundan olti-yetti yillar oldin ham tadbirkorga ola koʻz bilan qarashardi. Har ikki kunning birida tekshiruvlar, yurak zada edi. Tadbirkorga hech ham oson boʻlmagan, shu sohada boshlagan ishim umuman oʻxshamagan. Ochigʻini tan olib aytishim kerak, Shavkat Mirziyoyev Prezident boʻlganidan soʻnggina men kabi ovorayu sarsonlarning yelkasiga shamol tegdi. Na uyimiz, na tayinli ishimiz boʻlmay abgor yashagan kunlarimda ne-ne korxonalarga bosh urib borganmiz. Ammo sado chiqmagan. Oʻzimni emas, qizimni oʻylardim. Bolamning oʻksik dilini, choʻkkan ruhiyatini qanday koʻtarsam ekan, deya boshim qotardi. Mana, hammasi ortda qoldi, goʻyo tushga aylandi. Bugun eng baxtli onaman. Ilohim, davlatimiz rahbarining umri uzoq, boshlagan ishlari bardavom boʻlsin!

    Prezidentimiz bergan ishonch va ragʻbat Aziza hamda onasining kunlariga mazmun, ishiga shijoat baxsh etdi. Ayni paytda ular kechayu kunduz mehnat qilyapti, charchashni bilmaydi. Aziza dizayn sohasining mohir ustasi boʻlmoqchi. Ayni damda ona va bolaning bir qancha shogirdlari bor. Eng quvonchlisi, bugun ular mahalladagi yoshlar uchun bepul toʻquvchilik kursi tashkil etgan. Aziza ishlari yanada yurishib ketsa, oʻzi kabi qiynalgan yoshlarga doim koʻmaklashishni, onasi esa uysiz yurganlarga, hech boʻlmasa, birinchi toʻlovini toʻlab berishni astoydil niyat qilgan.

    Bugun ular oʻz mahsulotlarini ichki bozorga tarqatmoqda. Qiyqim mato boʻlaklaridan ham sanʼat asariga oʻxshagan gʻaroyib yostiqchalar tikmoqda va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga sovha qilyapti. Bir soʻz bilan aytganda, mahallaning faol aʼzosi va kichik gʻamxoʻriga aylanib ulgurgan. Ishlari, niyatlari va hatto xayollarida ham faqat odamlarga yaxshilik qilish, mehr va muruvvat koʻrsatishni oʻylaydi.

    — Prezidentim bildirgan ishonch, ragʻbatni oʻzimning mehnatim, iqtidorim bilan oqlashim va javob berishim kerak. Bu mening farzandlik burchim, — deydi Aziza.

    Darhaqiqat, bugun inson qadr-qimmati tobora yuksalib bormoqda. Ochiqlik hamda shaffoflikka asoslangan, aholining kam taʼminlangan qatlamini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ishlar bardavom boʻlyapti.

    Eng asosiysi, hayotga tatbiq etilayotgan ijtimoiy islohotlar shunchaki xoʻjakoʻrsinga emas, aksincha, xalqimiz koʻz oʻngida ochiq va oshkora boʻlayotgani ayni haqiqat. Prezidentimizning “Har qanday islohot quruq raqamlarda emas, balki, eng avvalo, aholining kundalik hayotida, uning dasturxoni va roʻzgʻorida oʻz aksini topishi zarur”, degan purmaʼno gapining hayotiy ifodasini xalqimiz, Aziza Samigʻova singari yoshlar hayotida oʻz koʻzimiz bilan koʻryapmiz va jarayonlarni qalbdan his qilyapmiz.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri