Ogoh bo'ling: Bank plastik karta firibgarlari

    So'nggi vaqtlarda fuqarolar nomidagi bank plastik kartalaridan noqonuniy pul echib olish bilan bog'liq huquqbuzarliklar ko'plab uchramoqda.

    O'zlarini go'yoki IT-kompaniya, bank yoki xayriya tashkiloti xodimi deya tanishtirib, yashirin kodlarni bilishga harakat qilgan kimsa kartadagi mablag'ni o'maradi. Bundan tashqari o'tkazilgan o'rganishlarda Sog'liqni saqlash vazirligi hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytlariga o'xshash bo'lgan soxta veb-resurslar orqali jinoyatchilar axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda, fuqarolardan bank plastik karta ma'lumotlari taqdim etilishiga erishib, undagi mablag'larni o'zlashtirib kelayotgani aniqlandi.

    Shu nuqtai nazardan barcha internet foydalanuvchilarini «feyk» veb-resurslarning noqonuniy faoliyati to'g'risida ogoh bo'lishlarini, to'lov tizimlaridan foydalanayotganda esa ularning rasmiy veb-saytlarida taqdim etilgan xizmatlarga murojaat qilishlarini so'rab qolamiz, deyiladi Jizzax viloyat IIV xabarida.

    Katta miqdordagi mablag'ga ega bo'lish istagida sizga sms-xabarnoma orqali kelgan tasdiqlash kodini «feyk» resursga kiritishingiz bilan internet-firibgari tomonidan bank plastik kartangizni boshqarish huquqi qo'lga kiritilishiga va undagi mablag'larni noqonuniy ravishda egallanishiga shart-sharoit yaratgan bo'lasiz. Ogoh bo'ling!