Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha viloyatda oʻtkazilgan reyd tadbirlari davomida daryoning chap qirgʻogʻidan davlat raqami yechib olingan texnika vositasi (yuklagich) yordamida ishlov berilmagan qum, qum-shagʻal aralashmalari “Hovo” hamda “Zil” yuk tashish avtotransport vositalariga yuklanib, olib chiqib ketilayotganligi aniqlandi.
Taʼkidlash joizki, “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoniga koʻra, 2024-yil 1-maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari oʻzanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan. Moratoriy davrida qum-shagʻal materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi.
Qum-shagʻal qazib olinish natijasida tabiatga 87 milliard 651 million 83 ming 344 soʻm zarar yetkazilganligi maʼlum boʻldi. 3 ta yuk tashuvchi avtotransport vositasi vaqtinchalik saqlab turish uchun Bekobod shahar hududidagi jarima maydonchasiga joylashtirildi. Ish yuzasidan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.