Obodlikka har birimiz mas'ulmiz Achchiq, ammo ochiq gaplar

    Dolzarb 4 Iyul 2020 987

    Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida yoʻllar va hududlar infratuzilmasini yaxshilash, ekologik qonunchilik ijrosini taʼminlash, hududning sayyohlik salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari qizgʻin muhokama qilinmoqda.

    Bu bejiz emas. Zero, Boʻstonliq tumani oʻziga xos noyob tabiati, zamonaviy imkoniyatlari, betakror manzaralari bilan nafaqat yurtdoshlarimizning, balki xorijlik sayyohlarning ham diqqat-eʼtiborini oʻziga tortib keladi.

    Shu bois, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-maydagi “Chorvoq erkin turistik zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, hududda sayyohlarga zamonaviy sharoit yaratishga qaratilgan investitsiya loyihalari uchun joy olish, soliq va boshqalardan koʻplab imtiyozlar belgilangan. Afsuski, bu imkoniyatlardan barcha toʻgʻri foydalanyapti, deb boʻlmaydi. Respublika ishchi guruhi tomonidan ushbu hududda amalga oshirilgan oʻrganish va monitoring natijalari buni yaqqol isbotladi.

    Qurilish meʼyorlariga zid ravishda taqiqlangan hududda, togʻ qiyaliklari yoqasida yoki yoʻllar, suv muhofaza hududlarini oʻzboshimchalik bilan egallab qurilgan inshootlar tabiatga ziyon yetkazish barobarida mahalliy aholi uchun noqulaylik tugʻdirmoqda. Qolaversa, xorijiy va mahalliy sayyohlarga zamonaviy xizmat koʻrsatish imkoniyatini ­cheklamoqda.

    Endilikda Boʻstonliq tumaniga sayyohlar oqimi koʻpayib borayotganini inobatga olgan holda ular uchun yana-da qulay sharoit yaratish, yoʻllarni kengaytirish orqali tirbandliklarning oldini olish, eng muhimi, tabiatni asl holicha saqlash maqsadida respublika ishchi guruhi va sud qaroriga koʻra, bunday qurilishlar noqonuniy deb topildi.

    — Shaharsozlik kodeksida yoʻl chetidan lotok, koʻkalamzorlashtirish hududi va piyodalar yoʻlagi uchun joy ajratish belgilangan, — deydi Boʻs­tonliq tumani bosh arxitektori Olimjon Nazirov. — Afsuski, oʻtgan yillarda masʼul davlat tashkilotlarining bu qoidalarga rioya etmagani natijasida aholining yoʻllarning muhofaza hududiga qurilgan imoratlariga kadastr hujjatlari berib yuborilgan. Endi shunday hududlarda qurilgan imoratlar noqonuniy qurilma maqomini oldi. Albatta, tuman hokimligi va tegishli idora-tashkilotlar tomonidan bu jarayonda mulk egalarining huquqlarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Imoratlari buzilganlarga baholash tashkilotlari chiqarib bergan narx boʻyicha tovon puli toʻlandi. Baʼzilarga esa buzilgan maydon oʻrniga boshqa joydan yer ajratiladigan boʻldi. Shu tariqa fuqarolarning roziligi bilan noqonuniy imoratlar va qurilmalar buzilmoqda.

    Tumanda bugunga qadar 365 ta, jami 37,5 ming kvadrat metr koʻchmas mulk inshootlari xatlovdan oʻtkazildi. Shuningdek, “Xoʻjakent”, “Chinor”, “Xumson” mahallalari hududidan oʻtuvchi Ugom daryosining 25 metrlik muhofaza mintaqasida 150 ta holat boʻyicha 16,7 gektar yer maydoni hamda qurilishi bor 26,6 ming kvadrat metr maydon toʻliq xatlovdan oʻtkazildi.

    Chinor avtomobil yoʻlining muhofaza hududida joylashgan yengil konstruksiyali 21 ta bostirma, oʻzboshimchalik bilan barpo etilgan qurilmalar, temir toʻsiqlar buzib tashlandi. Yer maydonlarini oʻzboshimchalik bilan egallash va talon-taroj qilish bilan bogʻliq holatlar yuzasidan 6 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 10 nafar shaxsga nisbatan ayblov eʼlon qilingan.

    — Bu ishlarning barchasi aholi manfaatini koʻzlab amalga oshirilmoqda, — deydi “Chimyon” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Yoʻldosh Maʼdiyev. — Zero, obod qilingan bu yoʻllardan, avvalo, shu hududda yashaydigan fuqarolar foydalanadi. Qolaversa, yurtimizga chetdan kelayotgan sayyohlar bizga yashash tarzimiz, obodonchilik ishlarimizga qarab baho beradi. Mahallamiz ahli buni yaxshi anglagan holda yaratib berilgan har bir imkoniyatdan oqilona foydalanishga harakat qilmoqda.

    Maʼlumotlarga koʻra, kelgusida tabiatimizning ushbu noyob hududlarida xalqaro andozalar darajasidagi zamonaviy koʻp qavatli mehmonxonalar qurish orqali hududning sayyohlik infratuzilmasini yana-da mustahkamlash choralari koʻrilayotir.

    Shu bilan birga, Boʻstonliqning muhofaza etiladigan tabiiy hududlarida ekologik qonunchilik ijrosi ustidan oʻrganish va kuzatuvlar oʻtkazilmoqda. Afsuski, shu kunlarda tabiat qoʻynida dam olishga chiqayotgan yurtdoshlarimiz tomonidan qonunbuzarliklar sodir etilayotgan holatlar aniqlanib turibdi.

    Toshkent viloyati post-patrul xizmati xodimi Sattor Ibrayevning aytishicha, ogohlantirishlarga qaramay, Ugom daryosining ruxsat etilmagan hududlarida choʻmilish, tabiatga chiqindilar tashlash, karantin qoidalariga rioya etmaslik bilan bogʻliq holatlar aniqlanmoqda. Tabiiyki, qonunbuzarlar tegishli tartibda javobgarlikka tortilmoqda.

    Bunday holatlarning oldini olish, yurtimiz obodligi va tabiiy muvozanatni taʼminlash har birimizning fuqarolik burchimizdir. Qaysi sohada faoliyat yuritmaylik, kundalik hayotimizda ekologik qonunchilikka rioya etsak, tabiatning har bir neʼmatidan oqilona foydalanishga eʼtibor qaratsak, bu boradagi ezgu ishlarga munosib ulush qoʻshgan boʻlamiz.

    Bahor XIDIROVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri