Ma'lumki, ko'p kvartirali uyning yo'lak eshiklari va lifti nosoz holatda bo'lishi xavfli.Uni o'z vaqtida ta'mirlash, belgilangan muddatda almashtirish zarur bo'ladi.

Yunusobod tumanida joylashgan uylardan biridagi liftning kabina eshiklari yaxshi ochilmay qolgan, chiroqlari yonmaydi, lift qavatlar oralig'idagi maydonda turmaydi… Ta'mirlanadi ikki-uch kundan so'ng yana o'sha ahvol. Aholining yuqori qavatlarga chiqish va tushishi yanada qiyinlashib ketdi. Bundan tashqari, yo'lak eshiklari ham ma'nan eskirgan.

Qish kunlarida uy yo'laklariga sovuq kira boshlaydi. Ikkinchi tomondan eshikning nosozligidan ochiq qolishi ham xavfli. Iste'molchi K.E. O'zbekiston Respublikasi Monpoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga bu haqda murojaat qildi.

Mazkur murojaat O'zbekistan Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi huzuridagi Ko'p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspektsiyasining Toshkent shahar hududiy inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda joyida o'rganib chiqildi va muammo hal etildi.

Mazkur uyga xizmat ko'rsatuvchi “Millennium communal group” MCHJ tomonidan uyning ikkinchi kirish yo'lagidagi lift uskunasi va eshik joriy ta'mirdan chiqarilib, ishchi holatga keltirildi.

Asosiysi, 2021 yilning birinchi chorak yakuniga qadar lift uskunalari davlat dasturi asosida almashtiriladi va kirish yo'lagiga temir kodli eshik qo'yiladigan bo'ldi.

Ma'lumot o'rnida, bu bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 iyunda “2021-2027 yillarda respublikadagi ko'p kvartirali uylarning lift uskunalarini ta'mirlash va yangilashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilingan.

Manba: Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi