Shifokor Shafiq Rahmonning so'zlariga ko'ra, ichimlik yoki likopdagi taom qanchalik yorqinroq bo'lsa, ko'z salomatligi shunchalik yaxshi bo'ladi. Misol uchun, qizil ovqatlardan rezavorlar (shu jumladan, qulupnay), pomidor, qizil go'sht (me'yorida sink mavjud), qizil qalampir, qizil ikra (omega-3 mavjud) tanlashingiz mumkin. Oziq moddalardan S vitamini katarakta, yoshga bog'liq sariq dog' degeneratsiyasi rivojlanishining oldini oladi yoki kechiktirishi mumkin.

To'q sariq va sariq rangli mahsulotlarga apelsin, greypfrut, limon, sabzi, o'rik, qovun, shirin kartoshka misol bo'la oladi. Ularda S vitamini, sabzi va o'rikda esa ko'rish qobiliyatini yaxshilaydigan beta-karotin ham mavjud.

Yashil ovqatlar iste'molidan (karam, salat va boshqalar) organizm zeaksantin va lyutein moddalarini o'zlashtiradi. Bu yoshga bog'liq sariq dog' degeneratsiyasi holatini yaxshilashga va uning rivojlanishini sekinlashtirishga yordam beradi.

Ko'z salomatligi uchun tuxum iste'mol qilish ham muhimdir. Ular ko'zning qurishini kamaytiradigan va ko'z holatini yaxshilashda muhim rol o'ynaydigan A vitaminini o'z ichiga oladi.

Ammo ko'rish qobiliyatini saqlab qolish uchun ko'p miqdorda spirtli ichimliklar istimol qilmaslik lozim. Ko'p spirtli ichimliklar ichadigan odamlarda ko'rish qobiliyatiga jiddiy ta'sir ko'rsatadigan ko'rish nervi degeneratsiyasi rivojlanishi mumkin, deyiladi rambler.ru saytida.