Ijtimoiy tarmoqlarda 17-yanvardagi 14-sonli Prezident Farmoniga asosan 2024-yil 1-maydan boshlab bir necha daryo oʻzanlarida noruda materiallarni qazib olishga joriy etilgan muddatsiz moratoriy qizgʻin muhokama qilinmoqda.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda E-AUKSION elektron savdo platformasi orqali qum-shagʻal aralashmasini qazib olishga ruxsatnoma berilayotgani ham tanqid qilinmoqda. Ekologiya vazirligi ushbu muhokamalar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
2024-yil 1-maydan boshlab eng ogʻir ekologik vaziyatda boʻlgan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari hududida qum va shagʻal qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etildi.
Taʼkidlanishichi, Moratoriy davrida ushbu daryolar oʻzanlarida qum va shagʻal qazib olishga ruxsatnomalar berilmaydi!
Mazkur hududlarda qum-shagʻal aralashmasini noqonuniy qazib, moratoriyni buzgan shaxslarga nisbatan tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 10 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi, shuningdek, ushbu qoidabuzarlikni sodir etishda foydalanilgan texnika musodara qilinadi.
E-AUKSION elektron savdo platformasi orqali qum-shagʻal materiallarini qazib olishga ruxsatnomalar faqat moratoriy joriy etilmagan hududlarda qoʻllaniladi. Shu bilan birga, daryolar oʻrniga muqobil togʻli va togʻ oldi hududlarida joylashgan alternativ kon uchastkalarida qum-shagʻal qazib olish ishlari tashkil etiladi.
Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda respublikada qurilish koʻlamining kengayishi natijasida qum-shagʻal aralashmasini qazib olishga ehtiyoj keskin oshdi. Biroq koʻpchilik bu ehtiyojni qondirish uchun ertangi kunni oʻylamay, daryo oʻzanlaridan qonunga xilof ravishda katta miqdorda qum-shagʻal qazib olib, atrof-muhitga tuzatib boʻlmas zarar yetkaza boshladi.
Jumladan, 2023-yilda noqonuniy ravishda qum-shagʻal qazib olish bilan bogʻliq 303 ta holatda 68 milliard soʻm jarima qoʻllanilgan. Ushbu holatlarning 42 tasi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Daryo oʻzanlarida 1-1,5 metrgacha chuqurlikda qum va shagʻal qazishga ruxsat berilgan boʻlsada, 10 metr chuqurlikda qazilishi natijasida daryo oʻzani kengligi 400 metrgacha kengayib ketish holatlari kuzatilgan.
Qayd etish kerakki, ayni paytda xalqaro va mahalliy olimlar ishtirokida Chirchiq daryosini qayta tiklash loyihasi ishlab chiqilmoqda.