Nobank kredit tashkilotlari faoliyatining huquqiy bazasi takomillashtirilmoqda

    Moliya 25 Fevral 2021 5051

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish va aholining asosiy moliyaviy xizmatlarga boʻlgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, mikromoliyalashtirish sohasini yana-da rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-iyuldagi “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4400-sonli qarori qabul qilindi.

    Ushbu qarorga muvofiq, nobank kredit tashkilotlari koʻrsatadigan xizmatlar doirasi kengaytirildi va mikromoliyaviy xizmatlar hajmi oshirildi.

    Bugungi kunda respublikada 63 mikrokredit tashkiloti va 64 lombard faoliyat koʻrsatmoqda. 2021-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, ularning aktivlari miqdori 1 010 mlrd. soʻmni tashkil etdi va bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizga oʻsishi taʼminlandi. Shu davrda kredit portfeli 23,7 foizga oʻsib, 935 mlrd. soʻmga yetdi.

    Nobank kredit tashkilotlari sohasini izchil isloh qilish, faoliyatini tartibga soluvchi qoidalarni tizimlashtirish va unifikatsiyalash maqsadida “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalash faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

    Ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-maydagi “2020-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF–5992-sonli Farmoni ijrosi doirasida Jahon banki koʻmagida eng yaxshi xorijiy tajriba, umumeʼtirof etilgan meʼyor va standartlarni hisobga olgan holda tayyorlandi.

    Qonun loyihasida nobank kredit tashkilotlarining turlari, koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati, nobank kredit tashkilotlarini tashkil etishga doir talablar, shu jumladan, tashkiliy-huquqiy shakli, taʼsischilari, rahbar xodimlari, ustav kapitali, shuningdek, ular faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish tartibi oʻrnatilmoqda.

    Hujjat loyihasida faoliyatni litsenziyalashning amaldagi jarayonlari nobank kredit tashkilotlarini hisob roʻyxatidan oʻtkazish tartibi bilan almashtirish, hisob roʻyxatidan oʻtish uchun zarur boʻlgan hujjatlar roʻyxati, ularni koʻrib chiqish va tegishli qarorlarni qabul qilish tartibi belgilanmoqda. Shu bilan birga, lombard faoliyati Markaziy bankka oʻz faoliyati boshlanishi toʻgʻrisida xabarnoma yuborganidan keyin amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.

    Bundan tashqari, qonun loyihasida nobank kredit tashkilotlari faoliyatini ularning faoliyati tavakkalchiligidan kelib chiqib, mutanosib ravishda tartibga solish va nazorat qilish mexanizmi joriy etiladi, shuningdek, Markaziy bankning ushbu yoʻnalishdagi funksiyalarini bajarish vakolatlari belgilab qoʻyilmoqda.

    Shu bilan birga, qonun loyihasida koʻzda tutilgan qoidalarda nobank kredit tashkilotlari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish choralari kuchaytirilmoqda. Xususan, qonunchilik darajasida nobank kredit tashkilotlarining ular koʻrsatadigan xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini, shartnomalar shartlariga bir tomonlama oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritishni taqiqlash toʻgʻrisidagi talablarni, shuningdek, isteʼmolchilarning moliyaviy operatsiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor qilmaslik majburiyatlari belgilanmoqda.

    Umuman olganda, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi respublikamizda yagona moliya tizimining toʻldiruvchisi sifatida nobank kredit tashkilotlari rivojiga xizmat qiladi.