Ochiqlik va shaffoflik – korruptsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga xizmat qiluvchi eng samarali vositalardan biri. Shu bois, O'zbekistonda qonun ustuvorligini ta'minlash, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarining ta'sirchan shakllarini joriy etish, davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o'rnatish bo'yicha boshlangan ishlar tobora qat'iy va izchil tus olmoqda.
Natijada so'nggi yillarda byurokratiya va korruptsiyaning turli ko'rinishlariga qarshi kurashishda ijobiy o'zgarishlar yuz berdi. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta'minlovchi yangi tartiblar belgilandi, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi. O'tgan qisqa vaqt davomida jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko'rib chiqish tizimi tubdan takomillashtirilib, Prezidentning Xalq va Virtual qabulxonalari, “Ishonch telefon”lari ishga tushirilgani fikrimiz dalilidir. SHu tariqa davlatimiz rahbari fuqarolar bilan ochiq muloqot qilishga tayyor ekanini namoyish etdi.
Prezidentimizning joriy yil 14 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni O'zbekistonda ochiqlik siyosatini yanada takomillashtirishda navbatdagi muhim qadam bo'ldi. Mazkur hujjatni ishlab chiqish jarayonida Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari faoliyati ochiqligini ta'minlash bo'yicha eng ilg'or, jumladan, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Germaniya, Frantsiya, Rossiya, Singapur, Qozog'iston, Gruziya, Belarus`, Chernogoriya, Nigeriya, Dominikan Respublikasi, Malayziya va boshqa xorijiy mamlakatlar tajribasi o'rganildi. SHuningdek, sohaga oid xalqaro huquqiy hujjatlar, standartlar, reyting va indekslardagi omillardan ham foydalanildi.
Ushbu farmon davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta'minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari samarali faoliyat yuritishi uchun shart-sharoit yaratish, byurokratik to'siqlarni yanada qisqartirish va korruptsiya illatlariga barham berishga qaratilgan.
Aytish joizki, so'nggi yillarda mamlakatimizda bu yo'nalishda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida “Inson qadri uchun”, degan ezgu tamoyil barcha sa'y-harakatlarimiz asosini tashkil etmoqda. Vazirlik va davlat idoralarida murojaatlar bilan ishlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilyapti. Bu borada “ishonch telefonlari” hamda “virtual qabulxonalar” yoki sayyor qabullar ko'rinishida samarali tizim shakllandi. Qolaversa, raqamli va onlayn texnologiyalar keng qo'llanilishi davlat organlarining jamiyat oldidagi hisobdorligini yanada oshirdi. Xususan, ochiq ma'lumotlar portali (data.gov.uz), yuridik shaxslar va tadbirkorlik sub'ektlarining hisobga qo'yilgan ma'lumotlari bazasi (my.gov.uz) hamda boshqa platformalar byurokratiyani qisqartirib, korruptsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sohaga oid qabul qilingan kontseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korruptsiyaning oldini olishga qaratilgan boshqa ma'muriy islohotlar ham davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ta'minlashda o'z samarasini bermoqda. Masalan, byudjet mablag'lari talon-toroj qilinishining oldini olish maqsadida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan xaridlar to'g'risida barcha ma'lumotlar d.xarid.uz portaliga joylashtirilib, samarali jamoatchilik nazorati mexanizmi yaratildi. Yangi ishga tushirilgan “Ochiq byudjet” portali esa, byudjet mablag'lari tasarruf etilishida aholining bevosita ishtirok etish imkonini berdi.
Prezidentimizning 2021 yil 22 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, byudjet mablag'lari, shu jumladan, mahalliy byudjet mablag'laridan ortib bajarilgan qismini mahalliy aholi, keng jamoatchilik nazorati ostida sarflashning samarali tizimi joriy etildi va “Tashabbusli byudjet” loyihasi ishga tushirildi. Ma'lumot o'rnida: “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2022 yil birinchi mavsumida fuqarolardan jami 70 mingga yaqin tashabbus kelib tushgan bo'lib, ularning 2215 tasi g'olib bo'ldi. Ushbu loyihalarga ovoz berish jarayonlarida esa, 6,7 milliondan ko'proq aholi ishtirok etdi. G'olib topilgan tashabbuslarning 34 foizi umumta'lim maktablarini ta'mirlash loyihalari hissasiga to'g'ri keladi.
