Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, bugungi kunda Er yuzida bir milliarddan ziyod imkoniyati cheklangan fuqaro istiqomat qiladi. Tahlilchilarning fikricha, ayrim mamlakatlarda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlariga amal qilinmaydi. Imkoniyati cheklangan kishilarning ishga joylashishi, ta'lim olishi bilan bog'liq muammolar nafaqat qashshoq respublikalarda, balki iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarda ham kuzatilayotgani sir emas.
Mamlakatimizda esa ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, so'nggi yillarda bu masala davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Keksalar, nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqi hamda manfaatlarini himoya qilish, ularning turmush darajasini yaxshilash, pensiya ta'minoti va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishga yo'naltirilgan qator huquqiy-me'yoriy hujjatlar, davlat dasturlari qabul qilindi. Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasining 2021 yil 16 yanvardan kuchga kirgan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonunida qator imtiyoz va imkoniyatlar nazarda tutildi.
Jumladan, “nogironlik belgisi bo'yicha kamsitish”, “nogironligi bo'lgan shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari”, “protez-ortopediya buyumlari”, “abilitatsiya”, “surdotarjima”, “surdotexnik vositalar”, “tiflotexnik vositalar” kabi yangi tushunchalar hamda “nogiron” so'zi BMTning Nogironlar huquqlar to'g'risidagi konventsiyasiga muvofiq “nogironligi bo'lgan shaxs” so'zlari bilan aks ettirildi.
Qonunga nogironligi bo'lgan shaxslarni kamsitishning har qanday shakliga barham berish, shu jumladan, nogironlik belgilariga nisbatan kamsitishga yo'l qo'ymaslik, nogironligi bo'lgan shaxslarni ijtimoiy-siyosiy hayotga jalb etish va qo'shish, ta'lim olish hamda ishga joylashishini ta'minlash, nogironligi bo'lgan shaxslarning madaniy hayotda ishtirok etishi, dam olish va sport bilan shug'ullanishi uchun imkoniyat yaratish, nogironlikni belgilash tartibini takomillashtirish, nogironligi bo'lgan shaxslarni reabilitatsiya va abilitatsiya qilish kabi boshqa huquq hamda majburiyatlar kiritildi. Nogironligi bo'lgan shaxslarning jamiyat hamda davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotida to'la huquqli tarzda ishtirok etishini ta'minlash lozimligi belgilandi. Zamonaviy protez-ortopediya buyumlarini va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini yaratish hamda ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida reabilitatsiya qilish industriyasini rivojlantirish davlatning doimiy nazoratida bo'lishi ham mustahkamlandi.
Mazkur qonun asosida davlat zamonaviy protez-ortopediya moslamalarini va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini yaratish hamda ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida reabilitatsiya qilish industriyasini rivojlantirishga ko'maklashadi. Protez-ortopediya mahsulotlarining va reabilitatsiya qilish texnik vositalarining davlat reestri (ro'yxati), bunday vositalar bilan ta'minlash tartibi, shuningdek, nogironligi bo'lgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta'minlash uchun tibbiy ko'rsatmalar va qarshi ko'rsatmalar ro'yxati belgilangan tartibda aniqlanadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi farmonida “muhtoj aholini protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta'minlashning amaliyotini sertifikat berish tizimiga o'tkazib, fuqarolarga o'z tanloviga ko'ra davlat tomonidan beriladigan mablag'lar (sertifikat) hisobidan istalgan ishlab chiqaruvchidan protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari sotib olish imkoniyatini yaratish” topshirig'i belgilangan. Davlat dasturiga ko'ra, nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha shu yil 1 iyungacha protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta'minlash “sertifikat” berish tizimiga o'tkaziladi.
Bu ham, o'z navbatida, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi qonunchilikda belgilangan faoliyati doirasida yanada salmoqli, natijadorligi yuqori bo'lgan qator vazifalarni bajarishi kerakligini anglatadi. SHu bois, belgilangan topshiriqlarning ijrosini o'z vaqtida ta'minlash maqsadida Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta'minlash tartibi to'g'risida"gi nizomni tasdiqlash haqida” Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Fuqarolarga o'z tanloviga ko'ra, davlat tomonidan beriladigan mablag'lar (sertifikat) hisobidan istalgan ishlab chiqaruvchidan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari sotib olish imkoniyati beriladi. Bu orqali imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizning sarson-sargardon bo'lishining oldi olinadi. Sifatli mahsulot orqali ularning og'iri engil bo'ladi. Bu jarayonda muhtoj shaxsning tanlash imkoniyati, ya'ni fuqarolik huquqlariga asosan xohlagan ishlab chiqaruvchidan olishi eng asosiy vazifa qilib olingan. Korxonalar to'g'ridagi elektron ma'lumotlar to'plamini alohida sayt orqali ko'rish imkoniyati yaratiladi. SHuningdek, protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari ishlab chiqaruvchilar o'rtasida raqobat muhitining yuzaga kelishi, sifatli mahsulotlarga bo'lgan talabning ortishi, xorijiy tajribalarni mukammal o'rganish orqali yurtimizda mazkur tizim bo'yicha etuk malakali mutaxassislar safi ko'payishiga keng yo'l ochadi.
2017–2020 yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar natijasida keksalar va nogironligi bo'lgan shaxslarga ijtimoiy yordam va xizmat ko'rsatish, ya'ni muhtoj shaxslarga protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta'minlash bo'yicha maqsadli ishlar bajarildi. Nogironligi bo'lgan shaxslarga bepul beriladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari 22 turdan 27 tagacha ko'paytirildi. Protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta'minlash 47 mingtani tashkil etib, 2017 yilga nisbatan ikki barobar ko'paydi.
Ushbu qonunning qabul qilinishi davlat dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida amalga oshirilayotgan vazifalar insonlarning nogironligi bo'lgan shaxslarga nisbatan munosabatini o'zgartirishga, ularning jamiyatda to'liq va teng huquqli ishtirokini ta'minlashga, protez-ortopediya mahsulotlari bilan bog'liq dolzarb muammolar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
Ushbu yo'nalishda joylarda mavjud bo'lgan muammolar o'rganiladi. Nogironligi bo'lgan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya masalalari bo'yicha ilmiy tadqiqotlar o'tkaziladi. Nogironlik muammolarining echimi borasida amalga oshirilayotgan ana shunday ilmiy izlanishlarni byudjet tomonidan moliyalashtirilishi borasida asosli takliflar tayyorlanadi.
Qutlimurod CHURENOV,
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi
bo'lim boshlig'i