Nukus DPI qizlar voleybol jamoasi Oʻzbekiston chempioni boʻldi

    Shu yilning 24-31-may kunlari Jizzax viloyatida sportning voleybol turi boʻyicha ayollar oʻrtasida XXIX Oʻzbekiston chempionatining yakunlovchi beshinchi tur musobaqalari hamda erkaklar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionatining pley-of bahslari boʻlib oʻtdi.

    Fevral oyida start olgan Oʻzbekiston birinchiligining dastlabki tur oʻyinlaridan buyon raqib jamoalarga hech qanday imkoniyat qoldirmasdan, ochkolar boʻyicha birinchilikni qoʻldan bermay kelgan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus davlat pedagogika instituti qizlar terma jamoasi soʻnggi tur musobaqalarida ham oʻzlarining yuqori mahoratini namoyon etdi.

    Oʻtkazilgan besh tur natijalariga koʻra, umumiy 58 ochko bilan Institut qizlar terma jamoasi voleybol boʻyicha XXIX Oʻzbekiston chempionatining gʻolibi boʻldi.

    Ikkinchi oʻrinni 53 ochko toʻplagan Namangan, uchinchi oʻrinni esa 52 ochko jamgʻargan Andijon viloyati jamoalari egalladi.

    Shuningdek, Namangan muhandislik-qurilish institutining “Parvoz” erkaklar jamoasi esa pley-of bahslarida ishtirok etgan yagona oliy oʻquv yurti jamoasi sifatida tarixda qolib, oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatida uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

    Chempionatning taqdirlash marosimida bir nechta nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, ular orasida institut qizlar terma jamoasi bosh murabbiyi Azat Kazakov “Eng yaxshi trener”, Nukus DPI voleybol jamoasi “Eng yaxshi jamoa”, jamoa aʼzolaridan Indira Nasratdinova “Eng yaxshi oʻyinchi”, Gulbazar Nuranova “Eng yaxshi toʻsuvchi”, Maqsuda Yuldasheva “Eng yaxshi jamoa sardori” sifatida taqdirlandi.

    Shunday qilib, voleybol boʻyicha ayollar oʻrtasidagi XXIX Oʻzbekiston chempionati gʻoliblariga maxsus diplom, oltin medallar va chempionlik kubogi tantanali ravishda topshirildi.

    Shuningdek, “Parvoz” jamoasi bosh murabbiyi, NamMQI dotsenti Shuhrat Maʼqulov ham yilning eng yaxshi murabbiyi deb eʼtirof etildi.