Anvar Madraimovning diplom ishi “Holy short films” festivalining “Yosh rejissyorlar” kategoriyasida gʻolib boʻlgan. Hakamlar hayʼati tomonidan butun dunyodan ishtirok etgan 4 ming ta kinofilmlar ichidan eng yaxshisi deya eʼtirof etilgan. 2018-yilda oʻqishni bitirib, Oʻzbekistonga qaytib kelgach, Anvar “Oʻzbekkino” MAga murojaat qilgan. Biroq u bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilmagan. Keyinchalik postprodakshn agentligini tashkil etadi, AQSHdan asbob-uskunalar olib keladi va premium darajasida ranglashtirish boʻyicha ishladi.

Bugun “Oʻzbekkino” MAning yangi rahbariyati yosh rejissyorni muzokaralar uchun taklif qildi va uning dastlabki yirik loyihasi boʻyicha kelishuvga erishildi. Kinoloyiha real voqealarga asoslangan boʻlib, zamonamiz qahramoni, Tashkent City qurilishida minorali kran operatori sifatida faoliyat yuritayotgan Nargiza Arslonova haqida. Loyihaning bosh hamkori sifatida Toshkent shahar hokimiyati ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

— Oʻzbek kinosi tomoshabinga ijtimoiy masalalar haqida soʻzlashi kerak. Misol uchun men raqamli davrda yashayotgan zamonaviy yoshlar va katta avlod va yoshlar qiziqishlari oʻrtasidagi farqlar haqida film tomosha qilishni istagan boʻlardim. Maʼnaviy va axloqiy meʼyorlar boʻyicha ularning qarashlari oʻrtasida qay darajada farq bor? Ular oʻzaro murosaga erisha oladilarmi? Bu juda qiziqarli va dolzarb masala, – deydi Anvar Madraimov.

— Bizda gʻalabalarga, hatto oʻz ustimizdan gʻalaba qozonishga ilhomlantiradigan motivatsion filmlar yetishmaydi. Bizga super kuchga ega odamlar haqida emas, balki oramizda yashayotgan va har kuni jasorat koʻrsatadigan insonlar haqida film kerak. Bular shifokorlar, koʻngillilar, masalan, sport sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishgan imkoniyati cheklangan odamlar boʻlishi mumkin.

Misol uchun, men qush parvozi balandligida ishlab bir qoʻl harakati bilan 8 tonnagacha yukni koʻtaradigan yosh qiz Nargiza haqida film suratga olishni rejalashtiryapman. Yoki yana bir qiziqarli mavzu – 30 yoshli odam Toshkentda millioner boʻlishi mumkinmi? Zamonaviy oʻzbek kinosida bunday filmlar hamda bu kabi mavzular juda ham kam, negaki sohada yoshlar kam.

Biroq bugungi kunda “Oʻzbekkino” MA yosh isteʼdodlarga katta eʼtibor qaratayotgani, ularning gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlayotgani, grantlar ajratayotgani va chet ellarda taʼlim olish uchun imkoniyat yaratilayotganini koʻrish quvonarli hol. Agentlik binosida yangi qurilgan zamonaviy yoshlar ijodiy laboratoriyasi — bu katta qadam va rejissyorlikni endi boshlayotganlar uchun uchrashuvlar oʻtkazish, fikr almashish yoki ijodiy, qulay muhitda ishlash uchun ajoyib imkoniyatdir!

Loyihani amalga oshirish ishlari yil soʻngiga qadar boshlanishi taʼkidlandi.