Notariuslar qogʻozbozlikdan xalos etiladi

    Raqamlashtirish 15 Dekabr 2023 691

    2023-yil 12-dekabrda Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining Notariuslar tomonidan ayrim notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi maʼmuriy reglamentlarni tasdiqlash haqida” 2020-yil 18-noyabrdagi 726-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Mazkur hujjatga muvofiq notarial harakatlarni amalga oshirishda notariuslar tomonidan “Notarius”. avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali elektron shaklda olingan maʼlumotlarni chop etish va hujjatlar yigʻmajildiga tikish talabi bekor qilinadi. Ushbu maʼlumotlar endilikda tizimda saqlanadi.

    Maʼlumot uchun: shu kunga qadar notariuslar quyidagi hujjatlarni chop etib yigʻmajildga tikishga majbur boʻlishgan:

    - yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari va davlat roʻyxatidan oʻtganligi haqida guvohnoma;

    - toʻlov amalga oshirilganligi haqida invoys;

    - jismoniy shaxsga vakillik qilish uchun ishonchnoma bergan shaxsning oʻlim haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilmaganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma;

    - mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligi haqidagi maʼlumotnoma va boshqalar.

    2024-yil 1-yanvardan boshlab koʻp kvartirali uylardagi koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq bitimlarni tasdiqlashda notariuslar mulkdorning majburiy badallar yoki toʻlovlar boʻyicha qarzdorligi mavjud emasligini Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining axborot tizimi orqali tekshirishadi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 13-dekabrdan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”

    .