Ohangaronning oʻsish nuqtalari belgilandi

    Mamlakatimizda 13 Iyul 2020 2541

    Tumanda jami 2 235 ta tadbirkor roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ulardan 547 tasi (305 ta kichik biznes subyekti, 242 ta yakka tartibdagi tadbirkor) xizmatlar sohasida faoliyat yuritadi.

    Har bir hudud oʻziga xos xususiyatga ega, shu jumladan, Ohangaron tumani ham. Muayyan hududning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlari, uning rivojlanish darajasi ham ana shu xususiyatlarga bevosita bogʻliq boʻladi. Qulay tabiiy-geografik joylashuv, iqlim sharoiti, unumdor yerlar, suv resurslari, qazilma boyliklarga boy boʻlgan vohamiz hamma vaqt viloyatimizda koʻzga koʻringan tumanlardan sanalib kelingan. Demoqchi boʻlganimiz, har bir neʼmat insonga xizmat qilishi kerak. Bugungi islohotlarimizning zamirida ham aynan inson va uning farovonligi omili ustuvorlik kasb etishini hammamiz yaxshi anglaymiz. Bunga erishish uchun esa hududdagi islohotlar tizimli ravishda olib borilishi lozim, aks holda, natija biz kutgandek boʻlmaydi. Shiddat bilan rivojlanib borayotgan jamiyat har kuni oldimizga yangi vazifalarni qoʻymoqda. Ushbu vazifalarni bajarishga yangicha yondashuv hamda qarashlar zarurligini, taraqqiyotga yetaklovchi ilgʻor oʻsish drayverlarini ilgari surishni davrning oʻzi taqozo qilmoqda.

    Xizmat koʻrsatish obyektlari xatlandi

    Yaqinda, aniqrogʻi 2020-yil 8-iyunda davlatimiz rahbari“Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini-oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” va 2020-yil 16-iyunda “Xizmatlar sohasini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini imzoladi.

    Mazkur ikki qaror mazmun-mohiyati aholining turmush sharoitini yaxshilash, ishsizlikka barham berish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilganligi bilan ham ahamiyat kasb etadi. Ushbu qarorlar ijrosini taʼminlash maqsadida, dastlab namuna sifatida respublikamizdagi ayrim hududlar tanlab olinib, oʻrganish ishlari olib borildi. Respublika Savdo-sanoat palatasi tomonidan amalga oshirilgan mazkur oʻrganishlarning Ohangaron tumanidan boshlanganligini yuqorida taʼkidlab oʻtilgan imkoniyatlar, omillar bilan izohlash mumkin.

    Xususan, sektorlar kesimida olib borilgan oʻrganishlar jarayonida xizmatlar sohasidagi mavjud korxonalar faoliyati, sohani rivojlantirish borasidagi rezerv imkoniyatlar hamda xizmat turlariga boʻlgan ehtiyojlar oʻrganildi. Buning uchun tumandagi mavjud 29 ta MFYda asosiy eʼtibor uchta yoʻnalish: a) xizmat koʻrsatish sohasidagi mavjud korxonalarning haqiqiy holati, ularning muammo va takliflarini har bir korxona kesimida oʻrganish; b) xizmatlar sohasida band boʻlgan aholini rasmiy faoliyatga jalb etish (oʻzini oʻzi band qilish yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazish) imkoniyatlarini oʻrganish; v) tumanning har bir sektori kesimida xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha mavjud imkoniyatlar va oʻsish nuqtalarini aniqlashga qaratildi.

    Tumanda jami 2 235 ta tadbirkor roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ulardan 547 tasi (305 ta kichik biznes subyekti, 242 ta yakka tartibdagi tadbirkor) xizmatlar sohasida faoliyat yuritadi. Har bir xizmat koʻrsatish korxonasining manzili va faoliyat turi aniqlanib, haqiqatda ishlayotgan ishchilar soni, faoliyatni kengaytirish imkoniyati, muammo va takliflari oʻrganildi. Oʻrganilgan korxonalardan 162 tasi (shundan 62 tasi kichik biznes subyektlari, 100 tasi yakka tartibdagi tadbirkor) kredit, boʻsh yer yoki bino ajratiladigan boʻlsa, faoliyatini kengaytirish imkoniyati va istagi borligini bildirgan. Buning natijasida esa qoʻshimcha 783 ta yangi ish oʻrni yaratilishi mumkin.

    Korxonalardagi ish oʻrinlarining holati joyiga chiqib oʻrganilganda 85 ta holatda haqiqatda ishlayotganlar soni soliq va statistik hisobotlarida koʻrsatilgan ish oʻrinlari oʻrtasida tafovut borligi aniqlandi. Misol uchun, ulgurji va chakana savdo faoliyati bilan shugʻullanayotgan “Ohangaron Hamro Agroservis” MCHJning ish oʻrinlari soni statistik hisobotda 1 ta, soliq hisobotida 2 ta koʻrsatilgan, haqiqatda esa korxonada 6 nafar xodim ishlamoqda.

