Noqulay ob-havo tufayli elektr energiyasi yetkazib berishda yana cheklovlar kiritildi

    11-12-mart kunlari mamlakatimiz boʻylab yuz bergan kuchli yomgʻir va qattiq shamol tufayli tarmoqlarda avariyalar sodir boʻldi.

    Kutilmagan avariyalarning oldini olish maqsadida kecha elektr energiyasi yetkazib berishda 150 MVtgacha cheklovlar kiritildi.

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxoʻjayev maʼlum qildi.

    Kecha mamlakatimiz boʻylab kuchli yomgʻir va qattiq shamol tufayli elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 12 ta, gaz taʼminotida yuzaga kelgan 3 ta nosozlik bartaraf qilindi.

    Xususan, soat 10 dan 45 daqiqa oʻtganida Fargʻona viloyatida 110 kVli “L-Arsif” elektr uzatish tarmogʻi avariyaviy oʻchgan. Oqibatda Yozyovon va Toshloq tumanlaridagi 4 ming 300 ta isteʼmolchi hamda kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalari elektr taʼminotidan uzilgan. Soat 11:49 da 3 mingta isteʼmolchi boshqa manbadan ulangan. Soat 18 dan 43 daqiqa oʻtganida taʼminot toʻliq tiklangan.

    Soat 18 dan 5 daqiqa oʻtganida Fargʻona viloyatidagi 110 kVli “L-Charxiy-1” elektr uzatish tarmogʻida nosozlik kuzatilgan. Oqibatda Qoʻqon shahridagi 4 ming 200 ta isteʼmolchi va kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalari elektr taʼminotidan uzilgan. Soat 22 dan 7 daqiqa oʻtganida isteʼmolchilarning elektr taʼminoti toʻliq tiklandi.

    Soat 20 dan 20 daqiqa oʻtganida Toshkent shahrida 110/35/10 kVli “Teplichnaya” podstansiyasi 15 MVt quvvat bilan kuchlanishsiz qolgan. Oqibatda Mirobod va Sergeli tumanlaridagi 3 ming 700 ta isteʼmolchi elektr taʼminotidan uzilgan. Soat tungi 12 dan 22 daqiqa oʻtganida isteʼmolchilarning elektr taʼminoti qayta tiklandi.

    Bugun soat 8 dan 5 daqiqa oʻtganida Fargʻona viloyatida kuchli yomgʻir va shamol tufayli 6-10 kVli 11 ta elektr uzatish tarmogʻida nosozlik yuzaga kelgan. Oqibatda Beshariq, Dangʻara hamda Oʻzbekiston tumanlaridagi 7 ming 500 ta isteʼmolchi va kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalari elektr taʼminotidan uzilgan.

    Hozirgi vaqtda noqulay ob-havo sharoitiga qaramasdan maxsus brigadalar tarafidan ushbu nosozlik barataraf qilinmoqda.