Mazkur qonunning 12-moddasida umumiy belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqi belgilangan boʻlib, unga koʻra oxirgi ish joyidan qatʼi nazar, quyidagilar ushbu Qonunning 7-moddasida belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga ega boʻladilar:

Qonunning 12-moddasi “z” bandida bolalikdan nogiron farzandlarning onalari ularni sakkiz yoshgacha tarbiyalagan boʻlsa — ish staji kamida 20 yil boʻlgan taqdirda. Basharti, ayol oʻgay oʻgʻil va oʻgay qizni ular 8 yoshga toʻlguniga qadar kamida 5 yil tarbiyalagan boʻlsa, pensiya tayinlashda ular haqiqiy farzandlar bilan teng ravishda hisobga olinishi koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibini yanada takomillashtirishga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 12-bandi “n” bandi talabi boʻyicha ushbu Qonunning 7-moddasida belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda, nogiron bolaning onasi sifatida pensiya olish huquqiga ega boʻlgan onaga yoshga doir imtiyozli pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning arizasiga bola 8 yoshgacha nogiron bola deb eʼtirof etilishini tasdiqlaydigan TMK tomonidan berilgan tibbiyot xulosasi, yoki TMK tomonidan berilgan nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanadigan kasallik boʻyicha davolash-profilaktika muassasasida hisobda turganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma ilova qilinishi zarur.

Nogiron bolaning onasi sifatida pensiya olish huquqiga ega boʻlgan onaga yoshga doir imtiyozli pensiya tayinlashda, mazkur Nizomning 35-bandi, “a” kichik bandiga asosan pensiya olish huquqini beradigan ish stajiga faoliyat turi, mulkchilik va xoʻjalik yuritish shakllaridan qatʼi nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sugʻurtalangan holda bajargan har qanday ish, ish stajiga qoʻshib hisobga olinadi.

Xuddi shuningdek, Nizomning 35-bandi, “d” kichik bandi talabiga koʻra, 1-guruh nogironini yoki 16 yoshgacha nogiron bolani, shuningdek oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan keksaga qarab turish vaqti pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga faqat qarab turgan va qarab turishga muhtoj boʻlgan shaxs bilan birga yashagan shaxslardan biriga qoʻshib hisoblanadi.

Nizomning 38-bandiga muvofiq, nogironni sakkiz yoshgacha tarbiya qilgan bolalikdan nogironning onasiga pensiya tayinlashda talab qilinadigan 20 yillik ish stajiga ushbu Nizomning 35-bandi “a”—“d” kichik bandlarida koʻrsatilgan davrlar qoʻshib hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, nogiron bolaning onasida sugʻurtalangan haiqiy ish staji 7 yildan kam boʻlsa yoki nogiron bolaga qarab turgan davri bilan birgalikda hisoblanganda umumiy ish staji 20 yilni tashkil qilmagan taqdirda, ularning ijtimoiy himoyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidjan belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi 107-son qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Davlat pensiyasi tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga ega boʻlmagan shaxslarga, yoshidan qatʼi nazar, ish stajiga ega boʻlmagan 1- va 2-guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga hamda bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandi bor (boʻlgan) onalarga nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 6-bandida belgilanishicha, bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandi bor (boʻlgan) onalarga — 55 yoshga yetganlarida yoshga doir ijtimoiy nafaqasi tayinlanadi.

Mazkur Nizomning 8-bandiga asosan, bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandi bor (boʻlgan) onalarga yoshga doir nafaqa farzandi nogironligi boʻlgan deb eʼtirof etilganligi toʻgʻrisida davlat tibbiyot muassasasining tibbiy xulosasi yoki Tibbiy — ijtimoiy ekspert komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — TIYEK) nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi bilan tasdiqlangan taqdirda tayinlanadi. Bunda nafaqa miqdori pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga ega boʻlmagan shaxslar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarning nafaqasi miqdorida belgilanadi.

Manba: Pensiya jamgʻarmasi matbuot xizmati