Unda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov, Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi kengashi raisi Firdavs Abduxoliqov, mamlakatimizning YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi bosh kotibi Gayane Umerova, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu oʻlmas meros hamisha yonimizda boʻlib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bagʻishlashi lozim”, degan soʻzlari har bir ishtirokchini ayni jarayondagi loyihalar va mavzular muhokamasida faol boʻlishga undadi.
YUNESKO Bosh direktorining madaniyat masalalari boʻyicha muovini Ernesto Ottonening mazkur xalqaro kongress ishtirokchilari va mehmonlariga tabrigida shunday soʻzlar bor:
“Oʻzbekistonning madaniy boyligi mamlakat kelajagini qurishda muhim poydevor boʻladi. Madaniyat insonga tenglik va oʻxshashlik hissini beradi va jamiyatlar orasida oʻzaro moyillik uygʻotadi. Shu bilan birga, madaniy meros va ijod, ish oʻrinlari yaratish hamda aholi farovonligini oshirish orqali qashshoqlik koʻlamini kamaytirishda ham muhim rol oʻynaydi”.
Kongressda rasmiy doiralar va xalqaro tashkilotlar vakillari, dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlaridan 300 dan ziyod, shuningdek, 1000 ga yaqin mahalliy taniqli olimlar, yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.
— Pandemiya oylarida biz anchagina maʼlumotlar yigʻib olishga muyassar boʻldik, — deydi Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi kengashi raisi Firdavs Abduxoliqov. — “Oʻzbekiston madaniy merosi Italiya toʻplamlarida”, “Sugʻdiyona — Buyuk Ipak yoʻlining yuragi” mavzularidagi toʻplamlarning nazorat nusxalarini ham hozirlashga ulgurdik. Soʻnggi nashrni bosmaga tayyorlashda Rossiya, Xitoy, Oʻzbekiston, Italiya olimlari ishtirok etdi. Mamlakatimizning Buyuk Britaniya va Italiyadagi elchixonalari koʻmagida Londonning Viktoriya va Albert muzeyi hamda Rimning Jahon sivilizatsiyalari muzeyi vakillari bilan videomaslahatlar oʻtkazildi. Bu kabi aloqalar hamkorlikdagi faoliyatning umumiy strategiyasini ishlab chiqishga yordam beradi, albatta.
Haftalik doirasida jahon hamjamiyatining Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha 2025-yilgacha olib boradigan ishlarining “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash rejalashtirilgan. Shuningdek, mamlakatimiz muzeylari va kutubxonalariga “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” loyihasi kitob-albomlari va noyob qoʻlyozmalarning faksimilelariga sertifikatlar topshirish marosimi boʻlib oʻtadi.
— Ming yillar davomida Oʻzbekiston jahon tamadduni beshiklaridan biri boʻlib kelgan, — deydi Islom tarixi, madaniyati va sanʼatini oʻrganish markazi bosh direktori Xalit Eren. — Bu yerda shaharlar tarixidagi eng koʻhna aholi punktlari hamda yirik savdo va sayyohlik yoʻnalishlarining chorrahalari mavjud. Tarixdan bilamizki, Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasiga ulkan ilmiy va falsafiy hissa qoʻshgan davlat. Koʻhna qoʻlyozmalar va kitoblarni varaqlaganimizda, eksponatlar va epigrafikali meʼmoriy yodgorliklarni koʻzdan kechirganimizda ayni haqiqat aks etib turadi. Ushbu meros xazinalari hamisha xalqaro hamjamiyat va ayniqsa, musulmon dunyosining ilmiy qiziqishlariga sabab boʻlib kelgan. Shu bilan birga, bu noyob xazina akademik tadqiqotlar va xalqaro aloqalar uchun mavzular beradi. Oʻzbekiston madaniy merosi haftaligi mazkur yoʻnalishga hissa qoʻshuvchi tahsinga sazovor tashabbusdir.
Kongressda mamlakatimiz madaniy-tarixiy merosiga bagʻishlangan taqdimotlar va maʼruzalardan tashqari, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumidagi 35 ta noyob kitob-albomlarning taqdimoti ham boʻlib oʻtadi. Kitoblar, turli davrlarga oid va dunyoning turli mamlakatlari toʻplamlarida, jumladan, Chexiya, Hindiston, AQSH, Kanada, Italiya, Turkiya, Polsha, Buyuk Britaniya, Yaponiya muzeylari va shaxsiy kolleksiyalarida saqlanayotgan Oʻzbekiston sanʼat asarlarining rang-barang uygʻunligini oʻzida aks ettiradi. Ular orasidagi bir nechta jildlar mamlakatimizdagi Davlat tarixi muzeyi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan nodir asarlarga bagʻishlangan.
Shukuhli tadbirning kechki dasturidan oʻrin olgan “Milliy liboslar — yangi Renessans durdonasi” nomli modalar koʻrgazmasining ochilish marosimi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Uch kun mobaynida poytaxtimizda mahalliy yosh dizaynerlarning mualliflik defilesi oʻtkaziladi va ulardan eng yaxshilari Oʻzbekiston madaniy merosi haftaligining maxsus sovrinlari bilan taqdirlanadi.
Ajoyib namoyishlar va muhokamalar haqida Oʻzbekiston modelyerlar va dizaynerlar uyushmasi boshqaruvi raisi Xolida Komilova shunday fikr bildirdi:
— Koʻrgazma milliy oʻzbek libosini professional darajada oʻrganishning koʻp yillik natijalarini namoyish etadi. Bu jarayonga turli soha mutaxassislari — sanʼatshunoslar, dizaynerlar, liboslar loyihachilari va tarixchilar jalb etilgan. Koʻrgazmaga mamlakatimizning turli hududlaridan keltirilgan XIX asr oxiri — XX asr boshlariga oid 50 taga yaqin tarixiy liboslarning yirik kolleksiyasi tayyorlandi. Liboslarni yaratishda biz tarixiy aniqlik tamoyiliga qatʼiy amal qildik — matolar, bezaklar, pardozlar, ornamentlar, kashtachilik texnikasining bir necha asr oldingi qoʻllanilgan turlari va nusxalaridan foydalandik.
Oʻzbekiston Madaniy meros haftaligi mehmonlar va ishtirokchilar uchun yana koʻplab tadbirlarni tayyorlagan. Xususan, milliy kinolar premyeralari namoyishi, nodir xronik lavhalar, madaniyat va sanʼat mavzularida nashr etilgan kitoblar koʻrgazma-yarmarkalari hamda taniqli fan va madaniyat namoyandalari bilan ijodiy uchrashuvlar oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan.
Xalqaro kongress ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov soʻzga chiqdi.
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri