“Qayering ogʻrisa, joning oʻsha yerda”, deydi dono xalqimiz. Odamlarning dardu tashvishini yengillatishning savobi ulugʻ. Namangan viloyati, Mingbuloq tumanida aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat koʻlami darajasi kundan-kunga, yildan-yilga yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Tinimsiz saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, tuman tibbiyot birlashmasi tarixida yangi sahifa ochildi.
Mamlakatimizning taniqli shifokorlari bilan birgalikda yangi turdagi yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti koʻngildagidek oʻtkazildi.
Gigant paxta punktida uzoq yillar samarali mehnat qilib nafaqaga chiqqan Nazlifa Bektemirova pandemiya davrida oʻziga koronavirus yuqtirgandi. Ogʻir xastalik asoratlari boshqa kasalliklarda oʻzini namoyon eta boshladi. Keyingi yillarda tayanch harakat aʼzolarida kuzatilayotgan muammo sekin-asta kattalashib, uni qiyin ahvolga solib qoʻydi.
Kuzda Respublika nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazida oʻng oyogʻida oʻtkazilgan total endoprotezlash jarrohlik amaliyotidan soʻng dardi biroz arigandek boʻlgandi. Ammo keyinroq chap oyogʻiga ham qattiq ogʻriq kirdi. Opaning tuman tibbiyot birlashmasiga murojaati tezkorlik bilan ijobiy yechim topdi. TTB boshligʻi Obidjon Qoʻldoshevning tashabbusi bilan Toshkentda olib borilgan jarrohlik amaliyotining davomi tuman markazi Jomashoʻyda bajariladigan boʻldi.
Respublika nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi protezlash boʻlimi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, mohir ortoped-travmatolog Umarali Xanapiyayev shogirdi Ikromiddin Bozorov bilan Mingbuloqqa keldi. Tajribali shifokorlar bemor holatini chuqur oʻrganib, Nazlifa opaning chap oyogʻida ham endoprotezlash amaliyotini oʻtkazish zarur, degan fikrga kelishdi.
Mohir, tajribali doktor rahbarligida nozik va murakkab jarrohlik amalga oshirildi. Umarali Barotovichga tuman tibbiyot birlashmasi rejali jarrohlik boʻlimi mudiri Azimjon Rahimov, shoshilinch tibbiy yordam boʻlimi mudiri Muxtorjon Tojiboyev va anesteziolog Mahmudjon Qodirovlar yordamlashib turishdi va amaliyotchi olimdan “mahorat sabogʻi”ni oʻzlashtirishdi.
— Onam koronavirus pandemiyasi paytida ancha dard chekkan edi. Oʻshanda oq halatli fidoyilarning beminnat xizmatlari tufayli hayoti saqlab qolingandi. Bugun yana davolanish uchun yana shifoxonada. Davlatimiz tomonidan yaratilgan keng imkoniyatlar bois, jonkuyar xaloskorlarning chin koʻmagi bilan salomatliklarini qayta tiklash uchun jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Hozir yurtimizda keng quloch yozgan “Inson qadri uchun!» shiori ostidagi xayrli yumushlarning amaldagi isbotiga oilamiz misolida guvoh boʻldik. Qoʻli yengil madadkorlarga ming rahmat, barchangizdan bir umr minnatdormiz va duodamiz, — deydi onaxonning qizi Shahnoza Bektemirova.
66 yoshli ayolning chap chanoq son boʻgʻimida Oʻzbekistonning nomdor doktorlari va mahalliy shifokorlar hamkorligida amalga oshirilgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli uddalandi. Endi Nazlifa opaning sogʻayib, tez orada shaxdam qadam tashlashiga shubha yoʻq.
Abdulla GʻOZIYEV,
jurnalist