Uchrashuv davomida Isroil tomoniga Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati nomidan “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” turkumiga oid kitob-albomlar, shuningdek, 2020-yilda “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti tomonidan nashr etilgan “Oʻzbek tili imlo lugʻati” sovgʻa qilindi. Oren Vaynberg sovgʻa qilingan kitoblar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Isroil tomoni qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishda Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona bilan hamkorlik oʻrnatishga qiziqish bildirdi.
Shu bilan birga, Isroil Milliy kutubxonasi maʼmuriyati fondda saqlanayotgan Oʻzbekistonning madaniy merosi bilan bogʻliq noyob nashrlar bilan mehmonlarni tanishtirdi. Xususan, taniqli shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiyning “Xamsa” (Balx, 1829) asari va buyuk olim-astronom va matematik Mirzo Ulugʻbekning asosiy ilmiy asarlaridan biri boʻlgan “Yulduzlar jadvali” nusxalari namoyish etildi, deya xabar bermoqda “Oʻzbekiston madaniy merosi loyihasi” telegramm kanali oʻz sahifalarida.