18-dekabr soat 23:50 da nomaʼlum shaxslar Namangan shahar Istiqbol MFY 1-Barkamol koʻchasi 29-uyda joylashgan “Dilrabo Fayz” oilaviy korxona oldida Foziljon ismli fuqaro tomonidan qoldirilgan “Spark” rusumli avtomashinani nomaʼlum tomonga olib qochib ketgan.

Maʼlum boʻlishicha, avtomashina egasining transport vositasining kalitini oʻzida qoldirib, korxonaga kirib ketishi olib qochuvchilarga qoʻl kelgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni voyaga yetmaganlar 14 yoshli Sherzod, 16 yoshli Akmal, 15 yoshli Neʼmatjon, hamda 16 yoshli Bilollar sodir etilganligi aniqlanib, “Spark” rusumli avtomashina esa Istiqbol mahallasida “Vaz-2106” avtomashinasi bilan YTH sodir qilgan holatda topilgan.

Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Namangan shahri boʻyicha IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “b” bandi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Dastlabki tergov jarayonida, 14 yoshli Sherzod, 16 yoshli Akmal, 15 yoshli Neʼmatjon va 16 yoshli Bilollar jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib 14 yoshli Sherzod, 16 yoshli Akmal, 15 yoshli Neʼmatjonlarga nisbatan “uy qamogʻi” tarzidagi, 16 yoshli Bilolga nisbatan esa “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.