O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan Tyan-shan qo‘ng‘ir ayiq turiga mansub bo‘lgan ushbu ayiq bolasi onasi uyquga ketishdan oldin adashib qolgani taxmin qilinmoqda.
Qishning hozirgi sovuq kunlarida uning yovvoyi tabiatda ozuqa topolmay nobud bo‘lishi hamda brakonerlar tomonidan ovlanishi ehtimoli yuqori ekanligi inobatga olinib, Tabiat resurslari vazirligi tomonidan ayiq bolasi veterinariya ko‘rigidan o‘tkazish va vaqtincha saqlab turish maqsadida Toshkent hayvonot bog‘i qoshidagi reabilitasiya markaziga topshirilmoqda.
Vazirlik hamda Toshkent hayvonot bog‘i mutaxassislari bahor fasli boshida ushbu ayiq bolasini “Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligidagi tabiat bag‘riga qo‘yib yuborishni rejalashtirmoqda.
Tabiat resurslari vazirligi noyob va yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turgan qo‘ng‘ir ayiqning bolasini saqlab qolishda faollik ko‘rsatgan “Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari hamda Sariosiyo tumani Ekologiya bo‘limi inspektorlariga minnatdorlik bildiradi.