Ohayo universiteti olimlari koronavirusning ikkita yangi shtammini aniqladi

    Salomatlik 14 Yanvar 2021 542

    RIA Novosti xabariga koʻra, AQSHning Ohayo universiteti olimlari koronavirusning ikkita yangi shtammini aniqladi, ulardan biri “britancha” shtamm bilan oʻxshashliklarga ega, ikkinchi shtamm virusi esa yana-da yuqumli ekanligi aytilmoqda.

    Ohayo Universitetining bayonotida aytilishicha, birinchi mutatsiya, “britancha” shtammga oʻxshash boʻlsa-da, lekin u AQSHda paydo boʻlgan. Ikkinchi shtamm ilgari SARS-Cov-2 da topilmagan uchta genetik mutatsiyaga ega.

    Bu shtammlarning birinchisi yaqinda Ohayo shtatidagi bir bemorda topilgan va olimlar hozircha uning qanchalik keng tarqalganligi haqida aniq fikrga kela olmayapti. Ikkinchi shtamm Kolumbus shahrida 2020-yil dekabr oyi oxiri — 2021-yil boshlarida koʻpaya boshlagan.

    Olimlarning fikriga koʻra, ikkinchi shtammdagi mutatsiyalar virusning yuqumlilik holatini va shu bilan kasallikning odamdan odamga oʻtishini kuchaytirishi mumkin.

    Tadqiqotchilar ushbu mutatsiyalar vaksinalarning samaradorligiga taʼsir qiladi deb xulosa qilish uchun hali asoslar yoʻqligini taʼkidladilar.

    Eslatib oʻtamiz, dekabr oyining oʻrtalarida Buyuk Britaniyada SARS-CoV-2 koronavirusining yangi mutatsiyasi aniqlangani maʼlum boʻldi. Keyinchalik, Buyuk Britaniya rasmiylari mamlakatda aniqlangan koronavirus shtammi tezroq tarqalayotganini va aholidan yana-da ehtiyotkorlikni talab qilishini tasdiqladilar. Yangi shtamm odatdagi shtammga qaraganda 70 foiz koʻproq yuqumli deb taxmin qilingan boʻlsa-da, hali oʻlim holatlari yoki gospitalizatsiya nuqtayi nazaridan xavfli ekanligini tasdiqlaydigan asos yoʻq.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.