    Targʻibot ishlari olib borildi

    Oʻtkazilgan xatlovlarda xizmat koʻrsatishning 50 dan ortiq turlarida faoliyat koʻrsatayotgan 1 396 nafar jismoniy shaxslar aniqlangan. Jumladan, ularning aksariyati yirik va mayda shoxli chorvani oʻtlatish, qurilish-taʼmirlash, dehqonchilik, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish, qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatish, salqin ichimliklar, ayron, goʻja hamda qurt tayyorlash va sotishga ixtisoslashgan boʻlsa, asosiy faoliyat turlari boʻyicha esa, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish, kompyuter xizmati, qandolatchilik, sartaroshxona va goʻzallik saloni, novvoyxona, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari savdosi, texnik taʼmirlash va boshqa yoʻnalishlarga toʻgʻri kelishi aniqlangan. Mazkur faoliyat yoʻnalishlarida band boʻlganlarning 39 foizi mavsumiy, 61 foizi esa doimiy faoliyat turlariga toʻgʻri keladi. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida ulardan 123 tasiga kredit, boʻsh yer, bino yoki joy ajratiladigan boʻlsa, rasmiy tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish istagini bildirdi.

    Misol uchun, 2-sektor hududida yashovchi fuqaro Dilshod Poʻlatov oʻz xonadonida avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatadi. U bilan oʻtkazilgan muloqotda avtoservis tashkil etish uchun yer va imtiyozli kredit ajratib berilsa, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishini bildirgan. Bundan tashqari, 1 249 ta subyekt hech bir talablarsiz oʻzini oʻzi band qilish orqali rasmiy sektorga oʻtish istagini bildirgan. Jumladan, 4-sektorda yashovchi fuqaro Ravshan Uzoqov oʻz uyida sartaroshlik qilib kelmoqda. Unga oʻzini oʻzi band qilish tizimi boʻyicha tushuntirishlar berilishi natijasida fuqaro belgilangan toʻlovlarni amalga oshirishini maʼlum qilib, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishga rozilik bildirdi.

    Sektorlar ixtisoslashtiriladi

    Oʻrganish natijalaridan kelib chiqib, qolaversa, sektorlar joylashuvining oʻziga xosligi va aholining sharoitini inobatga olgan holda har bir sektorda xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha yirik loyihalarni amalga oshirishga ixtisoslashgan oʻsish nuqtalari belgilab olindi. Xususan, 1-sektor hududida chorvachilik va pillachilikni rivojlantirish evaziga goʻsht, sut va junni qayta ishlash hamda yetkazib berish boʻyicha klasterlarni yaratish maqsadga muvofiq sanalgan boʻlsa, 2-sektorda togʻ, suv va ekoturizmni rivojlantirish hamda turizm uchun zarur boʻlgan xizmat turlarini tashkil etish ustuvorlik kasb etadi. 3-sektor hududida “Ohangaron suv ombori”ning joylashganligini inobatga olgan holda bu yerda baliq yetishtirish boʻyicha yirik loyihalarni amalga oshirish va baliqchilik sanoati hamda logistikasini yaratish mumkin. 4-sektorda esa Yangi Angren IES imkoniyatlaridan foydalanib, gidroponika usulida zamonaviy issiqxonalar tashkil etish eng maqbul yoʻl sanaladi.

    Shu oʻrinda bir mulohaza tugʻiladi. Oʻzini oʻzi band qilish tizimiga kiritilgan 67 ta faoliyat turining aksariyati oilaviy tadbirkor va yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyati turlariga mos keladi. Shundan kelib chiqib, amaldagi kichik tadbirkorlik subyektlari oʻzini oʻzi band qilish tizimiga sunʼiy ravishda oʻtib ketish xavfi yuzaga kelmaydimi? Bizningcha, bunday xavf boʻladi, sababi, oʻzini oʻzi band qilish tizimidagi imtiyozlardan foydalanib qolishga intiluvchilar ham paydo boʻlishi tabiiy. Shu sababdan, bunday holatlarning oldini olish maqsadida, soliq va statistik kuzatuvning samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadga muvofiq sanaladi.

    Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, belgilab olingan oʻsish nuqtalari asosida tashkil etiladigan faoliyat turlari nafaqat tumanimiz rivojiga hissa qoʻshadi, balki Ohangaronni respublikamizning oʻziga xos taraqqiyot markazlaridan biriga aylanishiga ham xizmat qiladi. Buning uchun esa barcha masʼul shaxslar, xususan, sektor rahbarlaridan alohida tashabbuskorlik hamda masʼuliyat talab etiladi.

    Elyor OʻTBOSOV,

    Ohangaron tuman hokimligi Axborot xizmati rahbari.