Davlat ob'ektlari, ko'chmas mulklar, er uchastkalari, avtotransport vositalari, avtoraqamlar, tashqi reklama ob'ektlarini qurish va o'rnatish huquqi, avtoradarlar o'rnatish joylari kabilarni “E-auktsion” ochiq elektron onlayn-auktsion orqali realizatsiya qilish tizimi yo'lga qo'yildi. Qonun loyihalari, Prezident, hukumat, vazirlik va idoralar darajasida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy o'tkazish tizimi yaratildi, buning uchun regulation.gov.uz portali ishga tushirildi. Bu, o'z navbatida, qabul qilinishi rejalashtirilgan muhim qarorlar shaffofligiga, fuqarolar oldida hisobdorlik tamoyili amalda ishlashiga xizmat qilmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini jamoatchilikka etkazib beruvchi asosiy tuzilma — axborot xizmatlari faoliyati takomillashtirilgani ham sohada erishilgan asosiy yutuqlardan biri. YA'ni, barcha davlat tashkilotlarida axborot xizmati uchun alohida shtat birliklari ajratilib, matbuot kotiblari maqomi rahbarning axborot siyosati masalalari bo'yicha maslahatchisi darajasiga ko'tarildi.
Bundan tashqari, mamlakatimiz va xorijiy foydalanuvchilarning keng doirasi uchun statistik ma'lumotlar maksimal darajada ochiqligi va shaffofligini ta'minlash yo'lga qo'yildi. Unga ko'ra, Ochiq ma'lumotlar portaliga umumfoydalanishdagi statistik ma'lumotlar, jumladan, amalga oshirilgan davlat xaridlari, patentlar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro'yxatga olish, jamoat transporti harakati, er resurslaridan foydalanish va shu kabi boshqa ma'lumotlar joylashtirib borilmoqda. Bu kabi tizimli va izchil islohotlar natijasida asosiy indikatorlardan biri ochiqlikni ta'minlash bo'lgan qator xalqaro reyting va indekslarda O'zbekiston pozitsiyasi sezilarli darajada yaxshilanishiga erishildi.
Misol uchun, 2020 yil yakunlariga ko'ra, O'zbekiston “Ochiq ma'lumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pog'onaga ko'tarilib, 44-o'rinni egalladi. Bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yo'nalish bo'yicha ko'rsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani muhim ahamiyat kasb etdi. SHuningdek, “Open data Inception” ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston jahon mamlakatlari orasida ochiq ma'lumotlar manbalari soni mavjudligi bo'yicha jahonda 5-o'rinni egalladi. YOki “Transparency International” xalqaro tashkilotining 2021 yil uchun yangilangan “Korruptsiyani qabul qilish indeksi”da O'zbekiston 2020 yilga nisbatan 6 pog'onaga ko'tarilib, 180 mamlakat orasida 140-o'rinni egalladi.
Albatta, bugungi kunga kelib bu boradagi ishlarning huquqiy asoslari takomillashishi barobarida, amaliy tadbirlar qamrovi ham kengayib borayotir. Jumladan, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi bu borada ochiqlik sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, ochiq ma'lumotlar ro'yxatini kengaytirib borish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, davlat xizmatchilarida xalq oldida hisobdorlik madaniyatini singdirish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratmoqda. Xususan, ochiq ma'lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo'lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma'lumotlarni o'z vaqtida belgilangan resurslarda joylashtirib borilishi ustidan doimiy monitoring o'tkazish tizimi yo'lga qo'yildi.
Masalan, joriy yilning yanvar`-fevral` oyida agentlik tomonidan 135 ta vazirlik va idora, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o'z faoliyatiga oid hisobotlarni, davlat xaridlari to'g'risidagi ma'lumotlarni yoki xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari kabi qator hisobotlarni o'z rasmiy veb-sayti va Ochiq ma'lumotlar portaliga joylashtirishi holati o'rganildi.
O'tkazilgan monitoring va tahlillar natijalari bo'yicha aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf qilish bo'yicha vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlariga taqdimnoma va ogohlantirish xatlari kiritildi. endilikda bu boradagi ishlarni doimiy, ushbu yo'nalishda faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlari mutaxassislarini jalb etgan holda seminarlar tashkil etishni tizimli yo'lga qo'yish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbarining 14 iyundagi farmoni bu yo'nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko'tarishda muhim dasturilamal bo'ldi. Farmonga muvofiq, 2022 yil 1 avgustdan boshlab har yil yakunlari bo'yicha Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik indeksi shakllantiriladi va “eanticor.uz” elektron platformasi va ommaviy axborot vositalari orqali ochiq e'lon qilib boriladi. Bu u yoki bu davlat organi va tashkilotining ochiqlik darajasini jamoatchilik uchun yaqqol ko'rsatish imkonini berishi bilan alohida ahamiyatli.
