Bu yerning 6 sotixiga Erkin avvalroq oilasi uchun uy-joy solgandi. Oradan biroz vaqt oʻtgach u yana 6 sotix yerga qoʻshimcha uy-joy qurishni boshlaydi. Kadastr hujjati boʻyicha 24 sotix yerning faqat 6 sotixiga uy-joy qurishga ruxsat berilgan, qolgan yer ekin ekishga ajratilgan edi. Qurilish ishlari boshlangach, qoʻshimcha 6 sotix yerga bino qurishga ruxsat yoʻqligi boʻyicha Erkin ogohlantirilib, fuqarolik ishlari boʻyicha sudning qarori ham chiqarilgandi. Lekin u sud qarorini bajarmay keldi. Kadastr agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi oʻtkazgan tadbir davomida Erkin Nurimbetov tomonidan noqonuniy solingan qurilish oʻz hisobidan buzildi.

Shu oʻrinda aytish lozimki, baʼzi fuqarolar qonunni bilmasligi yoki uni aylanib oʻtish orqali shunday qonun buzilishlariga qoʻl urmoqda. Bunday muammolarni hal etish, oldini olish maqsadida Prezidentimizning 2020-yil 7-sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etilgan edi.

Bugungi kunda Kadastr agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi tomonidan yerlarni, xususan, sugʻoriladigan yerlarni qoʻriqlash, noqonuniy qurilishlarning oldini olish, bunday qurilishlarga yoʻl qoʻymaslik, aniqlangan holatlarni bekor qilish boʻyicha ogohlantirish va koʻrsatmalar berish, tegishli tartibda maʼmuriy jarimalar qoʻllash, prokuratura va sud organlariga oʻtkazish ishlari amalga oshirib kelmoqda.

— Boshqarmamiz tomonidan olib borilgan ishlar natijasida 2021-yilda yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallash va noqonuniy qurilmalar qurish boʻyicha 1345 ta holat aniqlandi, — deydi Kadastr agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi yer va kadastr nazorati boʻlimi boshligʻi Aymurat Uzaqbayev. — Fuqarolar uy-joy qurish maqsadida 11,4 gektar, noturar-joy qurish uchun 7,5 gektar va tomorqa sifatida 292,3 gektar yerni oʻzboshimchalik bilan egallab olishgan. Ushbu aniqlangan holatlar boʻyicha yozma koʻrsatmalar berilib, 305,5 gektar yer hokimiyat zaxirasiga qaytarildi.

Shuningdek, 5,34 gektar maydonni avvalgi holatiga keltirish toʻgʻrisida fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga daʼvo arizalar kiritilib, 40 ta holat boʻyicha 1,5 milliard soʻm maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi. Bundan tashqari, 98 ta holat boʻyicha sud jarayoni davom etmoqda. 21 ta holatda sugʻoriladigan yerlardagi noqonuniy qurilmalar boʻyicha materiallar prokuratura organlariga oʻtkazildi.

— Kadastr agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi tomonidan oʻtgan yili yuridik shaxslarga nisbatan 124 million 200 ming soʻm, jismoniy shaxslarga nisbatan 2 milliard 996 million 988 ming soʻm, jami 3618 ta holat boʻyicha 3 milliard 121 million 188 ming soʻm jarima qoʻllanildi, — deydi boshqarmaning bosh yuristi Azat Ishanov. — Boshqacha aytganda, 3557 ta holatda yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar oʻz vaqtida davlat roʻyxatidan oʻtkazmagan, 1 ta holatda yer uchastkasi oʻzboshimchalik bilan egallab olingan, 38 ta holatda noqonuniy qurilma qurilgan va yana 1 ta holatda ijaraga berilgan yer maydoniga boshqa shaxs tomonidan noqonuniy bino bunyod etilgan.

Afsuski, joriy yilda ham bunday holatlar davom etmoqda. Kadastr agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi tomonidan 2022-yilning shu kuniga qadar 266 ta holatda yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallash va noqonuniy qurilmalar qurish aniqlandi. Masalan, Beruniy tumanining Tinchlik mahallasida istiqomat qiluvchi Furqat Kazakov tanishlari yordamida tuman hokimligining zaxira yer maydonidan oʻziga yer uchastkasi sotib olib, imorat tikladi. Qingʻir ish vaqti kelib, fosh boʻlishi aniq. Kadastr agentligi vakillari tekshirganda, uy-joy noqonuniy qurilgani maʼlum boʻldi. Oʻrganish davomida aniqlanishicha, yer uchastkasini sotib olishda mutasaddi tashkilot vakillari ham aralashgan va ular Furqat Kazakov singari yana 28 fuqaroga qalbaki hujjatlar asosida yer sotgan.

Afsuski, olib borilayotgan targʻibot-tashviqot ishlariga qaramasdan noqonuniy harakatlar davom etmoqda. Misol uchun, uy-joy qurish maqsadida 40 ta holatda, noturar joy qurish uchun 100 ta holatda, tomorqa sifatida 120 ta holatda qonun chetlab oʻtilgan. Aniqlangan 260 holatning barchasi boʻyicha yozma koʻrsatmalar berilib, 13,7 gektar yer maydonidagi qonunbuzilishlar bartaraf etildi. 17 ta holatdagi oʻzboshimchalik bilan egallangan va noqonuniy bunyod etilgan qurilmalar boʻyicha sudlarga daʼvo arizalar kiritildi.

Bundan tashqari, fuqarolarning byurokratik toʻsiqlarga uchrash holatlari ham uchrab turibdi. 2021-yilning yanvar oyida Kegeyli tumanidagi «Asr XXI” fermer xoʻjaligi rahbari Botir Shukurullayev tender tanlovida gʻolib chiqib, yer maydoni egasi boʻladi. Ammo hokimiyatdagi ayrim mansabdor shaxslar hokim qarorini chiqartirmasdan, fermerni ovora qiladi. Agentlikning aralashuvi tufayli sud qarori bilan hokimiyatga muammoni hal etish majburiyati yuklatildi va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar boʻyicha mutasaddilarga intizomiy chora koʻrish boʻyicha ajrim chiqarildi.

Albatta, yer bu bizning asosiy boyligimiz. Lekin baʼzi qishloq joylardagi fuqarolar dehqonchilik qilib oʻtirgan joyini bobomdan, otamdan qolgan shaxsiy mulk deb hisoblaydi. Ayrimlar oʻzboshimchalik bilan noqonuniy ravishda yerlarni egallab oladi. Shuningdek, oʻrganishlar natijasida baʼzi “davlat tashkilotlari vakillari” tomonidan qalbaki hujjatlar asosida yerlarni sotish holatlari ham aniqlanmoqda.

Kadastr agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi xodimlarining asosiy vazifasi bunday holatlarning oldini olish, yer oldi-sotdisi bilan bogʻliq har qanday holat inson omilisiz elektron auksionlar orqali amalga oshirilishini taʼminlashdan iborat.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri