Xususan, “Renessans” atamasi ham garchi ilk bora XVI asrning oʻrtalarida qoʻllanila boshlangan boʻlsa-da, lekin u ifodalagan jarayon XII-XIII asrlarda amalga oshgan. U madaniyat, ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohasidagi yuksalish, tubdan evrilish, yangilanish maʼnolarini anglatgan. Yevropa olimlari uzoq muddat Renessansni faqat Gʻarb olamiga xos hodisa, deb talqin etgan.

Ammo xitoy, gruzin, arman, ozarbayjon Renessansi tarixi va oʻziga xos takomilini maxsus tadqiq qilgan akademik N.I.Konrad, Sh.I.Nutsubidze, V.K.Chalayan, I.S.Braginskiy va O.Hojiyev kabi olimlar Sharqda ham oʻziga xos Renessans jarayoni mavjud boʻlganligini ilmiy dalillar asosida isbotlab berdi. Renessans ayni shu maʼnoda kuchli ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy asosda paydo boʻlgan “madaniy fenomen” yoki olamshumul evrilishdir.

Tarix sahnasida Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston Sharq Renessansi markazlaridan biri sifatida dovruq qozongan.

Prezidentimizning Uchinchi Renessans haqida soʻz yuritishi va uni mamlakatning siyosiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy masalasi sifatida kun tartibiga olib chiqishi, albatta, bejiz emas. Buning uchun bizda barcha asos mavjud. Ilgʻor fikrli, yangilikka intiluvchan, salohiyati baland, gʻayrat-shijoatli qatlam uchun ana shunday motivatsiya beradigan, ularni ulkan marralarga chorlaydigan, ruhlantiradigan gʻoya, rejali tizim va davlatning moddiy koʻmagi zarur edi. Bu koʻpchilikning koʻnglidagi gap, ayni muddao boʻlgani uchun uni keng jamoatchilik matbuotdagi chiqishlari, oʻzaro muloqot va nufuzli anjumanlarda qoʻllab-quvvatlamoqda.

Biroq, tabiiyki, har qanday maqsadga erishmoq uchun faqat yuksak orzu, ezgu muddaoning oʻzi kamlik qiladi. Katta va buyuk maqsadlar hammamizdan chuqur bilim, qattiq mehnat va fidoyilikni talab etadi. Bu, ayniqsa, taʼlim va ilm-fan sohasi vakillari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.

Prezidentimiz koʻp bor taʼkidlaganidek, uning birlamchi yechimi — yuksak taʼlim, izlanish, oʻrganish, ilm-fanda salmoqli yutuqlarga erishish, kashfiyotlar qilish va dunyoga yangitdan yuz ochishdir!

Davlatimiz rahbari bu borada ilk tashabbuskor sifatida aniq yoʻnalishni, olinadigan marrani, ilm olishdek mashaqqatli mehnat safari besh bosqich: bogʻcha, maktab, oliy oʻquv yurti, ilmiy tadqiqot muassasasi hamda oiladan iborat boʻlishini koʻrsatib berdi.

Qadim va azim Oʻzbekiston diyori necha asrlardan buyon ilm, madaniyat va hikmat manbai boʻlib, koʻplab olimu fuzalolarni, muhaddisu shayxlarni yetishtirgan, ilmu fan yutuqlarini butun olamga tanitgan va tarqatgan makon sanaladi.

Uchinchi Renessans oʻz-oʻzidan amalga oshadigan jarayon boʻlib qolmay, aksincha, katta mehnat, mashaqqat, vaqt va uzluksiz saʼy-harakatni talab etadi. Ayni paytda uning tamal toshi, poydevori qurilmoqda. Bunda, eng avvalo, oila muhim oʻrin tutadi.

Donishmandlarimiz taʼkidlaganidek, tarbiya bola tugʻilgan ilk kundan boshlanadi. Buning uchun oilalarimiz maʼrifati uchun qaygʻurishimiz, bepul kitob tarqatishni yana-da kengroq yoʻlga qoʻyish, mahalla va turli muassasalarda maʼnaviyat va maʼrifatni yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yana-da koʻproq tashkil etish, muayyan natijalarga erishayotgan oilalarni ragʻbatlantirishni kuchaytirish, ijtimoiy koʻmak (maʼlum muddatga gaz, svet, kommunal toʻlovlardan ozod qilish yoki moddiy yordam) koʻrsatish zarur.

Bugungi kunda maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlarining maʼrifiy saviyasi va zamonaviy pedagogik texnologiyalar bilan ishlash malakasi bugungi kun talablariga javob beradi, deb boʻlmaydi. Bunga ham maʼlum bir imtiyoz yoki ragʻbat orqali erishish mumkin boʻladi.