Shu maqsadda agentlik huzurida davlat organlari va tashkilotlari ochiqlik hamda shaffoflik borasida amalga oshirgan ishlarining monitoring va baholash natijalarini ko'rib chiqish va yakuniy reytingni shakllantirish uchun baholash komissiyasi tuziladi. Uning tarkibida Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo'yicha davlat inspektsiyasi, Moliya vazirligi, Davlat statistika qo'mitasining malakali mutaxassis va ekspertlari bo'ladi.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasi quyidagi 8 ta indikator asosida baholab boriladi:
— davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta'minlashga mas'ul bo'lgan xodimlar faoliyati samaradorligi;
— davlat organlari va tashkilotlari rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari ko'rsatish holati;
— ijtimoiy ahamiyatga molik ma'lumotlarni qonunchilikda belgilangan axborot resurslarida e'lon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimi yo'lga qo'yilishi;
— byudjet jarayoni ochiqligini ta'minlashga oid ma'lumotlarning rasmiy veb-saytda joylashtirilishi;
— Ochiq ma'lumotlar portalida ma'lumotlar joylashtirilishi;
— ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarig joriy qilinishi;
— korruptsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish holati;
— jamoatchilik kengashi faoliyati samaradorligi;
Ochiqlik darajasi “0” balldan “100” ballgacha reytingda baholanib, 71 balldan 100 ballgacha — “yashil”, 55 balldan 71 ballgacha — “sariq” , 55 balldan past — “qizil toifaga ajratiladi.
Agentlik xulosasi asosida ochiqlik darajasi eng yuqori, deb topilgan davlat organi yoki tashkilotining sohaga mas'ul xodimlarini rag'batlantirish, aksincha, salbiy bo'lganlarini qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik masalasi hal etiladi.
Aytish joizki, Prezident farmoni bilan Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligiga qo'shimcha huquqlar berilib, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta'minlash borasidagi faoliyati yanada kengaytirildi. Jumladan, agentlik bundan buyon davlat organlari, tashkilotlari va ularning mansabdor shaxslariga ochiqlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar buzilishiga yo'l qo'ymaslik to'g'risida ogohlantirish e'lon qilib boradi. Ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar buzilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko'rish to'g'risida taqdimnoma kiritadi. Rasmiy veb-sayt va boshqa axborot resurslarida e'lon qilingan ochiq ma'lumotlarning haqqoniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilib olish haqida so'rovnoma yuborish huquqiga ega bo'ladi.
Farmonda belgilangan maqsad-vazifalarning hayotga tatbiq etilishi davlat boshqaruvini amalga oshirishda aholi bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqotni sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarish, davlat organining nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta'minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan majburiyatlarining ijro etilishini monitoring qilish hamda baholab borishning kompleks tahliliga asoslangan tizim yaratilishiga asos bo'ladi.
Shuningdek, aholi bilan bevosita muloqot qilishning masofaviy shakllari, shu jumladan, davlat organlari va tashkilotlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalanish darajasi ortadi, rasmiy veb-sayt orqali ko'rsatilishi majburiy bo'lgan elektron davlat xizmatlarini hozirgi zamon talablari darajasida sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga zarur shart-sharoit yaratiladi.
Qolaversa, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya tarmoqlarining yangicha tizimini yaratishga, korruptsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olishda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflik mexanizmlarining kompleks yondashuvga asoslangan tizimini joriy etishga, jamoatchilik kengashlarining davlat organlari va tashkilotlari faoliyati, shu jumladan, qaror qabul qilish va normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishdagi ishtirokini oshirishga mustahkam huquqiy asos bo'ladi.
Ishonch bilan ayta olamizki, bu kabi muhim chora-tadbirlar, o'z navbatida, O'zbekiston Respublikasining xalqaro imiji ijobiy tomonga o'zgarishi va bir qator xalqaro reytinglardagi o'rni yaxshilanishida ham o'z samarasini beradi.
Bir so'z bilan aytganda, O'zbekistonda ochiqlik va shaffoflik siyosati bundan buyon aslo ortga qaytmaydi, aksincha, ochiq hukumat, kuchaytirilgan oshkoralik, fuqarolar va hukumat o'rtasidagi hamkorlik yanada takomillashadi, yangi bosqichda rivoj topadi. Zero, ochiqlik va oshkoralik – davr taqozosigina emas, yangi O'zbekistondagi islohotlarning talabi va poydevori hamdir.
Akmal BURXONOV,
Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori