DentalSlim Diet Control — bu bemorlarning yuqori va pastki orqa tishlariga yopishtiriladigan magnitlangan biriktirma. Uning yordamida odam ogʻzini atigi ikki millimetrga ochishi mumkin, bu koʻp ovqat yeyishning oldini oladi, lekin suhbatga yoki nafas olishga xalaqit bermaydi.
Qurilmani oʻzlarida sinab koʻrishga rozi boʻlgan Danidin shahrilik koʻngillilar ikki hafta ichida oʻrtacha 6,36 kilogramm vazn yoʻqotdi va ushbu texnikadan foydalanishni davom ettirish niyatida. Tajriba davomida ular kaloriya miqdori kuniga 1200 kilokaloriyani tashkil etadigan maxsus parhezga rioya qilishdi.
Otago Universitetining Twitterdagi akkauntida mualliflar semirish epidemiyasiga qarshi kurashishda yordam beradigan dunyodagi birinchi vazn yoʻqotish moslamasini ixtiro qilganliklarini taʼkidladi. Ammo ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu ishlanmani “qiynoq vositasi” deb atashdi.
Biroq, loyiha mualliflari taʼkidlaganidek, gʻoya “bemorlarning ogʻzini har qanday yoʻl bilan yopish”ga yoʻnaltirilmagan, maqsad yangi odatlarni shakllantirishdir.
“Vaznni yoʻqotish paytida odamlar uchun eng katta muammo bu qatʼiy koʻrsatmalarga rioya qilishdir. Bizning qurilmamiz ularga maʼlum vaqt davomida kam kaloriya parhezga rioya qilish orqali yangi odatlarni rivojlantirishga yordam beradi” — deya tushuntirdi loyihaning yetakchi tadqiqotchisi Pol Branton.
Uning soʻzlariga koʻra, qurilma tish shifokori tomonidan oʻrnatiladi va har qanday kishi uni maxsus vosita yordamida tezda olib tashlashi mumkin.