Umumiy oʻrta maktab taʼlimi sifatini oshirish borasida soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq bu borada hali qilinadigan ishlarimiz koʻpligi ham hech kimga sir emas. Bizningcha, birinchi galda oʻqituvchining sinflardagi faoliyatiga, yaʼni oʻquvchilarga qay darajada tushuntira olish mahorati, tushuntirish texnikasiga qarab baho berishni yoʻlga qoʻyish lozim. Bu esa maktablarda oʻqitish sifatining bosqichma-bosqich oshishiga olib keladi.

Bugungi kunda oliy oʻquv yurti va ilmiy-tadqiqot muassasalarida olib borilayotgan yangilik va oʻzgarishlar ham tahsinga loyiq. Ayni paytda, bu boradagi eng ogʻriqli masalalardan biri ilmiy muassasalar va maktab orasida uzviylikning yetishmayotganligidir. Bunga, ayniqsa, darsliklardagi notugallik yoki uzilishlar yaqqol misol boʻla oladi. Buning uchun mazkur uch dargohdagi darsliklar muvofiqligini taʼminlash zarur. Ilm-fanda erishilgan yutuqlar maktab va oliy oʻquv yurtlaridagi darsliklarda muntazam aks etishi lozim. Qolaversa, bu ilm-fan taraqqiyotini taʼminlaydigan muhim omildir.

Bu borada kamchiliklar va amalga oshirish lozim boʻlgan vazifalarimiz talaygina. Masalan, biz X-XII, XV asrlarda birinchi va ikkinchi Renessans davrini yuzaga chiqargan olimu fuzalolarimizning faqat nomlarini sanash yoxud roʻyxatini tuzishdan nariga oʻtmayapmiz. Ularning qaysi sohada qanday asarlar yozgani, qanaqa kashfiyotlar qilganini chuqur bilmaymiz. Olimu fuzalolarimizning ijodi, kashfiyotlari, jahon ilm-fani taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi, hayot va faoliyatini taʼlimning barcha bosqichida oʻqitish va oʻrgatishni yoʻlga qoʻ­yish lozim. Mutafakkir allomalarning bolalik chogʻlaridan bilimni qanday darajada oʻzlashtirganlarini bir yodga olaylik. Masalan, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek yoki Ali Qushchi Qurʼoni karimni oʻn yoshligidayoq yod olgan. Alisher Navoiy, Bobur ­Mirzo oʻsmirlik chogʻlaridayoq oʻz davri va oʻzidan oldin yashab oʻtgan shoirlarning 50-100 ming misra sheʼrini yoddan aytib bera olgan. Shu maʼnoda bolalarimizning bilim olish koʻnikmasini shakllantirishga jiddiy eʼtibor qaratish zarur. Zehni oʻtkir bola har qanday fanni tez oʻzlashtira oladi. Zero, Renessans davri olimlarining qomusiyligi, yaʼni bir vaqtning oʻzida bir necha fan yoxud sohada olamshumul yutuqlarga erishganining asosiy sabablaridan biri ham bolalik chogʻlaridan ilm olishga boʻlgan katta ishtiyoqidan.

Albatta, kutilgan yutuq va natijalarga faqat orzu-niyat yoxud havas bilan erishib boʻlmaydi. Bular yaxshi xulq, tartib-intizom, oʻqish, chuqur bilim, gʻayrat va shijoat bilan qoʻlga kiritilishini yosh avlod ongiga qayta-qayta singdirish lozim.

Dunyo tajribasidan maʼlumki, bilim olishdagi muntazamlik, oʻqilganlarni qayta mulohaza qilish, mustaqil fikrlash va yangilikka intilish tuygʻusi barcha yutuq va muvaffaqiyatlarga eshik ochadi.

Darhaqiqat, ilm buyuk kuch. Mamlakatni ham, insonni ham taraqqiy ettiruvchi tayanchdir. Bugungi Oʻzbekistonda yoshlar ilm olishi uchun imkoniyatlar koʻlami kun sayin kengayib borayotir. Har yili xalqaro fan olimpiadalarida yetakchi oʻrinni egallayotgan iqtidorlar safi koʻpaymoqda. Modomiki shunday ekan, hech ikkilanmay aytish joizki, bizda Uchinchi uygʻonish davri uchun poydevor va barcha asos mavjud.

Xolmuhammad Xurramov,

Toshkent viloyati Boʻka tumanidagi “Toshloq” jome masjidi imom-xatibi