Darhaqiqat, kitobda barcha sohalarda amalga oshirilishi lozim bo'lgan muhim islohotlar qamrab olingan. Unda sohalar vakillari zimmasidagi ulkan vazifalar ko'rsatib berilgan bo'lib, bu shu yurtda yashayotgan har bir insonni kelgusida ulkan ma'suliyatni his qilishiga undaydi.
Oliy ta'lim sohasida faoliyat ko'rsatayotgan ziyoli sifatida ushbu asarning “Ma'naviy taraqqiyot” yo'nalishi xususida ayrim mulohazalarimni bildirishni joiz deb bilaman.
Bu yorug' dunyoda yashayotgan inson borki, umr yo'llarida halovat topmoq istaganda bir nurga intilib yashaydi. U inson qalbidagi ilohiy nur, shu'la, yuraklarni yondirguvchi mash'ala ma'naviyatdir. Ma'naviyatli inson tafakkur qiladi, fikrlaydi, mulohaza yuritadi. Ma'naviyati butun inson qalbida ezgulik hukmronlik qiladi.
Shu o'rinda Prezidentimizning “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo'lsa, uning joni va ruhi ma'naviyatdir”, degan so'zlarini keltirishni joiz deb bilaman. Ushbu so'zlar bejizga aytilmagan. Bu yangi O'zbekistonni bunyod etishda ham iqtisodiyotga, ham ma'naviyatga tayanilishining e'tirofidir.
Prezidentimiz quyidagi purma'no so'zlarni aytganlarida ming bora haq edi: “Har qaysi davlat, har qaysi xalq intellektual salohiyati, yuksak ma'naviyati bilan qudratlidir”.
Ha, dunyoni o'z ilmi bilan lol qoldirgan Mirzo Ulug'bek, Al-Farg'oniy, Burhoniddin Marg'inoniy, Mahmud Zamaxshariy, she'riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy, harbiy taktikasi bilan dunyoga dong'i ketgan, markazlashgan davlat tuzgan Amir Temur yoki hadis ilmining sultonlari Imom Buxoriy, At-Termiziy kabi olimu fuzalolar, allomalar avlodi bo'lgan xalq hech qachon ma'naviy sohada ortda qolmaydi.
Ular qoldirgan ulkan ma'naviy meros ma'rifatli jamiyatni qurishda munavvar yog'du sifatida xizmat qiladi. Ha, ma'naviyatni beixtiyor munavvar yog'duga mengzagim keldi. Munavvar yog'duning shu'lasi qanchalik nurafshon bo'lsa, ko'ngillar shunchalik yog'dulanadi. Qalblar yorishadi.
Shu o'rinda Farg'ona politexnika institutida faoliyat ko'rsatayotgan bir ziyoli sifatida shuni ayta olamanki, ma'naviy-ma'rifiy sohadagi islohotlarni amalga oshirishda, davlatimiz rahbari istaganiday, ma'rifatli jamiyat qurish yo'lida jamoamiz bilan munosib hissamizni qo'shamiz. Talaba yoshlarimizni darsdan bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishlari uchun chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqib, kelgusida turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, tanlovlar o'tkazishni, ijodiy klublar ochishni, sohadagi faoliyatni aks ettiruvchi turkum ko'rsatuvlarni tashkil etishni rejalashtirganmiz.
Institutda faoliyat ko'rsatayotgan ma'naviy-ma'rifiy sohadagi to'garaklarning natijadorligini oshirish yo'lidagi xayrli ishlarimizni davom ettirishni niyat qilganmiz. O'ylaymanki, “Yangi O'zbekiston strategiyasi” kitobi bu yo'lda nurli kelajagimiz uchun muhim dastur, ezgulik nurini ulashishda mayoq vazifasini o'taydi.
Nurli kelajak uchun qadam tashlayotgan qalblar hamisha yulduzdek porlab, yonib turaveradi hamda munavvar yog'du bo'lib nur sochib turgan ma'naviyat ma'shalasidan jilvalanaveradi. Zero, bu munavvar yog'du Allohim sevgan shu yurtda yashayotgan har bir insonning qadri yanada ulug' bo'lishi uchun nur sochaveradi. Ilohim, qalbimizdagi munavvar yog'dumiz hech qachon so'nmasin. Nurli kelajagimiz uchun qilayotgan ibratli ishlarimiz xayrli bo'lsin.
Mirzohid Botirov,
Farg'ona politexnika instituti prorektori.