Bugun butun dunyo oila instituti inqiroziga, xususan, nikohlar beqarorligi, ajrashishlar soni ortishi, nikohsiz tugʻilishlar koʻpayishi, oilaviy hayot va farzand tarbiyasiga toqatsizlik kabi muammolarga toʻqnash kelyapti. Bunday muammolar millatning maʼnaviy tanazzuliga sabab boʻlishi mumkinligini olimlar ilmiy jihatdan asoslab berganlar.

Millatimiz faxri, buyuk mutafakkir bobomiz Abdurauf Fitrat “Oila” asarida bu borada aniq va tiniq fikrlarni bizga meros qilib qoldirgan: “Har bir millatning saodati va izzati shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bogʻliq. Tinchlik va totuvlik esa millat oilalarining intizomiga tayanadi, mamlakat va millat ham shuncha kuchli boʻladi.

Agarda bir mamlakatning aholisi axloqsiz va johillik bilan oilaviy munosabatlarni zaiflashtirib yuborsa va intizomsizlikka yoʻl qoʻysa shunda bu millatning saodati va hayoti shubha ostida qoladi” deb taʼkidlagan. Bejizga oila jamiyatning asosiy boʻgʻini deyilmagan. Oila sogʻlom ekan - jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan-mamlakat barqaror boʻladi. Oila mustahkam boʻlishi uchun avvalambor qonunda belgilangan tartibda nikoh tuziladi.

Oila kodeksining 13-moddasida belgilanganidek, nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Ming afsuki, keyingi paytlarda oilaviy munosabatlarga yengil-yelpi qarash holatlari koʻproq uchramoqda. Ayrim xotin- qizlar oqibatini oʻylamay “sharʼiy nikoh” orqali ikkinchi xotin boʻlish yoʻlini tanlashmoqda.

Tasavvur qiling, tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan nikohdan tugʻilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi nima boʻladi? Tabiiyki, davlat qonunlari boʻyicha ular koʻpgina huquqlardan mahrum boʻladi, xususan, otalikni belgilash, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani olish, meros huquqi, oʻsib ulgʻaygandan keyin, bogʻchaga, taʼlim muassasasiga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo boʻladi.

Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh boʻlib, turli maʼnaviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular oʻzini jamiyatning toʻlaqonli aʼzosiman, deb his eta olmaydi. FHDYO roʻyxatidan oʻtmagan oilalarda ajrim koʻpligi va bunday hollarda ayollar oʻz huquqlarini himoya qila olmayotganligiga guvoh boʻlayapmiz. Natijada, qonunga zid holda qurilgan oilalar parokanda boʻlib, bolalarning tirik yetim boʻlishi kabi noxush holatlar yuzaga kelmoqda.

Jamiyatdagi har bir soha va faoliyat, har bir munosabat va harakat qonun bilan tartibga solinadi. Qonunga boʻysunish majburiy, qonun oldida barcha birdek javobgar hisoblanadi.

Oilani, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash hamda yuqoridagi kabi oila qurishda kuzatilayotgan illatlarning oldini olish maqsadida Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoyat hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

 Qonunda ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin boʻlib yashashni targʻib qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra:

 Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar oʻrtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish:

— BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming soʻmdan 9 mln 900 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

 Ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin boʻlib yashashni targʻib qilish, ushbu mazmundagi qarashlarni, gʻoyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek bunday xatti-harakatlarni ragʻbatlantirish:

— BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming soʻmdan 9 mln 900 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

 Jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra:

Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar oʻrtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa:

 — BHMning 75 baravaridan 150 baravarigacha (24 mln 750 ming soʻmdan 49 mln 500 ming soʻmgacha) miqdorda jarima yoki 360 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

 Qonunlarga kiritilayotgan bunday oʻzgarishlar oilalar mustahkam va sogʻlom boʻlishiga xizmat qiladi. Buning uchun qonunchilikdagi yangiliklarni aholi oʻrtasida keng targʻib etish ishlarida partiya tizimi va safidagi xodimlar, deputatlar faol ishtirok etishlari lozim. Shuning bilan birga Qonun ijrosi ustidan kuchli deputatlik va jamoatchilik nazorat oʻrnatilishi kerak.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, oʻz kelajagini qurishda, belgilashda insonlar adashmasligi, oila-muqaddas qoʻrgʻon ekanligini anglab yetishlari, qonunda belgilangan tartibda nikoh tuzib, oila va jamiyat mustahkamligi, mamlakat barqarorligini taʼminlashda oʻz hissalarini qoʻshishlari lozim.

Zero, oila hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini taʼminlaydigan, shu bilan birga, kelajak nasllar qanday inson boʻlib yetishishiga, jamiyat ravnaqiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan tarbiya oʻchogʻi hisoblanadi.

 Gulshan Asatova,

Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi “Ayollar qanoti” rahbari