Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarorida aholi turarjoylarida profilaktik koʻruvlar, laboratoriya klinik-biokimyoviy va instrumental (UTT, EKG va boshqa) tekshiruvlarni olib borish, kasalliklarni erta aniqlash, ularning surunkali holga oʻtishiga yoʻl qoʻymaslik tizimini yaratishga oid vazifalar belgilab berilgan edi. Oʻtgan davrda bu borada salmoqli ishlar qilindi.
— Muassasamiz yangi binoda ish boshlagach, laboratoriyaga shinam xonalar berildi, — deydi poytaxtimizdagi 1-oilaviy poliklinikaning shifokor-laboranti Gulbahor Ismoilova. — Muhimi, tahlil uchun kerak boʻladigan zamonaviy asbob-uskunalar keltirildi. Natijada bir necha turdagi yangi tahlil tekshiruvlarini shu yerning oʻzida bajarish imkoniga ega boʻldik.
Hozirgi paytda laboratoriyamizda quyidagi tahlillar qilinmoqda:
- ALT (alanintransfereza fermenti);
- AST (aspartataminotransfereza fermenti);
- bilirubin (umumiy);
- bilirubin (erkin);
- bilirubin (bogʻlangan);
- qonda qand miqdori;
- xolesterin;
- umumiy oqsil;
- kreatinin;
- mochevina;
- revmoproba (RF);
- SRB (S reaktiv oqsili);
- ASL-O (antistreptolizin-O);
- kalsiy;
- gepatit (V, S).
Qolaversa, bu yerda umumiy qon va siydik, kaprologiya (najas tahlili), qin surtmasi va bezgak tahlillari oʻtkazib kelinyapti.
Umumiy olganda, 20 turga yaqin tahlillarni shu yerda sifatli darajada amalga oshirish mumkin.
Bu hudud aholisiga katta qulayliklar yaratdi. Ilgari odamlar ayrim tahlillar uchun boshqa hududlardagi tibbiyot muassasasiga qatnagan boʻlsa, endilikda bunga zarurat qolmadi. Eng asosiy tahlillar shu yerning oʻzida bekamu koʻst uddalanyapti.
Albatta, bu davlatimiz rahbari boshchiligida tibbiyotni xalqqa yanada yaqinlashtirish borasida olib borilayotgan ezgu saʼy-harakatlarning hayotiy tasdigʻidir.