Shunday qonun buzilishi holati yuzasidan Andijon viloyati Intellektual mulk himoyasi markaziga “AKMAL FARM MEDIKAL” MCHJ tomonidan murojaat qilindi.

Maʼlum boʻlishicha, Izboskan tumanida roʻyxatdan oʻtkazilgan huquqbuzar “A.F.M.” MCHJ nomi “AKMAL FARM MEDIKAL” MCHJ nomiga aynan oʻxshash ekan. Bu esa ikki firma manfaati toʻqnashuvini anglatadi.

— Murojaat oʻrganilganda haqiqatan ham Izboskan tumanida 2020-yili roʻyxatdan oʻtkazilgan “A.F.M.” MCHJ Andijon viloyatida 1994-yildan beri faoliyat yurituvchi, asl huquq egasi “AKMAL FARM MEDIKAL” MCHJ nomiga aynan oʻxshashi, doʻkon peshtoqida firma nomidan tovar belgisi sifatida foydalanilgani aniqlandi, — deydi Andijon viloyati Intellektual mulk himoyasi markazi rahbari Murodjon Jaloldinov. —Fuqarolik kodeksining 1098-moddasiga binoan yuridik shaxsning firma nomi tegishli yuridik shaxslarni aynan bir deb hisoblashga olib kelishi mumkin boʻlgan darajada avval roʻyxatdan oʻtkazilgan nomga oʻxshash boʻlsa, roʻyxatga olinishi mumkin emas. Bu esa huquqbuzar “A.F.M.” MCHJ firma nomidan tovar belgisida foydalanishi orqali “AKMAL FARM MEDIKAL” MCHJ manfaatlariga putur yetkazganini anglatadi.

Murojaat asosida Andijon viloyati Intellektual mulk himoyasi markazi tomonidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Natijada sud tartibida jarima undirilib, huquqbuzar firma nomi va xizmat koʻrsatish belgisi oʻzgartirildi, deyiladi Intellektual mulk agentligi axborot xizmati xabarida.