Olib qochilgan avtomashina metallolomdan topildi

    Toshkent viloyatida shu yilning 30-mart kunidan 31-mart kuniga oʻtar kechasi nomaʼlum shaxs 69 yoshli S.S.ga tegishli boʻlgan “VAZ-2101” rusumli avtomashina olib qochildi.

    Maʼlum boʻlishicha, mazkur avtomashina T.Bning uyi eshigi oldidan oʻgʻirlangan.

    Transport vositasi shu kungacha Yuqorichirchiq tumani Bunyodkor koʻchasida yashovchi 27 yoshli T.B.ning boshqaruvida boʻlgan.

    Mazkur holat yuzasidan Yuqorichirchiq tuman IIB huzuridagi TB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida, mazkur jinoyatni 20 yoshli R.M. sodir etgani, u davlat raqam belgilarini yechib, Yuqorichirchiq tumani Farovon mahallasida joylashgan xonadoniga olib borib 2.000.000 soʻm pul evaziga metallolom sifatida sotib yuborgani aniqlandi. Mazkur xonadon koʻzdan kechirilganida, jabrlanuvchiga tegishli avtomashina qismlarga boʻlingan holatda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirildi.