“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan respublikamizning 6 ta hududida, xususan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahrida jamiyatda xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish holati samaradorligi masalasiga doir tadqiqot oʻtkazildi. Tadqiqotdan koʻzlangan asosiy maqsad xotin-qizlarning huquqiy ongi va madaniyati darajasi, mavjud holat, muammolarni tadqiq etish orqali ularning huquqiy madaniyatini yanada oshirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Tanlangan hududlardagi sotsiologik oʻrganishlarga aholining umumiy sonidan kelib chiqib, 18-50 yosh oraligʻidagi jami 800 nafar xotin-qizlar jalb etildi va ular orasida soʻrov oʻtkazildi.

Xotin-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalari quyidagilarni koʻrsatmoqda:

Birinchidan, aksariyat ayollarning hayotida qonun va diniy meʼyorlar ustunlik qilmoqda.

Ikkinchidan, respondentlarning qonun, huquq va burch borasidagi tasavvurlarini va bunga munosabatini aniqlash maqsadida ularga tegishli savollar bilan murojaat qilindi. Unga koʻra, ayollar uchun qonun bu eng avvalo, tartib, adolat va himoyadir .

Uchinchidan, xotin-qizlar uchun oila, umuminsoniy qadriyatlar va axloq meʼyorlari muhim oʻrin tutadi.

Toʻrtinchidan, soʻrovda ishtirok etgan 89% farzandli ayollar oʻz bolalarining tarbiyasida huquqiy bilimlarga alohida eʼtibor qaratishlari maʼlum boʻldi. Beshinchidan, soʻrovda ishtirok etgan respondentlarning 75 foizdan koʻprogʻi maʼlum bir vaziyatlarda huquqiy bilimlarining yetarli emasligini his qilishadi.

Oltinchidan, oʻrganish natijalari, oʻzbek oilalarida jismoniy kuch yoki haqoratli soʻzlar bilan kamsitilish holatlari tez-tez uchrab turayotganligini ham koʻrsatmoqda. Hududlar kesimida tahlil qilinganda, bunday salbiy holat koʻproq 66,0%Sirdaryo va 50,0% Samarqand viloyatlariga toʻgʻri kelmoqda.

Yettinchidan, ayollarning huquqiy savodxonligini tekshirish maqsadida berilgan savollarga olingan javoblarning umumiy toʻgʻrilik darajasi 43,7 foizni tashkil etmoqda. Bu holat ayollar orasida huquqiy savodxonlik darajasi oʻrta darajadan ancha past ekanligini koʻrsatmoqda.

Bundan kelib chiqqan holda kelgusida aynan xotin-qizlarning huquqiy savodxonlik darajasini yanada koʻtarish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga toʻsqinlik qiladigan omillarni toʻlaqonli oʻrganish va ularning yechimiga oid chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.