Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Nogironligi boʻlgan shaxslarning yer uchastkasini sotib olish xarajatlarini qoplash tartib-taomillarini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, nogironligi boʻlgan shaxsning va tarkibida nogironligi boʻlgan shaxs bor oilaning yoki ularning vakillarining elektron onlayn-auksion orqali yer uchastkasini sotib olish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish boʻyicha murojaatlari:
- 2024-yil 1-yanvardan boshlab tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlaridagi ijtimoiy xodimlar guruhlari orqali;
- 2024-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham qabul qilinadi.
2024-yil 1-iyungacha nogironligi boʻlgan shaxsning va tarkibida nogironligi boʻlgan shaxs bor oilaning elektron onlayn-auksion orqali yer uchastkasini sotib olish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq bir martalik toʻlovni YAIDXP orqali ajratish joriy etiladi.
Nogironligi boʻlgan shaxsning va tarkibida nogironligi boʻlgan shaxs bor oilaning “E-auksion” platformasi orqali sotib olingan yer uchastkasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlari “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinishi yoʻlga qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat organlari va boshqa tashkilotlar nogironligi boʻlgan shaxsning va tarkibida nogironligi boʻlgan shaxs bor oilaning elektron onlayn-auksion orqali yer uchastkasini sotib olish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga rioya etilishi yuzasidan YAIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatadi.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslar belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.