“Nomer aniqlovchi” nomli android ilovadan ogoh bo'ling!

    Xavfsizlik 6 Iyul 2020 3729

    Shu yil 13-iyun kuni Toshkent shahar, Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro M.A. Ichki ishlar vazirligi portaliga ariza bilan murojaat qilib, 12-iyun kuni soat 19:00larda «Telegram» messenjeridan “Uydagi_Yulduzlar” @Fan club Miz #Uyda QOLING” (@fan_club_miz) deb nomlangan kanalga kirgani va ushbu kanalga joylangan NET NOMER ANIQLOVCHI.APK faylni yuklab olganidan soʻng uyali telefoni “blok” holatiga tushib qolganligini bildirgan.

    Shu yil 13-iyun kuni Toshkent shahar, Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro M.A. Ichki ishlar vazirligi portaliga ariza bilan murojaat qilib, 12-iyun kuni soat 19:00larda «Telegram» messenjeridan “Uydagi_Yulduzlar” @Fan club Miz #Uyda QOLING” (@fan_club_miz) deb nomlangan kanalga kirgani va ushbu kanalga joylangan NET NOMER ANIQLOVCHI.APK faylni yuklab olganidan soʻng uyali telefoni “blok” holatiga tushib qolganligini bildirgan.

    Shundan soʻng qurilmani “blok” holatidan ochish uchun +99890-200-xx-xx abonent raqamiga “Paynet” toʻlov tizimi orqali 10.000 soʻm pul mablagʻlari tushirilishi haqida xabar keladi. Arizachi ushbu pul mablagʻlarini oʻtkazganidan keyin ham telefon apparati “blok” holatidan chiqmaganligini maʼlum qilib, mazkur dasturni tarqatgan shaxsni aniqlab, unga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

    Mazkur holat yuzasidan IIV Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan dastlabki tergov oldi tekshiruv harakatlari davomida fuqaro M.A. “HUAWEI TAG-L21” smartfoni tekshirib koʻrish uchun olinib, undagi dastur koʻchirib olingan va tekshirib koʻrish uchun “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasiga taqdim qilingan.

    “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasining dasturiy texnik ekspertiza xulosasiga koʻra, ushbu telefon apparati «Telegram» messenjeridagi “Uydagi_Yulduzlar” @Fan club Miz # Uyda QOLING” (@fan_club_miz) nomli kanalda tarqatilgan NET NOMER ANIQLOVCHI.APK dasturi zarar keltiruvchi virusli dastur ekanligi koʻrsatib oʻtilgan.

    Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida, «Telegram» messenjeridagi “Uydagi_Yulduzlar” @Fan club Miz # Uyda QOLING” (@fan_club_miz) nomli kanal Namangan viloyati, Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi, hozirda Namangan madaniyat ixtisoslashtirilgan maktabi oʻquvchisi, 2001-y.t. fuqaro M.J.ga tegishli ekanligi aniqlandi.

    4-iyul kuni Namangan viloyati, Toʻraqoʻrgʻon tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan fuqaro M.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-6-moddasi 1-qismi (Zarar keltiruvchi dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-6-moddasida (Zarar keltiruvchi dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tarqatish) uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

    IIV Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi