Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakiliga (ombudsmanga) Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining Mirobod bo'limida                    22 yildan buyon bosh hisobchi lavozimida faoliyat yuritgan fuqaro Natal`ya Sarsen`baeva tomonidan ishga tiklash masalasida yordam so'rab murojaat qilgan edi. Ombudsman instituti xodimlari tomonidan olib borilgan o'rganish davomida aniqlanishicha, ushbu murojaatning kelib chiqishiga 2020 yildagi pandemiya sabab bo'lgan.

Pandemiya tufayli mamlakatimizda yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish borasida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash bo'yicha faoliyat takomillashtirilishi munosabati bilan Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspektsiyasi va ularning hududiy bo'linmalari tugatilib, ular negizida yangi Sanitariya-epidemiologiya xizmati tashkil etildi.

Murojaatchining tushuntirishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Mirobod tumani bo'linmasi rahbariyati tomonidan mazkur tizim takomillashtirilganligi vaj qilinib, 22 yillik ish tajribasiga ega bo'lgan bosh hisobchidan lavozimdan ozod qilishni so'rab ariza yozish so'ralgan.

Ma'lumki, Davlatimiz rahbarining 2020 yilning 25 iyulidagi “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonida yangi tashkil etilgan Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy bo'linmalari tegishincha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspektsiyasi va ularning hududiy bo'linmalari huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo'yicha huquqiy vorislari hisoblanishi belgilangan.

Murojaatda keltirilishicha, sobiq bosh hisobchi uning ishdan bo'shatilishiga huquqiy baho berish uchun Davlat mehnat inspektsiyasiga murojaat qilgan. Inspektsiya mazkur tashkilot tomonidan amalga oshirilgan harakatlar qonunga zid ekanligi to'g'risida xulosa beradi. Lekin, ushbu hujjat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining Mirobod bo'limi tomonidan e'tiborsiz qoldiriladi.

SHundan so'ng, sobiq hisobchi Ombudsmanga murojaat qilgan. Fuqaro Natal`ya Sarsen`baevaning murojaatiga asosan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) tomonidan holat batafsil o'rganilib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent shahar boshqarmasiga taqdimnoma kiritildi. Unga javoban, mazkur boshqarma va uning xududiy bo'limlarining barcha xodimlari ogoxlantirish xati asosida ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilingani, ayni paytda bo'sh vakantlar yo'qligi hamda ishsiz qolgan xodimlarning mahalliy mehnat organiga ish qidiruvchi sifatida ro'yxatdan o'tkazilganligi ma'lum qilingan.

 “O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, Vakil masala yuzasidan sudga da'vo arizasini kiritdi.

Sudda Ombudsman da'vo arizasini ko'rib chiqish jarayoniga Sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi kengashi vakili hamda Davlat mehnat inspektsiyasi mas'ul xodimlarini ham jalb etdi.  

Sud dalillarga asosan ishni ko'rib chiqib, fuqaro Natal`ya Sarsen`baeva foydasiga hal etdi. Sudning hal qiluv qaroriga ko'ra, sobiq bosh hisobchi ishga qayta tiklandi va u hozirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Mirobod tumani bo'limi bosh hisobchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. SHuningdek, sud qarori bilan unga etkazilgan ma'naviy zarar uchun salkam 5 mln. so'm hamda 3,5 oylik majburiy progul uchun kompensatsiya pullarining undirilishi belgilandi. Qarorning kompensatsiya undirilishi bilan bog'liq qismi Majburiy ijro byurosi ish yurituviga olingan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati