Kecha oʻtkazilgan 4-turda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov oq donalarda hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa bilan murosa yoʻlini tanlashdi. Eʼtiborli jihati, ushbu turda oʻtkazilgan barcha uchrashuvlar, yaʼni 5 ta qarama-qarshilik durang bilan poyoniga yetdi.
Sovrin jamgʻarmasi 140 ming yevroni tashkil etgan nufuzli turnirning 4-tur yakunlariga koʻra, Livon Aronyan 3 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Undan keyingi oʻrinlarda 2,5 ochkoga ega Uesli So va Gukesh bormoqda. Nodirbek Abdusattorov, Anish Giri, Yan Nepomnyashiy va Andrey Yesipenko 2 ochko jamgʻargan holda ulardan keyingi qatordan joy olgan.
Bugun, 20-fevral kuni “WR Chess Masters” turnirida dam olish kuni etib belgilangan. Turnirning 5-tur oʻyinlari ertaga boʻlib oʻtadi va unda Nodirbekning raqibi germaniyalik Vinsent Keymer hisoblanadi. Musobaqa peshqadami Livon Aronyan Niderlandiya vakili Anish Giri bilan oʻzaro roʻbaroʻ keladi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur musobaqa 9 turdan iborat boʻlib, yakuniy tur bahslari 25-fevralda oʻtkaziladi.
Kutilayotgan 6, 7, 8, va 9-turlarda Nodirbek Abdusattorov hindistonlik Gukesh, polshalik Yan-Kshishtof Duda, niderlandiyalik Anish Giri va AQSHlik Uesli Soga qarshi dona suradi. Isteʼdodli shaxmatchimizning kutilayotgan raqiblari nechogʻli salohiyatga ega ekanligini nazarda tutsak, demak, “WR Chess Masters” turnirining shiddatli janglari hali oldinda.