Keyingi paytda taʼlim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, oʻqitish metodlari, taʼlim standartlari, darslik va oʻquv qoʻllanmalarini yangilash, bilim berishda ilgʻor tajribalardan foydalanish barobarida milliy anʼana va qadriyatlarga suyanish masalasi birlamchi vazifalar qatoridan joy oldi. Zero, davlatimiz rahbari ham “Maʼlumki, yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega boʻlib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda”, degan fikrni ilgari surganida tarbiya gʻoyat nozik masala ekaniga yana bir karra ishora qilgani bejiz emas.
Oʻzbekona tarbiya sharofati
Aslida oʻzbek tarbiyasi dunyodagi eng goʻzal tarbiyalardan, desak xato boʻlmaydi. Oʻzbekona munosabat aks etgan “Oʻtkan kunlar” asarini chet elliklar eʼtirof etayotganini buning misoli sifatida aytishimiz mumkin. Avvalo, ota va onaning bir-biriga, farzandlarning ota-onaga, shuningdek, kelinning qaynota-qaynonaga qanday munosabatda boʻlishi, umuman, risoladagi oʻzbek oilasi asarda aniq-tiniq tasvirlangan. Ana shunday ibratli oilaviy munosabatlarimizni saqlab turish, farzandlarimizni chinakam oʻzbekona tarbiya asosida kamolga yetkazish bilan ayrimlar oʻylayotganidek, zamondan ortda qolmaymiz. Aksincha, zamonaviylik goʻzal tarbiya bilan uygʻunlashganida, shaxsni yanada barkamol etadi. Negaki, ommaviy madaniyatga ergashmay, zamonaviy ilmlarni puxta egallash, dunyo tillarini bilish orqali jamiyatda munosib oʻrin topishning oʻzi shaxsning zamon bilan hamqadamligini ifodalaydi. Shu maʼnoda, bugun maktablarimizda 4 ta fanni uygʻunlashtirgan “Tarbiya” fani oʻqitila boshlagani, mavzularga milliy qadriyatlarimiz, goʻzal odatlarimiz singdirilgani ayni muddao boʻldi.
Biroq, bugungi axborot xuruji shiddat bilan oʻsayotgan davrda ayrim yoshlar tarbiyasi, maʼnaviyati bilan bogʻliq ogʻriqli masalalarni ota-ona, oʻqituvchilarning oʻzigagina tashlab qoʻyib boʻlmaydi. Bu borada astoydil, tizimli ishlash talab qilinmoqda.
Qogʻozda emas, amalda!
Joriy yil 19-yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi va Yoshlar ishlari agentligi har bir mahallada “Bir nuroniyga oʻn nafar yosh”, “Keksa avlod uchrashuvlari” loyihalarini amalga oshirishi belgilab qoʻyildi.
Zero, oʻtgan yilning mart oyidan hayotimizga tatbiq etilgan “Har bir nuroniy — besh nafar yoshga maʼnaviy homiy” loyihasi doirasida koʻplab yoshlarning dunyoqarashi, hayot yoʻli, oilaviy turmush tarzi ijobiy tomonga oʻzgardi.
2021-yilning 19-yanvar kuni maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz yoshlar maʼnaviyatini oshirish masalasiga alohida toʻxtalib, “Biz “Nuroniy” jamgʻarmasining Toshkent shahridagi tajribasi asosida “Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyili boʻyicha muhtaram oqsoqollarimiz, kayvoni onaxonlarimizni tarbiyasi ogʻir, maʼnaviy koʻmakka muhtoj, uyushmagan, ishsiz yoshlarga biriktirib qoʻyishga qaratilgan ibratli tashabbusini qoʻllab-quvvatlaymiz. Albatta, katta tajribaga ega boʻlgan nuroniylarimiz oʻzlarining hayotiy oʻgitlari bilan yoshlarimizga toʻgʻri yoʻl koʻrsatsa, buning foydasi katta boʻladi. Ana shu ishlarni amalga oshirish uchun “Maʼnaviy-ahloqiy tarbiya dasturi”ni ishlab chiqib, unda taʼlim tizimi, mahalla, nuroniy, xotin-qizlar, yoshlar hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlarining vazifasini aniq belgilab qoʻyish zarur”, deya taʼkidlagan edi.
Shu kuni davlatimiz rahbari poytaxt tajribasidan kelib chiqib, barcha hududlarda “Har bir nuroniy besh nafar yoshga murabbiy” tamoyili asosida yangi tizim joriy etish vazifasini yukladi. Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida “Mahallalarda aholi orasida obroʻli, katta hayotiy tajribasi bor boʻlgan nuroniylarni yoshlarga biriktirish va ular bilan olib boriladigan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar dasturi hamda yangi tizimni joriy etish yuzasidan yoʻriqnoma” ishlab chiqilib, hududiy boshqarmalarga yuborildi.
