Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida murakkab va tahlikali zamonda yashayotganimiz, Yaqin Sharqdagi va asosiy hamkorlarimiz oʻrtasidagi mojarolar yechim topmayotganini, shu jumladan Moskva viloyatidagi mudhish terakt oqibatida xalqaro vaziyat yanada jiddiy tus olayotganini qayd etdi.
Bunday murakkab sharoitda iqtisodiyotimizga, aholi daromadlariga salbiy taʼsirni kamaytirish eng muhim vazifalardan biri ekani taʼkidlandi. Buning uchun mahallaning iqtisodiy zaminini mustahkamlash, odamlar daromadini koʻpaytirish uchun mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solish zarurligi qayd etildi.
Prezident poytaxtda hali ishga solinmagan imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtdi.
Jumladan, 979 ta yer uchastkasini auksionga chiqarish, qishloq xoʻjaligidan sanoat va aholi punkti toifasiga oʻtgan 175 gektar yerlarni tadbirkorlarga berish orqali yangi loyihalarni amalga oshirish mumkin.
Poytaxtdagi korxona va tashkilotlarda mavjud 98 ming boʻsh ish oʻrni – aholi bandligini taʼminlash uchun ishga solinmagan imkoniyatlardan biri. Bundan tashqari, Yangihayot tumanida 764 gektar yerda tashkil etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida yana oʻn minglab ish oʻrni yaratish imkoniyati bor.
Sessiyada tashkiliy masala koʻrib chiqildi.
Prezident Toshkent shahri hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Shavkat Buronovich Umurzoqov nomzodini tavsiya etdi.
Shahar hokimini tayinlash masalasi ovozga qoʻyildi. Ovoz berish natijalariga koʻra, Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri hokimi etib tasdiqlandi.
Davlatimiz rahbari xalq vakillari bildirgan bu yuksak ishonch yangi hokimdan katta masʼuliyat, tinimsiz mehnat va fidoyilikni talab qilishini taʼkidladi.
Yangi hokim oʻz oʻrinbosarlari, tuman hokimlari, sektor va bank rahbarlari, “mahalla yettiligi” bilan poytaxt aholisi uchun munosib sharoit yaratish, investitsiya olib kelib, yangi-yangi yuqori daromadli ish oʻrinlarini koʻpaytirish, shaharni yanada obod qilish, bir soʻz bilan aytganda, odamlar rozi boʻlishi uchun yangicha yondashuv asosida katta marralarni olib, qattiq ishlashi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.