Ekspozitsiyadan rassomning “Kuy”, “Yoshlik xotirasi”, “Malika”, “Sirli uchrashuv”, “Yoʻlbars Bobur”, «Tutilish I va II”, «Abdulla Qodiriyning «Oʻtkan kunlar» asariga illyustratsiya», “Ochilmagan tilsim” turkumlari, “Meditatsiya. Shaytonning boʻgʻilishi. Ehtiros” “Raqsga tushayotgan darvish. Jannatda qish. Sarmast” kabi qator ijod namunalari oʻrin olgan.
Rassom taqdim etgan kompozitsiya va qator lavhalarda madaniyatimiz tarixining ayrim jihatlari, hayot falsafasi, insonlarning ruhiyat olami, xotin-qizlar siymosi, borliqning yashirin sirlari aks etgan boʻlib, ular tomoshabinni mushohadaga chorlaydi.
B.Mahkamov 1958-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida, Toshkent davlat teatr va rassomlik institutida tahsil olgan. Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi. 1985-yildan buyon koʻplab mahalliy va xalqaro koʻrgazmalar ishtirokchisi.
B.Mahkamov Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining hamda Qozogʻiston rassomlar uyushmasining oltin medali bilan taqdirlangan.
Koʻrgazma 2022-yilning 3-mart kuniga qadar davom etadi.
Hasan Abdunazarov