2025-yil yanvar iyun oylarida chet eldan Oʻzbekistonga kelib tushgan pul oʻtkazmalari 8,2 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu 2024-yil mos davridagiga nisbatan 1,8 mlrd dollarga koʻp (27 foiz).
“Mablagʻlarning 78 foizi Rossiyadan (6,4 mlrd dollar) kelib tushgan. Qolgan qismi Qozogʻiston, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirgʻiziston, Litva hamda boshqa mamlakatlar hissasiga toʻgʻri kelgan”, deyiladi manbada.
Pul oʻtkazmalari ortishiga oʻzbekistonlik migrantlar ishlaydigan davlatlarda ishchi kuchiga talab koʻpaygani va ish haqlari yuqori darajada saqlanib qolgani sabab boʻlgan. Shu bilan bir qatorda milliy valyuta kurslari mustahkamlanishi ham taʼsir qilgan.
Markaziy bank tahliliga qaraganda, Oʻzbekistonga rivojlangan mamlakatlardan kelib tushgan transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmlari oʻsib bormoqda. Masalan, transfertlar hajmi Buyuk Britaniyadan ikki barobar, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 41 foizga (Irlandiya 2,8 barobar, Litva 79 foiz, Niderlandiya 44 foiz, Polsha 20 foiz) hamda AQSHdan 15 foizga oshgan.
Olti oy davomida jismoniy shaxslarga kelib tushgan pullarning 4,3 mlrd dollari (53 foizi) anʼanaviy xalqaro pul oʻtkazma tizimlaridan yuborilgan. Bunda oʻsish hajmi 2024-yil mos davriga nisbatan 22 foizni tashkil etgan. Yana 3,6 mlrd dollar (44 foizi) xorijdan bank kartalariga toʻgʻridan-toʻgʻri (P2P) oʻtkazmalar orqali (oʻsish 40 foiz) kelib tushgan. Oʻz navbatida 251 mln dollar (3 foizi) bank oʻtkazmasi (SWIFT) orqali (kamayish 22 foiz) amalga oshirilgan.
Joriy yil yanvar iyun oylarida Oʻzbekistondan chet elga yuborilgan pul oʻtkazmalari hajmi oʻtgan yil darajasida saqlanib qolib, 1,2 mlrd dollarni tashkil qilgan.








