Elektr tarmoqlaridan norozi boʻlib jami 87 ta ariza va murojaatlar kelib tushdi. Korxona tomonidan elektr taʼminotini tejash lozim boʻlsa, isteʼmolchilar ogohlantirilib, kunning yorugʻ vaqtida uzilishlar qilinsa boʻlmasmidi? Ayniqsa, kunlar sovib, elektr energiyasiga zarurat koʻp boʻlgan kunlarda nega bunday holat yuz berdi, sabab nimada?

Tasavvur qiling, bir kunda bir necha marotaba elektr taʼminotidagi uzilishlar aynan maktab oʻquvchilarining maktabga borish uchun tayyorgarlik koʻrish, kattalarni ishga borish vaqtiga, kechki paytdagisi ovqat tayyorlash va boshqa kundalik yumushlar vaqtiga toʻgʻri keldi…

Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish agentligi Sirdaryo viloyat tuzilmasining ishonch telefoniga bu haqda koʻplab murojaatlar kelib tushgan.

Qonun buzilish holatlarini bartaraf etish boʻyicha mazkur murojaatlar oʻrganilganda issiqlik elektr stansiyalarining quvvati yetishmasligi hamda issiqlik energiyasini tejash boʻyicha elektr taʼminotidagi uzilishlar (oʻchirishlar) boʻyicha belgilangan grafiklar ishlab chiqilmaganligi maʼlum boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi Qonunning 15-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 131-bandi talablari buzilganligi holati boʻyicha “Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga ish qoʻzgʻatildi.

Sirdaryo viloyat Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligini koʻrib chiqish boʻyicha maxsus komissiya tomonidan “Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga nisbatan qoʻzgʻatilgan ish atroflicha koʻrib chiqilib, qonun buzilish holatlarini bartaraf etish, elektr energiyasini tejash boʻyicha elektr tarmoqlaridagi uzilishlar boʻyicha grafiklarni tasdiqlash, qonunda belgilangan tartibda uzilishlar toʻgʻrisida isteʼmolchilarni ogohlantirish yuzasidan koʻrsatma berildi, deb xabar beradi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi matbuot xizmati.