2021-yilning dekabr oyi holatiga tayyorlangan hisobotlar tahlili shuni koʻrsatdiki, joylarda olib borilgan targʻibot-tashviqot ishlari natijasida yangi tizim doirasida sezilarli natijaga erishilgan. Xususan, Namanganda 11640 nafar nuroniyga biriktirilgan 58200 nafar yoshning 57435 nafari (98,7 foiz), Fargʻonada 2582 nafar nuroniyga biriktirilgan 15 278 nafar yoshning 15 245 nafari (99,8 foiz), Qashqadaryoda esa 6611 nafar nuroniy homiylikka olgan 29 217 nafar yoshning 28 920 nafari (98,9 foiz) roʻyxatdan chiqishga muvaffaq boʻlgan. Oʻylaymizki, yoshlar bilan ishlashning endigi bosqichida Xorazm, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida ham samaradorlik yaxshilanadi.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining Keksalar va faxriylarning ijtimoiy faolligini rivojlantirish boʻlimi taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan vaqt mobaynida yangi tizimda olib borilgan ishlar natijasida respublika boʻyicha jami 9260 ta MFY, OFY, SHFYlarda 30 603 nafar murabbiyga biriktirilgan 146 578 nafar yoshdan 136 766 nafari roʻyxatdan chiqarildi.
Yuqorida qayd etilganidek, raqamlardagi oʻzgarishlar olib borilgan saʼy-harakatlar samarasi, albatta. Barcha hududlarda yangi tizimni samarali tashkil etish yuzasidan seminarlar tashkil etilib, tizim faoliyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish yuzasidan targʻibot-tashviqot ishlari olib borildi. Xususan, Tayloq tumanidagi shunday seminar aholisining 40 mingdan ziyodini yoshlar tashkil qiluvchi hudud ijtimoiy hayotida muhim ahamiyat kasb etdi. Tumanda 250 nafar nuroniyga biriktirilgan 750 nafar yoshning koʻpi ishli, hunarli boʻlgani barobarida, aksariyati toʻgʻri yoʻlga qaytib, roʻyxatdan chiqarilgan. Yana uch mingdan ziyod yoshlar nuroniylarga biriktirilgan.
Navoiy viloyatida oʻtkazilgan tadbirlarda 200 dan ziyod yosh tadbirkorlikka jalb etilgan. 500 dan ortigʻi joylardagi toʻgaraklarga jalb qilinib, 85 ta notinch oila muammolari hal etilgan.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining Quyi Chirchiq tumani boʻlinmasi hamda tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi bilan hamkorlikda hududdagi 37 ta mahalla raislari ishtirokida tanqidiy-tahliliy muhokama yigʻilishi oʻtkazildi. Qibray tumanidagi “Bunyodkor” mahallasida oʻtkazilgan seminarda vazirlik vakillari, tuman hokimi oʻrinbosari, tuman “Nuroniy” jamoatchilik kengashi raisi hamda mahalla raislari va ularning keksalar boʻyicha maslahatchilari ishtirok etgani esa tizim faoliyati qatʼiy nazoratda ekanidan dalolat beradi.
Aniq misollarga toʻxtalganda, Namangan viloyati Uychi tumani “Mustaqillik” MFYda yashovchi Noʻmonjon Rahimjonovning fikrlarini alohida tilga olishni istardik:
– 1997-yilda tugʻilganman. Yoshlik qilib, kattagina bir janjalga aralashib qoldim va jamiyatdagi oʻrnimni yoʻqotib qoʻygandek boʻldim. Mahalladan 5 nafar yoshga biriktirilgan nuroniy Tursunboy Xudoyberdiyev menga ota-onamdek jon koyitdi. Qaysi tashkilotga boʻlmasin, men bilan birga borib, masalani ijobiy hal qildi. Bir narsaga amin boʻldimki, moddiyatni inson oʻz kuchi bilan topishi mumkin ekan. Ammo maʼnaviy dalda, ruhiy koʻtarinkilikni baʼzan pulga ham topa olmaymiz. Otaxonning pand-nasihatlaridan qattiq taʼsirlandim. Oʻzimni oʻnglash yoʻliga kirdim. Eng quvonchlisi, kuni kecha joriy etilgan yangi lavozim — mahalladagi yoshlar yetakchisi boʻlib faoliyat boshlayapman. Endilikda yoshlar bilan ishlayotganimdan hursandman. Ularga hech qachon adashmaslik, kattalarning nasihatiga quloq tutish, keksalar yoʻrigʻiga amal qilishni tavsiya qilaman. Yoshlar yetakchilariga imtiyozlar berilgani uchun Prezidentimizga rahmat aytaman.
