Notarius litsenziyasining amal qilishi malaka komissiya tomonidan to'xtatiladi

    Bilasizmi? 3 Iyul 2020 851

    Adliya vazirining buyrug'i bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to'g'risidagi nizom tasdiqlandi (ro'yxat raqami 3250, 26.06.2020 y.).

    Hujjat «Notariat to'g'risida»gi Qonun hamda Prezidentning 13.04.2018 yildagi «O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to'g'risida»gi PQ-3666-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

    Malaka komissiyasi hududiy adliya boshqarmasi boshlig'ining buyrug'i bilan uch yil muddatga tuziladi. Komissiya Notarial palatasining hududiy boshqarmasi vakillari, notariuslar, adliya organlarining xodimlari orasidan 5 nafardan 9 nafar kishigacha bo'lgan tarkibda toq miqdorda tuziladi. Komissiya o'z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qilishda mustaqil hisoblanadi. Uning faoliyatiga aralashishga yo'l qo'yilmaydi.

    Hududiy adliya boshqarmasi boshlig'ining notariat sohasiga rahbarlik qiluvchi o'rinbosari qoida tariqasida, komissiya raisi hisoblanadi. Mehnat ta'tilida, xizmat safarida bo'lgan vaqtda yoki boshqa uzrli sabablarga ko'ra ishda bo'lmagan hollarda hududiy adliya boshqarmasi boshlig'ining buyrug'i bilan uning boshqa o'rinbosari vaqtincha malaka komissiyasi raisi etib tayinlanadi.

    Malaka komissiyasiga litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turish yoki tugatish bo'yicha ma'muriy sudga ariza kiritish masalasini ko'rib chiqish uchun hududiy adliya boshqarmasi yoki Notarial palataning hududiy boshqarmasi rahbarining taqdimnomasi asos bo'ladi.

    Nizomda malaka komissiyasi faoliyatini tashkil etish bo'yicha Rais va kotibning majburiyatlari va ish tartibi, shuningdek yig'ilishlarni tashkil etish tartibi qayd etilgan, notarius tomonidan sodir etiladigan bir marta qo'pol ravishda qoidabuzarlik hisoblanadigan huquqbuzarliklar sanab o'tilgan.

    Malaka komissiyasi yig'ilishi bayonnomasi komissiyaning har bir a'zosi tomonidan imzolanadi va tasdiqlash uchun raisga taqdim etiladi. Bayonnoma tasdiqlangandan so'ng uning nusxasi kotib tomonidan yig'ilish o'tkazilgan kundan boshlab bir kun ichida tegishli hududiy adliya boshqarmasiga va Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasiga hamda notariusga etkazilishi ta'minlanadi. Notarius malaka komissiyasi qaroridan norozi bo'lgan taqdirda, ushbu qaror ustidan Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilish tartibi belgilangan.

    Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 26.06.2020 yildan kuchga kirdi.

    Bahodir Qayumov.