OIIB Oʻzbekistonda investitsiya portfelini kengaytirishga tayyor

    Investitsiyalar 10 Fevral 2022 1664

    Joriy yil 10-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov videokonferensiya tarzida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Prezidenti Szin Lisyun bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Muzokaralar chogʻida tarkibiy islohotlarni oʻtkazish, amalga oshirilayotgan loyihalarni ilgari surish va investitsiyaviy sheriklikni yanada rivojlantirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

    OIIB bilan Oʻzbekistonning hamkorligi 2016-yilda boshlanganiga qaramasdan, u qisqa vaqt ichida ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlanishni ragʻbatlantirishga qaratilgan keng koʻlamli loyihalarni amalga oshirishda mamlakatimizning strategik sherigiga aylangani taʼkidlandi. Hozirgi kunda hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar portfelida 932,7 million dollarlik 9ta loyiha mavjud boʻlib, ular infratuzilmani modernizatsiya qilish, kichik va oʻrta biznes va eksportchilarni qoʻllab-quvvatlash, sogʻliqni saqlash va qishloq joylarda aholining turmush sharoitini yaxshilash kabi sohalarni qamrab olgan.

    OIIB rahbariyati amalga oshirish bosqichida boʻlgan loyihalarni ilgari surish boʻyicha saʼy-harakatlarini kuchaytirishga va joriy yilda tasdiqlanishi kutilayotgan yangi loyihalarni koʻrib chiqish jarayonlarini tezlashtirishga tayyorligini bildirdi.

    Shuningdek, tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha takliflar toʻgʻrisida fikr almashdilar. Energetika, avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish, temir yoʻllarni elektrlashtirish, suv taʼminoti va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish, shuningdek, shahar infratuzilmasini har tomonlama rivojlantirish vazifalari istiqbolli yoʻnalishlar sifatida belgilandi.

    2023-2025-yillarga moʻljallangan Sheriklik dasturini shakllantirish boʻyicha birgalikda ishlashga kelishib olindi, unda Oʻzbekiston va OIIB oʻrtasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, aniq loyihalar va ularni amalga oshirish muddatlari koʻrsatiladi.

    Shuningdek, OIIB rahbariyati ishtirokida keng koʻlamli xalqaro tadbirlar, jumladan, joriy yil mart oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi va 2024-yilda Samarqand shahrida OIIB Boshqaruvchilar Kengashining yillik yigʻilishini oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarga toʻxtalib oʻtildi. Bank rahbariyati ushbu tadbirlarni tashkil etish va ilgari surishda yaqin hamkorlik qilishga sodiqligini bildirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.