Tadbirda ushbu tamaki mahsulotlari – 228 ming 144 quti sigaretlar jurnalistlar, blogerlar va keng jamoatchilik vakillari guvohligida yoqib yuborildi.

Shundan soʻng jurnalistlar va blogerlar uchun brifing boʻlib oʻtdi.

Brifingda soʻz olganlar 2022-yili bojxona organlari tomonidan 338 ta  huquqbuzarlik holatlarida 19,8 milliard soʻmlik 1 million 619 ming quti sigaret tovarlarining noqonuniy realizatsiyasiga chek qoʻyilganini maʼlum qildi.

Mazkur huquqbuzarlik holatlari yuzasidan bojxona organlari tomonidan 85 ta holatda jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan, shuningdek 253 ta holatda maʼmuriy ishlar yuritilib koʻrib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.

Joriy yilning 6 oyida bojxona organlari tomonidan 155 ta huquqbuzarlik holatlarida 37,5 milliard soʻmlik 1 million 610 ming quti sigaret tovarlarining noqonuniy realizatsiyasiga chek qoʻyilgan hamda bunday huquqbuzarlik holatlari yuzasidan bojxona organlari tomonidan 53 ta holatda jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan, shuningdek 90 ta holatda maʼmuriy ishlar yuritilib koʻrib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.

Bundan tashqari noqonuniy sigaret mahsulotlari bilan bogʻliq 12 ta huquqbuzarlik holatlari bojxona organlari tomonidan koʻrib chiqilmoqda.

2022-yilda noqonuniy muomaladan olingan 1 million qutidan ortiq,  2023-yilning oʻtgan davrida esa 100 ming qutidan ziyod sigaret tovarlari belgilangan tartibda yoʻq qilingan.

Tahlillarga koʻra, respublikamiz hududiga tamaki mahsulotlari asosan Turkiya, Rossiya, BAA, Tojikiston, Qirgʻiziston va boshqa davlatlardan noqonuniy tarzda olib kirishga urinilmoqda.

Ichki hududlar kesimida tahlil qilinsa, aniqlanayotgan eng koʻp noqonuniy sigaret mahsulotlari Namangan, Fargʻona viloyatlari, Toshkent shahri, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.

Huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan sigaretlarning asosiy qismini “Milano”, “Esse”, “Mond”, “Kavallo”, “Parlament”, “Neyets”, “Marlboro” kabi sigaretlar tashkil qilmoqda.

Shu oʻrinda alohida taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1861-moddasida tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritganlik uchun, 182-moddasida esa Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan tamaki mahsulotlarini juda koʻp miqdorda qonunga xilof ravishda oʻtkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.