Ayni tumanda istiqomat qilayotgan Gavhar opa Normirzayeva farzandi Musojon Ergashevga biriktirilgan nuroniy Maʼruf ota Yoʻldoshevning beminnat koʻmagidan xursand ekanini aytadi. Zero, 8 oy ozodlikdan mahrum etilib, afv orqali oilasiga qaytgan Musojon hozirgi kunda poytaxtda yaxshi korxonada ishlayapti, oilasini oʻzi tebratyapti. Turmush oʻrtogʻi bundan besh yil avval kasallikdan vafot etgan bu ayolning oʻzi “Temir daftar”da, oʻgʻli esa “Yoshlar daftari”da roʻyxatda. Nuroniy murabbiyning yordami bilan Musojon ruhan ham ancha tetiklashgan, dunyoqarashi butunlay oʻzgargan.
Fargʻonalik Muhammadali ota Boymirzayev “Gʻayrat” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiladi. U 28 yildan beri mahalla oqsoqoli, yigʻinning nuroniylar maslahatchisi sifatida el hurmatiga sazovor boʻlgan. Uning saʼy-harakati bilan yoshlar uchun kutubxona va mahalla muzeyi tashkil etildi. Ushbu mahalla kutubxonasi yoshlarning sevimli maskani boʻlib, 2000 dan ziyod kitob fondiga ega.
Nuroniy himoyaga muhtoj yosh oila Ravshanbek Mirzaahmedov xonadoniga beminnat yordam koʻrsatib kelmoqda. Notinch oilalardan hisoblangan Nematjon Roʻzaliyev oilasida ham muntazam tarbiyaviy suhbat oʻtkazib kelinadi. Bu mehnatlari evaziga Jahongir Meliboyevning oilasi mahalladagi namunali oilalardan biriga aylandi.
Darhaqiqat, bugun har qanday vazifani qogʻozda emas, amalda tashkil etishni davrning oʻzi taqozo etyapti. Prezidentimiz qoʻllab-quvvatlashga bel bogʻlagan yangi tizimdan koʻzlanayotgan maqsad milliy qadriyatlarga sadoqatli, vatanga muhabbatli, maʼnan barkamol insonlarni kamolga yetkazishdir. Buning uchun har bir yosh qalbiga yoʻl topish, ularni turli taʼsirlardan asrash talab qilinadi.
Kimlar homiylikka olinadi?
Koʻpni koʻrgan, xalq tili bilan aytganda, boshidan issiq-sovuqni koʻp oʻtkazgan keksa murabbiylar mahallalardagi muammoli yoshlarga biriktiriladi. Ular hech qayerda ishlamaydigan yoki ishli boʻlsa-da, oilasi notinch, tashqi taʼsirlarga berilib qolgan, umuman, kattalarning maslahatiga muxtoj boʻlgan yoshlar. Eng muhimi, profilaktik roʻyxatda turganlar ham maʼnaviy xomiyga biriktirilmoqda. Bunday yoshlar bilan nafaqat tarbiyaviy tadbirlar, balki kasbga yoʻnaltirish, oʻqishini tiklash ishlari ham olib borilyapti. Bu kabi ishlar ular hayotida keskin oʻzgarishlar yasayotgani bilan ahamiyatli, ammo aks holatlar ham boʻlmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Ayniqsa, taʼlim muassasalari rahbarlariga oʻz nazoratiga olishga vaʼda berib, ota-onasi ham yoʻlga sola olmayotgan yoshlarni oʻqishga qaytarish chinakam fidoyilikni talab qiladi. Shu maʼnoda, murabbiylarga oson emas.
Axir oʻzingiz oʻylang, vaqti kelsa, eng kichik vatanimiz — oilamizda sof muhit yaratish, farzandlarimizni notoʻgʻri yoʻllardan qaytarishga qanchalar qiynalamiz? Shuning uchun ham yoʻlini topolmay tentirab yurgan oʻgʻil-qizlarning tayin bir ishga yoʻnaltirilgani yoki usta-shogirdlik asosida bir hunarni oʻrganayotgani, oʻqishiga qayta tiklangani kabi ishlarning oʻz-oʻzidan boʻlmayotgani, buning uchun tizimli bir mexanizm yaratilayotganini chuqur his qilish lozim.
Qari bilganni pari bilmas...
Aslida, koʻr-koʻrona ishlash bilan kimni aldashimizni oʻylab koʻrishning oʻzi kifoya. Har bir ishga vijdonan yondashadigan odamlar bugun xalq tomonidan oʻz bahosini oladigan vaqt keldi. Nafaqat maʼnaviy koʻmakka muhtoj, balki har bir yosh yigit-qiz qari bilganni pari bilmasligini chuqur his qilsa, goʻzal tarbiyamiz, boy maʼnaviyatimiz, milliyligimizga hech qachon putur yetmaydi. Zero, biz mahallasida bir bola yoʻlidan adashsa, loaqal “kimning bolasisan, otang yaxshi odam edi-ku”, deya tanbeh bergan ajdodlarning avlodlarimiz...
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri