Monitoring natijalariga koʻra, vakolatli organlar baʼzi hollarda davlat xizmatlari koʻrsatishda amaldagi qonun hujjatlari talablarini qoʻpol ravishda buzayotgani aniqlanmoqda.

Xususan, “SAMARQAND-BUNYODKOR-QURILISH LOYIHA” MCHJ 2020-yil 25-dekabr kuni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Jomboy tumani, A.Qurbonov massivi hududidan 5 qavatdan iborat, 30 xonadonli turar-joy binosi qurilishining loyiha hujjatlarini kelishish toʻgʻrisida Samarqand viloyat Qurilish bosh boshqarmasiga soʻrov yuborgan. Soʻrovnoma mazkur boshqarma tomonidan koʻrib chiqilib, arxitektura qismini kelishish uchun Jomboy tuman Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga yuborilgan.

Biroq, ushbu soʻrovnomani yuborilganiga 5 oydan oshgan boʻlsada, hanuzgacha ijrosi taʼminlanmasdan qolmoqda. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan “Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda bir vaqtda obyektning zilzilaga bardoshliligi va yongʻin xavfsizligi boʻyicha loyihaviy yechimlarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning Maʼmuriy reglamenti”ning 21-bandida xulosa beruvchilar uch ish kuni mobaynida loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini koʻrib chiqishlari va ularga eʼtirozlar boʻlmagan holatda oʻz xulosalarini Qurilish bosh boshqarmasiga yuborishlari belgilangan.

Bu kabi holatlar Jomboy tuman SEO va JSX tomonidan “SAM PEM GASI” MCHJning 1 ta, “SHUKURJON-SHS” xususiy korxonasining 2 ta, “SAFO LOYIHA” MCHJning 1 ta, Toyloq tuman SEO va JSX tomonidan “JIZZAX BUNYODKOR LOYIHA” MCHJning 2 ta loyiha smeta hujjatlarini kelishish toʻgʻrisidagi soʻrovnomalarini koʻrib chiqishda ham takrorlangan. Shuningdek, Samarqand tuman SEO va JSX tomonidan “PARVIZ PROEKT SERVIS” MCHJ va “SHARQEVROPROEKT” MCHJning loyiha smeta hujjatlarini kelishish toʻgʻrisidagi soʻrovnomalari yuzasidan xulosalar ham kechiktirilib yuborilgan.

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan joriy yilning 3-fevral kuni loyiha smeta hujjatlarini kelishish xizmatini koʻrsatishda ishtirok etuvchi tashkilotlarning (Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, tuman shahar FVB va SEO va JSX) masʼullari ishtirokida amaliy seminar oʻtkazilib, masʼullarga ushbu davlat xizmatini koʻrsatishning amaldagi tartibi batafsil tushuntirib berilgan boʻlsada, soha masʼullari tomonidan qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilib kelinmoqda. Mazkur qonun buzilish holatlarini bartaraf qilish, kelgusida takrorlanishini oldini olish maqsadida aybdor xodimlarning javobgarlik masalasi koʻrib chiqilmoqda.

Yuqoridagilarga koʻra, Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi loyihachi tashkilotlarni loyiha smeta hujjatlarini kelishish xizmatini koʻrsatilishida qonun hujjatlari talablarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash maqsadida hamkorlikka chaqiradi. Bu turdagi davlat xizmatidan foydalanishda sansalorlik va qonun buzilish holatlariga duch kelsangiz boshqarmaga xabar berishlaringiz soʻraladi.

Sardor DAVRONOV,

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi

Boʻlim boshligʻi