Har qanday jamiyatni qudratli, millatni esa ulugʻ qiluvchi kuch ilm-fan, taʼlim-tarbiyadir. Bugungi kunda oliy taʼlim sohasida asosiy eʼtibor, avvalo, talabalikka qabul qilish qamrovini yanada kengaytirish, jahon standartlariga mos kadrlarni tayyorlash, institut va universitetlar imkoniyatlarini oshirish hamda professor-oʻqituvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilmoqda.

Yurtimizda taʼlim sohasini tubdan yangilash, xalqaro standartlarga integratsiyalash, shuningdek, mehnat bozori talablariga javob beradigan yuksak salohiyatga ega mutaxassis k adrlarni tayyorlash yuzasidan hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar alohida ahamiyatga ega.

Shu yil 16-iyun kuni oliy taʼlim tizimidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida oliy oʻquv yurtlarida taʼlim va boshqarish jarayonini toʻliq raqamlashtirish zarurligi alohida taʼkidlandi. Tizimdagi rahbarlarga barcha kuch va resurslarni asosan toʻrtta dolzarb vazifaga qaratish yuzasidan koʻrsatmalar berildi. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti kengashi, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-oʻqituvchilar ishtirokida videoselektorda qayd etilgan masalalar har tomonlama muhokama qilindi. Oldimizga juda katta marralarni qoʻydik.

Birinchidan, mavjud kafedralarning barcha yoʻnalishlar boʻyicha faoliyati tanqidiy nuqtayi nazardan oʻrganilmoqda. Har bir kafedraning tarkibiy tuzilishi, ayniqsa, kafedra mudirlarining kompetensiyasiga alohida urgʻu berilmoqda. Bundan tashqari, ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirish, zamonaviy menejment talablari asosida tashkil etish, ilmiy faoliyat hisobidan kelib tushadigan mablagʻlarni shu yil oxiriga qadar 10 milliard soʻmga yetkazishni oʻz oldimizga vazifa sifatida belgilab oldik.

Ikkinchidan, taʼlim jarayonini bozor talablariga moslashtirib, ishlab chiqarish bilan integratsiyasini taʼminlash hamda talabalarning mustaqil faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlar yaratish yuzasidan muayyan ishlar rejalashtirildi. Jumladan, talabalarni qayerga ishga yuborish, buning uchun kadrlar buyurtmachilari bilan oʻn yillik shartnomaga ega boʻlish kerakligi vazifasi qoʻyildi. Mazkur vazifani bajarish uchun, avvalo, talabalarning amaliyoti, oʻquv dasturi, amaliyot obyektlari bilan tuziladigan hamkorlik shartnomalarini qayta koʻrib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda. Oʻquv dasturlarida amaliyotga ajratilgan soatlarni oshirish, talabalarning kelgusida ish bilan taʼminlanishini nazarda tutuvchi, universitet va ishlab chiqarish korxonalari uchun oʻzaro teng manfaat keltiruvchi mexanizmlar yaratish talab etilmoqda. Mana shunday korxonalar bilan strategik shartnomalarni amalga oshirishda, eng avvalo, mazkur masalalar yechimini diqqatimiz markazida tutishimiz zarur. Buning uchun kafedralar muayyan soha boʻyicha hududda haqiqiy lokomotiv sifatida oʻzini koʻrsata olishi, kafedralarda mohir uslubiyatchilar faoliyat olib borishi zarur.

Uchinchidan, universitet oʻquv jarayoni va ilmiy-tadqiqot faoliyati boʻyicha kafedralarning har biri kamida ikkita nufuzli chet el oliy taʼlim muassasasining kafedralari bilan hamkorlik oʻrnatishi boʻyicha ish olib borilmoqda. Har yili kafedralardan kamida bir nafar professor-oʻqituvchini chet elda malaka oshirishga yuborish yuzasidan tavsiyalar berildi. Kafedralarda xalqaro bazalardan maʼlumot olish, Scopus, Web of Science, Elsevier, Springer bazalaridan foydalanish yuzasidan jiddiy qadamlar qoʻyilmoqda.

Toʻrtinchidan, professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun qogʻozbozlikni kamaytirish, sohani raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani bartaraf etish vazifasidan kelib chiqib, sohani raqamlashtirish ishlari qayta koʻrib chiqilmoqda. Ilmiy-tadqiqotlardagi plagiatlik bilan bogʻliq holatlarni aniqlovchi firmalar bilan shartnomalar tuzish yuzasidan amaliy ishlar yoʻlga qoʻyilmoqda. Universitetda oʻquv, ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda olib borilayotgan ishlar natijalarini ijtimoiy tarmoqlarda targʻib qilish yuzasidan yangi vazifalar belgilab olindi. Hozir muassasamizda olib borilayotgan ishlarni ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻib qilish boʻyicha universitetning rasmiy veb-saytiga jurnalistika kafedrasining tajribali professor-oʻqituvchilari masʼul etib biriktirilgan.

Oliy taʼlim muassasalariga akademik va tashkiliy-boshqaruv yuzasidan mustaqil qaror qabul qilish vakolatining berilishi muammolar yechimiga qaratilgan eng toʻgʻri yoʻl hisoblanadi. chunki bundan keyin oʻquv rejalari va adabiyotlar, oʻquv dasturlarini tayyorlash, professoroʻqituvchilarning oʻquv yuklamalari hamda taʼlim shakllarini belgilash masalasini oliy taʼlim muassasasi boshqaruv kengashi hal qiladi.

Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyati masalasiga alohida eʼtibor qaratilar ekan, bu yoʻnalishda keyingi yildan doktoranturaga kvotalar sonini ikki baravarga oshirish, undan keyingi yillarda har yili 50 foizga oshirib borish nazarda tutilmoqda. Buning uchun har yili byudjetdan qoʻshimcha 100 milliard soʻm, har bir tarmoq oʻz sohasiga tegishli oliy oʻquv yurtlariga doktorantlar kvotalari uchun yana 100 milliard soʻm ajratishi mamlakatimiz ilm-fanining yanada rivojlanishi  yoʻlidagi ishonchli qadam boʻldi.

Muxtasar qilib aytganda, oliy taʼlim mamlakatning ertangi kunini belgilab beradigan, ijtimoiy hayotning barcha sohalarini rivojlantirishda hal qiluvchi vazifani bajaruvchi asosiy omil hisoblanadi. Jamiyatda oliy maʼlumotga ega, salohiyatli mutaxassislar qancha koʻp boʻlsa, taraqqiyot shunchalik tez va samarador boʻladi. Taʼlim sifati oshsa, har bir sohada oʻzgarish, taraqqiyot kuzatiladi.